Yevropa Ittifoqi Rossiya tomonidan Qrim avtonom respublikasi va Sevastopolda mintaqaviy va mahalliy saylovlar o‘tkazilganini qoraladi. «Yevropa Ittifoqi Qrimdagi bu «saylovlar»ni va ularning natijalarini tan olmaydi, ular yuridik kuchga ega emas va hech qanday huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin emas», dedi 9 sentabr, dushanba kuni Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati matbuot kotibi. Bryussel bu voqeani Rossiya tomonidan xalqaro huquq, BMT Nizomi, Ukraina suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligining navbatdagi buzilishi sifatida baholamoqda.
«Rossiya rahbariyati va ushbu noqonuniy xatti-harakatlarni uyushtirganlar javobgarlikka tortiladi va jazolanadi», — deyiladi bayonotda.
Bryussel Qrim Ukrainaga tegishli ekanligini eslatib, BMT Bosh assambleyasi 2014 yil 27 martdagi rezolyutsiyasida Moskvaning Ukraina milliy birligi va hududiy yaxlitligini buzishga qaratilgan harakatlari noqonuniy deb e’lon qilinganini ta’kidladi.
«Bu urushdan chiqishning yagona aniq yo‘li bor: Rossiya Ukrainaga qarshi noqonuniy, asossiz urushini zudlik bilan to‘xtatishi va Ukraina hududidan xalqaro tan olingan chegaralari doirasida barcha kuch va harbiy texnikani olib chiqib ketishi kerak», - deya xulosa qiladi Peter Stano.
Kiyev Qrimdagi saylovlarni qoraladi
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida Qrim yarimorolida o‘tkazilgan saylovlarni tanqid qildi. Ovoz berish fars va xalqaro huquqning buzilishi bo‘lib, saylovchilarning xohish-irodasiga hech qanday aloqasi yo‘q edi va shu sababli o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi, dedi Ukraina Tashqi ishlar vazirligi.
Saylovda qatnashgan siyosatchilar Ukraina tomonidan hech qanday qonuniylashtirilmagan va saylovni tashkillashtirishda ishtirok etganlar javobgarlikka tortiladi, deya ogohlantirdi Kiyev.