10 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 21:52 / 10.09.2024 5369

O‘zbekistonga safar qilgan Rossiya bosh vaziri, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan dronlar, yer uchastkalarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash uchun ruxsat va yarim yildan buyon maosh bermayotgan Enter Engineering — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Shavkat Mirziyoyev Rossiya delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 sentabr kuni Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor sohalarida hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jadallashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari hududlar darajasida amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish, jadal madaniy-humanitar almashinuvni davom ettirish, migratsiya sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini qayd etdi.

Rossiya O‘zbekistonda dron ishlab chiqarmoqchi 

O‘zbekistonga safar qilgan Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Rossiya O‘zbekistonda yuqori texnologiyali polimer ishlab chiqarishni tashkil etish, uchuvchisiz uchadigan fuqarolik dronlari tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish niyatida ekanini bildirgan

Bu Toshkentda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va uning rossiyalik hamkasbi Mixail Mishustin raisligida yig‘ilishda qayd etilgan.

Yig‘ilishda so‘nggi yetti yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,5 baravar ko‘paygani, joriy yilning yetti oyida esa tovar ayirboshlash hajmi yana 30 foizga oshgani qayd etilgan. 

Majlisda ikki davlat rahbarlari hukumatlar zimmasiga o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 30 mlrd dollargacha yetkazish vazifasi qo‘yilgani, bunga erishish uchun hamkorlik loyihalarini izchil amalga oshirish hamda import o‘rnini bosish bo‘yicha aniq qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligini ta’kidlagan.

Bo‘lib-bo‘lib to‘lash uchun yer uchastkalari

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijara huquqi asosida sotib olish qiymatini har oyda teng ulushlarda, qoldiq summaga Markaziy bankning asosiy stavkasida foiz hisoblagan holda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Bu «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer resurslarining investitsiyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmonida qayd etilgan.

Farmonga ko‘ra: 

  • Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida – 3 yil davomida kamida 35 foiz miqdorida dastlabki to‘lovni 15 ish kunida amalga oshirish sharti bilan;
  • boshqa aholi punktlarida – 5 yil davomida, 4- va 5-toifalardagi tumanlarda esa 10 yil davomida kamida 15 foiz miqdorida dastlabki to‘lovni 15 ish kunida amalga oshirish sharti bilan yer uchastkalari xarid qilishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, barcha turdagi yer uchastkalarining qiymati 15 ish kunida to‘liq to‘langan taqdirda, jami summaga nisbatan 20 foiz chegirma beriladi.

Joylardagi hokimliklarga sanoat zonalari, aholi punktlari hududlarining qismlari, xususan, yangi barpo etiladigan ko‘p kvartirali va yakka tartibdagi uy-joy massivlari, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari hududlarini shaharsozlik jihatidan rejalashtirish ishlariga belgilangan shartlarga muvofiq loyiha tashkilotlarini eng yaxshi takliflarni tanlash asosida jalb qilish huquqi beriladi.

Enter Engineering apreldan buyon maosh to‘lamayati

Kun.uz'ga murojaat qilgan Enter Engineering kompaniyasining ofis xodimlari bahor oylaridan beri maosh olishmayotganini bildirishdi.

Ular Boysundagi konda yuz bergan avariya oqibatini yumshatish ishlari oyliklarning yana kechikishiga sabab bo‘lishidan xavotirda. Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodimlarga kamida har yarim oyda bir marta ish haqi to‘lanishi kerak.

«Sentyabrda ofis ishchilariga oylik ish haqi to‘lashmayotganiga 6 oy bo‘ldi. Hech kimning bular bilan ishi yo‘q, hech kimning bularga tishi o‘tmaydi», – deyiladi murojaatda.

Boysundagi konda ro‘y bergan avariya oqibatini yumshatish harakatlari sabab oyliklar yana kechiktirilishi mumkin.

1 sentabr kuni texnogen ofat ro‘y berib, atmosferaga vodorod sulfid gazi tarqagan «Mustaqillikning 25 yilligi» koni loyihasida Eriell va Enter Engineering kompaniyalari pudratchi sifatida qatnashmoqda. Konni o‘zlashtirish bo‘yicha bosh pudratchi – Eriell.

Gazni qayta ishlash zavodi, infratuzilma obektlari, gazni yig‘ish, tayyorlash va yetkazib berish tizimini loyihalashtirish, uskunalarni yetkazib berish va qurish ishlari esa “tayyor holda topshirish” sharti bilan Enter Engineering kompaniyasiga yuklatilgan.

Murojaatda Enter Engineering'ning ofis xodimlari aprel oyidan beri oyliksiz ishlayotgani, nima sababdan oylik berilmayotgani haqidagi savollarga rahbarlar javob bermayotgani, «shunchaki pul yo‘q», deyish bilan kifoyalanayotgani, bir qator xodimlar ishdan bo‘shayotgani aytilgan.

Ko‘proq yangiliklar: