10 sentabrga o‘tar kechasi Rossiyaning to‘qqiz regioni ukrain dronlarining keng ko‘lamli hujumiga yo‘liqdi. Rossiya mudofaa vazirligi 144 ta dron urib tushirilgani haqida xabar qilgan. Uchuvchisiz uchar qurilmalardan biri Moskva oblastidagi Ramenskiy rayonidagi ko‘p qavatli binoga kelib urilgan, bir ayol halok bo‘lgan.
Moskva shahri meri Sergey Sobyanin poytaxtga hujumda 15 dan ortiq dron ishtirok etgani haqida xabar bergan. Uchuvchisiz uchar qurilmalar hujumi to‘g‘risidagi ilk xabar Sobyaninning telegram-kanalida Moskva vaqti bilan soat 02:32 da paydo bo‘lgan. Merning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari Moskva oblastining Lyubersi, Ramenskoye, Podolsk, Domodedovo va Kolomna shahar okruglarida dronlar hujumini qaytargan. Troitskiy ma’muriy okrugida dron parchalari xususiy uy hududiga tushgan, jabrlanganlar yo‘q. Bundan tashqari, parchalar Jukovskiy aeroporti hududiga tushgan.
Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, Ramenskiyda «dronlar hujumini qaytarish» chog‘ida ko‘p kvartirali uyning 11- va 12-qavatlarida yong‘in chiqqan. Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobyovning aniqlik kiritishicha, yong‘in Sportivniy proyezdidagi uyda ro‘y bergan. Avvaliga Vorobyov to‘qqiz yoshli bola halok bo‘lgani haqida ma’lumot bergandi, ammo keyinroq uning o‘zi bu ma’lumotni rad etdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 46 yoshli ayol halok bo‘lib, uch kishi jarohatlangan, ular shifoxonaga yotqizilgan.
Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, yana bir dron parchalari Visokovoltnaya ko‘chasiga tushib, 9-qavatdagi kvartirani shikastlagan, bir kishi yaralangan. Evakuatsiya qilingan aholi vaqtincha bo‘lib turish punktiga joylashtirilgan. Astra telegram-kanali xabar qilishicha, dronlardan biri Ramenskiy rayonidagi Staxanovskaya ko‘chasiga tushgan.
Sportivniy proyezdda 54 kvartira shikastlangan, deb xabar bergan gubernator Andrey Vorobyov. Visokovoltnaya ko‘chasidagi uyda beshta balkonda yong‘in ro‘y bergan, ammo olov kvartiralar ichkarisiga o‘tmagan. Mutaxassislar dronning qulagan parchalarini zararsizlantirmagunicha bu uy atrofidagi beshta uy aholisi vaqtincha evakuatsiya qilingan. Vorobyov hukumat kvartiralarni tiklash va ta’mirlash xarajatlarini o‘z zimmasiga olishi, shuningdek shikastlangan buyumlar uchun zararni qoplab berishini va’da qilgan.
«Kaspiyskiy gruz» guruhi vakili bo‘lgan reper Brutto (haqiqiy ismi — Timur Odilbekov) Ramenskiydagi Visokovoltnaya ko‘chasida dron qulashi oqibatlarini videoga olgan. Musiqachining kvartirasi hujum vaqtida shikastlangan.
Ramenskiy shahar okrugi Prudki qishlog‘ida dron xususiy uylar yaqinidagi o‘rmonga qulagan, deb xabar beradi Mash telegram-kanali. Manba ma’lumotiga ko‘ra, Prudkida ikki kishi jarohatlangan.
Telegram-kanallar Moskva chekkasidagi Jukovskiy aeroportida dronlar hujumidan keyin boshlangan yong‘in videoyozuvini ham tarqatgan.
Dronlar hujumi vaqtida Moskvaning Vnukovo, Domodedovo va Jukovskiy aeroportlari samolyotlarni qabul qilish va jo‘natishni vaqtincha to‘xtatgan. Vnukovoda soat 01:30 dan cheklovlar joriy etilganini xabar qilishgan. Vnukovoda 30 dan ortiq xalqaro va ichki reyslar, Domodedovoda 13 reys zaxira aeroportlariga yo‘naltirildi, deb xabar bergan RIA Novosti. Soat 08:00 atrofida Rosaviatsiya cheklovlar bekor qilingani haqida e’lon qildi, idoraga ko‘ra, tunda zaxira aerodromlariga jami 48 reys yo‘naltirilgan. Tataristonning Qozon shahridagi aeroportda ham parvozlarga cheklovlar joriy etilib, ikki samolyot zaxira aerodromiga qo‘nishiga to‘g‘ri kelgan.
Rossiyaning yana sakkiz regionida dronlar hujumi kuzatilgan
Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz ham telegram-kanalida hududga dronlar hujum qilgani haqida xabar bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari tun davomida 72 ta uchuvchisiz uchar qurilmani tutib qolgan yoki yo‘q qilgan. Bogomazning tasdiqlashicha, barcha hujumlar qaytarilgan, jarohat olganlar va vayrongarchiliklar yo‘q.
Tula oblastida RF mudofaa vazirligining havo hujumidan mudofaa kuchlari ikkita dronni yo‘q qilgan, deb xabar beradi TASS Tula oblasti mintaqaviy xavfsizlik vazirligi matbuot xizmatiga tayanib. Dron parchalari yonilg‘i-energetika kompleksi obektlaridan biriga tushgan, jabrlanganlar yo‘q, energiya uzatilishi to‘xtatilmagan.
Kursk oblasti gubernatori Aleksey Smirnov Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari tun davomida ukrain armiyasining «yopirilma zarbalarini qaytargani» haqida ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oblast hududi ustida ukrainlarning 12 ta droni urib tushirilgan. Smirnov hujum oqibatlariga to‘xtalmagan.
Kaluga oblastida, region gubernatori Vladislav Shapsha xabar berishicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari tunda Jukovskiy, Maloyaroslavetskiy va Dzerjinskiy rayonlarida yettita dron hujumini qaytarganini aytgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hech kim jarohatlanmagan, infratuzilma vayron bo‘lishi qayd etilmagan.
Voronej oblastida havo hujumidan mudofaa kuchlari va radioelektron kurash vositalari region chegarasida ukrainlarning samolyot tipidagi beshta dronini to‘xtatdi, deb xabar bergan gubernator Aleksandr Gusev. Uning so‘zlariga ko‘ra, quruqlikda jabrlanganlar va vayrongarchiliklar bo‘lmagan.
Havo hujumidan mudofaa kuchlari Lipetsk oblastining Yeletsk rayoni, Lipetsk va Volovskiy munitsipal okruglarida uchuvchisiz uchar qurilmalarni bostirgan, deb xabar bergan region rahbari Igor Artamonov. Halok bo‘lganlar va yaralanganlar yo‘qligi aytilgan.
Orlov oblasti gubernatori Andrey Klichkovga ko‘ra, ukrainlarning bitta droni urib tushirilgan, jabrlanganlar va shikastlanish holatlari yo‘q. Belgorod oblastida tunda va tongda raketa hujumi xavfi tufayli trevoga e’lon qilingan, oqibatlar haqida xabar berilmagan.
9 sentabr kuni kechqurun Qrim yarimorolidagi Oktyabrskoye qishlog‘ida portlashlar sodir bo‘lgani haqida ma’lumot berildi. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, u yerda joylashgan Rossiya harbiylari Saki aerodromidan aviatsiyani havoga ko‘tardi.
Bundan tashqari, Rossiya monitoring kanallari Tarxankut buruni yo‘nalishida va undan sharqda uchuvchisiz uchish qurilmalari uchirilishi ehtimoli haqida xabar berishdi.
RF mudofaa vazirligi tunda havo hujumidan mudofaa kuchlari Rossiya regionlari bo‘ylab ukrainlarning 144 ta droni urib tushirilgani haqida xabar bergan: Bryansk oblastida — 72, Moskva oblastida — 20, Kurskda — 14, Tulada — 13, Belgorodda — sakkiz, Kalugada — yetti, Voronejda — besh, Lipetskda — to‘rt va Orlovda bitta. Idora o‘z hisobotida Krasnodar o‘lkasi va Qrimni tilga olmagan hamda hujumda Ukrainani ayblagan. Bu Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya tomonidan tan olingan eng keng ko‘lamli hujumlaridan biri bo‘ldi. Bunday hujumlardan eng yirigi 1 sentabrga o‘tar kechasi amalga oshirilgandi, o‘shanda RF mudofaa vazirligi 158 ta dron urib tushirilgani haqida xabar bergan.