Issiq havo tug‘ilish darajasini pasaytiradi - tadqiqot

Jahon 16:39 / 10.09.2024 2149

Olimlar Ispaniyada anomal issiqlikdan to‘qqiz oy o‘tgach, tug‘ilish darajasi pasayganini aniqladi. Iqlim o‘zgarib borishi ortidan vaziyat yanada yomonlashishi mumkin, deyiladi Population Studies jurnalida chop etilgan tadqiqotda.

Germaniyaning Maks Plank demografik tadqiqotlar instituti yetakchi tadqiqotchisi Risto Konte Keyvabo o‘z hamkasblari bilan Ispaniyadagi havo harorati va tug‘ilish o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganib chiqdi.

Olimlar umumiy tug‘ilish koeffitsiyentini (UTK — bir ayol umri davomida o‘rtacha nechta farzand ko‘rishi) hisoblab chiqib, bu ma’lumotlarni ob-havo sharoitlari bilan solishtirdi.

2010 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, Ispaniyada havo harorati 25 darajadan yuqoriga ko‘tarilganidan keyin to‘qqiz oy o‘tgach UTK 0,3 foizga pasaygan. Harorat 30 darajadan oshganda esa pasayish 0,8 foizga yetgan.

The Economist nashri ta’kidlashicha, harorat va tug‘ilish o‘rtasidagi bog‘liqlik ilgari ham kuzatilgan — homiladorlik odatda yilning salqinroq fasllarida yuz beradi. O‘z navbatida yangi tadqiqot butun dunyo bo‘ylab o‘rtacha kunlik haroratning keskin ko‘tarilishidan so‘ng tug‘ilish darajasi pasayishini isbotlaydi.

Olimlar buning sabablaridan biri sifatida issiq havoda jinsiy faollikning pasayishini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, hayvonlar ustida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, issiqlik stressi sperma sifatining vaqtinchalik yomonlashishiga olib keladi, uning ta’siri bir necha haftadan so‘ng namoyon bo‘ladi. Bu odamlar uchun ham mos keladi — issiqlik ta’siridan keyin spermatozoidlarning sifati va harakatchanligi ikki haftadan sakkiz haftagacha bo‘lgan muddat ichida pasayadi.

Ko‘proq yangiliklar: