Tramp va Harrisning ilk debati. Unda saylov taqdiri hal bo‘lishi mumkin

Jahon 20:55 / 10.09.2024 15099

Toshkent vaqti bilan 11 sentabr kuni soat oltida ABC telekanalida Kamala Harris va Donald Tramp o‘rtasida ilk, katta ehtimol bilan bu saylovdagi yagona debat boshlanadi. Aynan shu to‘qnashuv poyga taqdirini hal etishi mumkin: hozirda, agar ijtimoiy so‘rovlarga qaralsa, nomzodlardan hech biri yaqqol favorit hisoblanmayapti. «Meduza» debatlar qanday tashkillashtirilgani — va Tramp va Harrisdan nimalar kutish mumkinligi haqida yozdi.

Harris kampaniyaning ilk oyini ideal o‘tkazdi. Va darhol deyarli poyga favoritiga aylanib oldi

Iyun oyida Jo Bayden va Donald Tramp o‘rtasida o‘tkazilgan debatlar rekord darajada erta o‘tkazilgan debat bo‘lgandi — so‘nggi o‘n yillar mobaynida nomzodlarning yuzma-yuz bahsi faqat sentabr oyi o‘rtalariga kelib o‘tkazilgan — va misli ko‘rilmagan darajada muhim bo‘lgan. Bir yarim soat davomida amalda biror fikrini to‘liq bayon eta olmagan Baydenning muvaffaqiyatsizligidan keyin uning reytingi keskin tushib ketdi. Partiyadoshlari amaldagi prezidentni nomzodini qaytarib olishga ko‘ndirish bilan bandligida, Tramp poyganing yaqqol favoriti bo‘lib ko‘rina boshladi — ayniqsa, suiqasdni boshdan kechirganidan keyin.

Ammo iyul oyi oxiriga kelib demokratlar baribir Baydenni poygadan chiqishga ko‘ndira olishdi — u esa nomzodini qaytarib olishini e’lon qilarkan, vitse-prezident Kamala Harris nomzodini qo‘llashini aytdi. Harris 2019 yilgi praymeriz vaqtida Baydenga raqiblik qilgan, ammo prezidentlik kampaniyasini yaxshi olib bora olmagandi — ammo bu safar butunlay boshqacha harakatlandi. Ilk haftalar uning uchun deyarli ideal kechdi.

Demokratlarning tarafdorlari dastlabki kunda uning shtabi uchun 81 million dollar xayriya qildi — bu tarixda ikki asosiy partiyadan istalgan birining nomzodi uchun 24 soat ichida yig‘ilgan eng ko‘p mablag‘ bo‘ldi. O‘n kun ichida summa 310 million dollarga yetdi, avgust oyi oxiriga kelib Harrisning shtabi yiqqan mablag‘ miqdori 615 million dollarni tashkil etayotgandi. Yanada muhimrog‘i, bu donorlarning aksari umrida ilk bor biror siyosatchiga xayriya qilishi edi.

Demokratlarning tarafdorlaridagi ishtiyoq ijtimoiy so‘rovlarda ham aks etdi: agar iyul oyi boshida demokratlarning faqat 37 foizi o‘z nomzodiga «ishtiyoqmand» ekanini bildirgan bo‘lsa, oy oxiriga kelib  bundaylar — 81 foizga yetdi. Bundan tashqari, hal qiluvchi shtatlarning barchasida ro‘yxatga olingan saylovchilar orasidagi demokratlar ulushi keskin ko‘tarildi.

Harrisning o‘zi mitinglariga juda ko‘p odam yig‘a oldi — masalan, uning Arizonadagi chiqishini kuzatish uchun 15 ming kishi keldi. Demokratlar bu shtatda 2008 yil Barak Obamaning kampaniyasidan buyon bu qadar ko‘p odam yig‘a olmagandi.

Chikagodagi quroltoy muvaffaqiyatli kechdi:  to‘rt kunda ham televizion reyting respublikachilarning qurultoyidagidan yuqori bo‘ldi. Qolaversa, shtatlar delegatlari rasman uning nomzodini tasdiqlash uchun ovoz berayotganida, Harris «ikkilanuvchi» shtatlardan biri Viskonsinning eng yirik shahri Miluokidagi katta arenada miting o‘tkazdi — miting iyul oyida respublikachilar qurultoyi o‘tkazilgan zalni ham qamrab oldi.

Bir kun o‘tib, 22 avgust kuni, Kamalaning o‘zi qurultoyda chiqish qildi. U o‘z dasturiy nutqida «teng imkoniyatlar iqtisodiyoti»ni yaratishga chaqirdi, Ukrainani qo‘llashda davom etishni va «Amerika hamisha dunyodagi eng kuchli, eng ajalvor armiyaga ega bo‘lishini ta’minlash»ga va’da berdi.

Bularning bari Harrisni saylov favoritiga aylantirdi — avgust oyi boshida matematik modellar uning g‘alabasi ehtimolini Trampning imkoniyatlariga qaraganda yuqoriroq baholay boshladi. Shundan keyingi davrda Harrisni Dik Cheyni ham qo‘llab-quvvatlab chiqdi — u 2001-2009 yillarda respublikachi kichik Jorj Bushning vitse-prezidenti bo‘lgandi! Ammo uning ijtimoiy so‘rovlardagi natijalari pasaydi. Katta ehtimol bilan, buning asosiy sababi, ilk haftalardagi muvaffaqiyatlardan keyin uning tarafdorlaridagi tabiiy pasayish edi — ammo respublikachilar tashlagan qadamlar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmagan.

Tramp suiqasddan keyingi yangi qiyofa o‘ylab topa olmadi — va Harrisdan ortda qoldi. Ammo uni quvib yetish yo‘lini topdi

Trampga suiqasd 13 iyul kuni, Respublikachilar partiyasi qurultoyi boshlanishiga ikki kun qolganida sodir etilgandi. Uning tarafdorlari qotillikka urinishdan keyin milliarder o‘zgarishi mumkinligiga ishora qilishdi: kamroq radikal bo‘lishi, «o‘z trampizmini mo‘’tadillashtirishi» va mamlakatning butun e’tiboridan o‘ziga yangi tarafdorlar jalb etishda foydalanishini. Aytishlaricha, Trampning shtabi qurultoyda chiqish qiladigan respublikachilardan o‘z nutqlaridan demokratlarga qarshi qaratilgan eng qattiq so‘zlarni olib tashlashni ham talab qilgan.

Shunga qaramay, Tramp o‘zgara olmadi (yoki buni istamadi): u qurultoydagi nutqini o‘ziga qilingan suiqasdni hissiyotga berilgan holda, ta’sirli so‘zlarda ta’riflash bilan boshladi, ammo keyin ssenariydan chetga chiqib, bir soatdan ortiq vaqt davomida eski ginalarni eslab o‘tdi — go‘yoki oldingi saylovda g‘oliblikni o‘g‘irlashgani, o‘ziga qarshi ochilgan jinoiy ishlar va noo‘rin tanqidlar. Tabiiyki translatsiya reytingi pastga quladi.

Ammo Tramp o‘ziga vitse-prezident sifatida Jyey Di Vensni tanlagani asosiy zarba bo‘ldi. Ohayolik yosh senator ko‘p masalalarda radikal pozitsiya tanlagan: u abortni taqiqlash tarafdori, Trampning 2020 yilgi saylov natijalari soxtalashtirilgani haqidagi so‘zlarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda farzand ko‘rmagan ayollarni tanqid qiladi.

Qolaversa, Vens saylovoldi safarlari chog‘ida o‘ziga ishonchi yuqori ko‘rinmadi — masalan, Jorjiyada shirinlik sotib olayotganida noqulay holatga tushdi. Sotuvchi uni tanimadi va u o‘zini tanishtirganidan keyin ham bunga loqayd qaradi va u bilan suhbatni davom ettirishni istamadi. Intervyularidan birida siyosatchi Tramp unga vitse-prezidentlik lavozimini taklif etish uchun qo‘ng‘iroq qilganida, o‘g‘li diqqatini jamlashga xalal bergani va shundan keyin boladan «orqasini qisishi»ni so‘raganini aytib berdi; boshqa intervyusida — noqonuniy migrantlarni deport qilish bo‘yicha chaqirig‘ini Martin Skorsezening «Nyu York to‘dalari» filmi syujyeti bilan «asosladi» (filmda esa etnik jinoiy guruhlar tasvirlangan).

Tramp Harrisning reytingi o‘sishini og‘ir qabul qildi. Masalan, sobiq prezident Kamala faqat ovoz olish uchun o‘zini afroamerikalik qilib ko‘rsatayotgani haqida gapirdi. Respublikachilar nomzodi mitinglarda maslahatchilari undan raqibi shaxsiyatiga hujum qilishni emas, dastur haqida gapirishni so‘rayotganini muhokama qildi — va tarafdorlarini navbatdagi hujumlarini olqishlashga chaqirdi.

Ammo hammasidan ham Harrisning mitinglari uniki kabi katta bo‘layotgani uni ranjitardi; Tramp chinakamiga ko‘p tarafdorlarni faqat u yig‘a olishini (go‘yoki bundan oldin faqat Martin Lyuter King shu kabi ko‘p odam yig‘a olgan) — demokratlarning mitinglaridan panoramalar esa sun’iy intellekt tomonidan chizilganini aytadi.

Bu fonda Harris faqat uch foiz oldinda edi — ammo keyingi haftalarda nomzodlarning ko‘rsatkichi deyarli tenglashib qoldi.

Trampga birinchi navbatda kichik Robert Kennedi poygadan chiqishi yordam berdi. Antivakser va konspirolog bo‘lgan ushbu siyosatchi saylovda «uchinchi nomzod» sifatida qatnashayotgandi va o‘tgan yil bahorida mashhurlashib, ayrim so‘rovlarda 15 foizgacha ovoz olgandi — ammo joriy yil martidan uning reytingi qulay boshladi. Trampga suiqasd sodir etilgan kechada u respublikachilar nomzodiga poygadan chiqishni taklif etayotgandi — vazirlar kabinetidagi lavozim evaziga. Ammo Harris o‘z nomzodini qo‘yganidan keyin kichik Kennedi demokratlarning ovozini olishni to‘xtatdi — 23 avgust kuni u baribir poygani tark etdi va tarafdorlarini Trampni qo‘llashga chaqirdi.

Bundan tashqari, yoz oxirida Tramp kutilmaganda o‘zining ilk muvaffaqiyatli qarshi hujumini uyushtirdi. 26 avgust kuni u Arlington qabristonidagi xotirlash marosimida ishtirok etdi — uni 2021 yil Kobul aeroportida ro‘y bergan terakt vaqtida halok bo‘lgan amerikalik askarlarning oilalaridan ayrimlari taklif qilgandi. Tramp bilan birga fotograf va operator ham keldi, ammo, siyosatchi Noma’lum askar yodgorligidan qabrlar tomon harakatlanganida qabriston xodimi s’yomkaga xalal berishga urindi. Nomzodning yordamchilari esa u bilan dahanaki janjal uyushtirdi.

Shunga qaramay, respublikachilar nomzodi burilish yasay oldi — u demokratlarni halok bo‘lgan askarlar xotirasiga beparvolik va qabristonga kelmaslikda aybladi. Bu unga nafaqat katta vatanparvar bo‘lib ko‘rinishga, balki Amerika qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilishidagi muvaffaqiyatsizlikka Harrisni javobgar qilishga ham imkon berdi. Shundan keyin Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida halok bo‘lgan askarlarning qarindoshlarining o‘zini qo‘llab bildirgan bayonotlarini birin-ketin e’lon qildi.

Debatlar poygani hal qilishi deyarli aniq. Nomzodlar uni qanday o‘tkazmoqchi?

Tramp va Harris bungacha biror marta yuzma-yuz kelmagan va hatto telefon orqali ham gaplashishmagan. Endi ular bir yarim soatni birga o‘tkazishadi — Filadelfiyadagi studiyada tomoshabinlar bo‘lmaydi, faqat ABC kanalining ikki boshlovchisi bo‘ladi. Nomzodlarning mikrofonlari raqibi so‘zlayotgan vaqtda o‘chiq turadi. Bu qoida bo‘yicha may oyida kelishib olingandi, o‘shanda Baydenning shtabi kutilmaganda Trampni iyun va sentabr oylarida debatlar o‘tishga chorlagandi.

Bayden uchun qulay bo‘lgan bu sharoit Harris uchun u qadar qulay emas — va so‘nggi haftalarda uning shtabi mikrofonlar bo‘yicha kelishuvni bekor qilishga urindi. Katta ehtimol bilan, Baydenning maslahatchilari u Tramp tashlaydigan luqmalarga dosh bera olmaydi deb hisoblashgandi, Harris esa, aksincha, raqibini qo‘pol va besaranjom ko‘rsatishni istaydi. Respublikachilar ikki variantga ham roziligini bildirgandi — ammo ABC avvalboshdan bo‘lgan kelishuvga amal qiladigan bo‘ldi.

Ikki nomzodning ham shtablari oldindagi debatlar kampaniyadagi hal qiluvchi nuqta bo‘lishiga amin. Saylovchilarning qariyb uchdan bir qismi Harris haqida ko‘proq bilishni istaydi — bu esa aynan debatlar ularni demokratlar nomzodiga munosabatini aniqlab olishga majbur qilishini anglatadi. Ikki nomzodda ham tayyorlanishga taxminan bir hafta vaqt bo‘ldi — ammo ular munozaraga turlicha tayyorlanishdi. Harris besh kun davomida Pitsburgdagi otelda maslahatchilar bilan birga qamalib oldi: ulari studiyadagi vaziyatni imitatsiya qilishdi, Tramp rolini Filipp Reyns o‘ynadi, ushbu mulozim 2016 yilda ham Hillari Klinton debatga tayyorlangan chog‘da shu ishni bajargandi.

Tramp esa, aksincha, boshlovchilarning o‘tkir savollariga javob berishni mashq qildi — Harris bilan ehtimoliy muloqotni emas. Shunisi ma’lumki, maslahatchilar respublikachi nomzodni debatda «g‘azabnok, bezori Tramp emas, balki baxtiyor Tramp» bo‘lib ko‘rinishga undamoqda. Ular o‘z nomzodi Harrisga bosim o‘tkazishga kirishib ketishidan — va juda tajovuzkor yoki takabbur bo‘lib ko‘rinishidan xavotirda: o‘zaro suhbatlarda Tramp muntazam ravishda Harris ahmoq deb ataydi va uni eslaganida seksistlarcha ritorikadan foydalanadi.

Lekin uning shtabidagilar bu mag‘lubiyatli taktika ekanini anglab turibdi: Tramp Harrisni saylovchilarning ko‘ngli qolgan Baydenga «bog‘lashi» kerak. Katta ehtimol bilan, respublikachilar nomzodi Kamalani inflatsiya o‘sishi, migratsiya inqirozi, Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlarda ayblaydi.

Harris esa, jurnalistlarning xabarlariga ko‘ra, debatlar vaqtida o‘zini o‘ta xotirjam tutishni rejalashtirmoqda — va Tramp o‘zidan ketishiga umid qilmoqda (Politico nashri demokrat nomzod shtabidagi manbaga tayanib, u dastlab Trampning so‘zlarini bo‘lib qo‘yish va «faktcheking» qilishni rejalashtirgani, ammo mikrofon faqat gapirayotgan tomonda yoniq bo‘lishini bilganidan keyin bu rejadan voz kechgani haqida xabar bergan).

Vitse-prezidentning maslahatchilari Hillari Klintonning 2016 yilgi saylovlardagi strategiyasi — Trampni seksist va irqchi deb atash — ish bermasligini tushunib turibdi. Katta ehtimol bilan, Harris respublikachilar nomzodi demokratiyaga xavf tug‘dirishini ta’kidlab keladigan Baydenning ritorikasidan ham foydalanmaydi. Uning shtabi o‘ylab topgan yangicha yondashuv — Trampni faqat o‘zi va boshqa boylar haqida qayg‘uradigan eskicha konservator qilib ko‘rsatishdan iborat.

Ko‘proq yangiliklar: