2023 yilda kassetali o‘q-dorilardan o‘lim va jarohatlanishning 219 ta yangi holati qayd etilgan, deya xabar beradi Handicap International gumanitar tashkiloti. Tashkilotning 9 sentabr, dushanba kuni Myunxenda taqdim etilgan hisobotida aytilishicha, kamida 118 kishi kassetali o‘q-dorilarning to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumi qurboni bo‘lgan, yana 101 holatda esa kishilar ilgari portlamagan snaryadlar portlashi natijasida jabrlangan.
Jabrlanganlarning deyarli yarmi - bolalar
Kassetali snaryadlardan jabrlanganlarning aksariyati tinch aholi vakillaridir, 2023 yilda ularning ulushi 93 foizni tashkil etgan. Ayniqsa, bolalar xavf ostida: portlamay qolgan kassetali o‘q-dorilar qurbonlarining 47 foizi voyaga yetmaganlar bo‘ldi.
Shu bilan birga, taqiqlangan kassetali o‘q-dorilardan foydalanish natijasida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning haqiqiy soni ancha yuqori, deya ishonch bildirgan nodavlat va gumanitar tashkilotlar tomonidan tayyorlangan Cluster Munition Report 2024 hisoboti mualliflari.
Ularga ko‘ra, 2023 yilda kassetali bombalardan ham Rossiya, ham Ukraina qurolli kuchlari foydalangan. Rossiya qo‘shni davlatga qarshi keng ko‘lamli urush boshlaganidan beri kassetali o‘q-dorilardan 1000 dan ortiq odam halok bo‘lgan yoki yaralangan, deyiladi hisobotda. Bundan tashqari, huquq himoyachilari Myanma va Suriyada kassetali snaryadlaridan foydalanish holatlarini hujjatlashtirgan. Bu davlatlarning hech biri kassetali o‘q-dorilarni taqiqlovchi xalqaro shartnomaga qo‘shilmagan.
Kassetali o‘q-dorilar harbiy harakatlar tugaganidan keyin ham xavflidir
Bunday qurollardan foydalanish, topshirish va saqlashni taqiqlovchi kassetali o‘q-dorilar to‘g‘risidagi konvensiya 2010 yil avgust oyida kuchga kirgan. Bugungi kunga qadar uni 124 davlat imzolagan va 112 davlat ratifikatsiya qilgan. Handicap International dunyoning 30 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritadi, uning jamoalari jabrlanganlar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Portlab, kassetali snaryadlar ko‘p sonli o‘q-dorilarni sochadi. Kassetali bombalardan omon qolganlar ko‘pincha oyoq-qo‘llarini yo‘qotadi yoki hayotiy organlarida og‘ir, ba’zan bir nechta jarohatlarga duch keladi. Tashkilotga ko‘ra, 2022 yilda jangovar harakatlar tugaganidan keyin qolgan kassetali snaryadlardan 185 kishi yaralangan yoki halok bo‘lgan.
2022 yilda ushbu taqiqlangan qurollardan 1172 kishi yaralangan yoki halok bo‘lgan, bu 2010 yilda yillik hisobotlar chop etilishi boshlangandan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. 2022 yildagi yuqori ko‘rsatkich, asosan, Ukrainada kassetali o‘q-dorilardan foydalanish bilan bog‘liq. Bundan tashqari, Ozarboyjon, Iroq, Yaman, Laos, Livan, Myanma va Suriyada bunday snaryadlardan jarohat olish yoki o‘lim holatlari qayd etilgan. Barcha holatlarning 95 foizi tinch aholiga to‘g‘ri keladi.