Lyuksemburgdagi Yevropa sudi Google’ga qarshi antimonopoliya hamda Apple’ga qarshi noqonuniy soliq imtiyozlarini olish bo‘yicha quyi instansiya sudlarining qarorini tasdiqladi, deb xabar beradi The New York Times.
Google ishida sud Yevrokomissiyaning 2017 yilda kompaniyani bozordagi ustun mavqeini suiiste’mol qilganlik uchun 2,4 milliard yevro jarimaga tortish bo‘yicha qarorini ma’qulladi. 2021 yilda Google bu ish bo‘yicha apellyatsiyada yutqazgan edi. Lyuksemburgdagi sud oxirgi instansiya bo‘lib qolayotgandi.
Apple ishida sud oldingi qarorni bekor qildi va Yevrokomissiyaning 2016 yilda kompaniya Irlandiyada noqonuniy ravishda soliq imtiyozlarini olgani bo‘yicha qarorini qo‘llab-quvvatladi. Komissiyaning ta’kidlashicha, kompaniya tomonidan olingan imtiyozlar Irlandiya tomonidan davlat yordami sifatida ko‘rsatilgan. Xususan, komissiya e’tirozi asosan soliq bazasidan intellektual mulk litsenziyasidan foydalanganlik uchun olingan daromad chiqarib tashlanganiga bo‘lgan. Endi Irlandiya Apple’dan 13 milliard yevro miqdorida to‘lanmagan soliqlarni undirishi kerak.
Apple davlat yordami bo‘yicha ayblovni rad etgan va 2020 yilda Yevropa Ittifoqining quyi sudida Yevrokomissiya qarorini bekor qilishga erishgan, ammo yuqori instansiya sudi aynan shu qarorni bekor qildi.
Google ishi bo‘yicha sud qarorini g‘arb nashrlari antimonopoliya yevrokomissari Margret Vestagerning g‘alabasi deb atamoqda — u ushbu lavozimda faoliyat yuritib kelayotganidan beri monopoliyaga qarshi faol kurashyapti.
Vestager Apple’ga qarshi ishga izoh berar ekan, sud qarorini muhim deb atab, bu Yevropa soliq to‘lovchilariga vaqti-vaqti bilan soliq adolatiga erishish mumkinligini ko‘rsatib qo‘yishga imkon berishini ta’kidladi.