AQShdagi Portlend aeroportida lamalar va alpakalar ish boshladi

Jahon 21:32 / 10.09.2024 2887

AQShning Oregon shtati, Portlend shahridagi xalqaro aeroportda lama va alpakalar ishlay boshladi. Ular yo‘lovchilarga parvozdan oldingi qo‘rquv va xavotirlarni yengishda yordam bermoqda, deb xabar berdi People.

Maxsus tayyorlangan jonivorlar shu yilning yozidan boshlab aeroportga keltirila boshladi. Ular shu vaqtga qadar yo‘lovchilarga zarur emotsional ko‘mak berib kelayotgan itlar guruhiga qo‘shildi.

Aeroportning OAV bilan aloqalar bo‘yicha menejeri Ellison Ferre jonivorlar shahar tashqarisidagi fermada saqlanishini va yo‘lovchilar yoniga “ularning salomatligi uchun foydali bo‘lgan vaqtdagina” keltirilishini aytdi. Bu holat oyiga bir necha marta sodir bo‘ladi.

Aeroport xodimlari lama va alpakalar kelishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda oldindan xabar berib turadi.

“Bu haqiqiy quvonch. Sayohatchilar yuzidagi ifoda buning yaqqol isboti”, — deya qo‘shimcha qildi Ferre.

Bunga qadar Istanbuldagi aeroportda terapevt itlar ishga jalb etilgandi. Ular bir necha oylik tayyorgarlikdan o‘tib, odamlarga stress holatlarini yengishda yordam berishni o‘rgangan. Hozirgi kunda terminal xodimlari ushbu itlar jamoasini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: