O‘zbekistonda xususiylashtirish: qanday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik kerak?

Iqtisodiyot 17:51 / 09.09.2024 7215

O‘zbekistonda keng ko‘lamli xususiylashtirish jarayoni amalga oshirilmoqda: Coca Cola, Humo va boshqa ko‘plab korxonalar xususiy mulkdorlarga berilgan yoki ularning taqdiri hal etilishini kutmoqda. Bu jarayonlarda qanday xatolarga yo‘l qo‘yildi, ular O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qildi va kelajakda xatolarni qanday chetlab o‘tish mumkin? Bu haqda O‘zbekistonning eng nufuzli iqtisodchilaridan biri Yuliy Yusupov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

2020 yil 27 oktyabrda prezident «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-6096 sonli farmonni imzoladi. Farmonda xususiy tadbirkorlarga va kompaniyalarga sotilishi kerak bo‘lgan korxonalar, obektlar va davlatga tegishli boshqa aktivlarning kattagina ro‘yxati tasdiqlangan. Boshqacha aytganda, prezident davlat mulkini keng ko‘lamda xususiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

So‘nggi paytlarda ayrim korxonalar va aktivlar mazkur farmonga muvofiq allaqachon sotilgani yoki sotilish jarayonida ekani haqida ommaviy axborot vositalarida ko‘p o‘qiyapmiz. Shu bilan birga, mutaxassislar, jurnalistlar va blogerlar tomonidan xususiylashtirishni amalga oshirish usullari bo‘yicha keskin va xolis tanqidiy fikrlar bildirilmoqda. Bu vaziyatni tahlil qilishga harakat qilaylik.

Farmonda aniq va ravshan yozilgan: korxonalarni xususiylashtirish ommaviy savdolar orqali amalga oshirilishi kerak, ya’ni auksionlar orqali va ular eng yuqori narx taklif qilgan xaridorlarga sotilishi kerak. Xususiylashtirish amalda qanday o‘tadi?

Aynan shu yerda biz jamoatchilikning salbiy munosabatlariga sabab bo‘lgan turli yoqimsiz «syurpriz»larga duch kelamiz. Birincha jiddiy qo‘ng‘iroq 2021 yilda Coca-Cola Uzbekistan davlat ulushini sotish vaqtida yangradi. Davlat ulushi tenderga qo‘yildi va sotish narxi 70 million dollar deb e’lon qilindi. Ammo keyinroq ochiq ma’lumotlarda Hydrolife Bottlers o‘zbek kompaniyasi Antimonopoliya qo‘mitasiga murojaat qilib, 150 million dollar taklif qilishga tayyorligini bildirgan, lekin «tender shartlari» tufayli savdoda qatnasholmagani ma’lum qilingan murojaat paydo bo‘ldi. Shu bilan birga, yana bir kompaniya — Perfect Shine Energetic — Korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga murojaat qildi. Aksilkorrupsiya agentligi tenderni to‘xtatishni talab qildi. Idora «haddan tashqari yuqori mezonlar va asossiz talablar» savdoda qatnashuvchilar sonini sun’iy ravishda kamaytirib, korrupsiya omillarini keltirib chiqarmoqda deb topdi. Yakunda davlat ulushi 252,28 million dollarga turk kompaniyasi Coca-Cola İçecek’ga sotildi, bu boshlang‘ich narxdan 3,6 marta yuqori bo‘ldi.

Bu misol shaffof bo‘lmagan xususiylashtirish davlatga qanchalik katta zarar keltirishini ko‘rsatadi. Bundan amaldorlar qanday korrupsion «daromad» olishini ham tushunish mumkin.

Mana endi yaqinda sodir bo‘lgan misolga to‘xtalamiz.

Iyul oxirida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Humo to‘lov tizimini boshqaruvchi Milliy banklararo protsessing markazining 100% ulushini xususiylashtirish jarayoni boshlanganini e’lon qildi. 22 avgust kuni arizalar qabul qilish to‘xtatildi. Ammo, iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy saytida ingliz tilida ariza topshirish uchun so‘nggi muddat 30 avgust etib ko‘rsatilgan edi. Bakirov bu haqdagi ma’lumotni tasdiqlovchi suratni e’lon qildi va bir necha xorijiy investorlar mana shu muddatni inobatga olib, o‘z arizalarini topshira olmaganliklarini aytdi. Bakirovning fikricha, «buning sababi muddatlarni atay chalkashtirish orqali da’vogarlar sonini kamaytirish bo‘lishi mumkin».

Ushbu holat Qozog‘istonning Kaspi fintex guruhi Humo to‘lov tizimi sotuvi bo‘yicha savdolarda ishtirok etishini e’lon qilganidan so‘ng yanada ko‘proq muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu ajoyib xabar, chunki Kaspi — o‘zining samaradorligini isbotlagan kuchli moliyaviy tashkilot. Ammo darhol shubhalar paydo bo‘ldi, «sanadagi chalkashlik» aynan oldindan belgilangan g‘olibga «eshiklarni ochib berish» maqsadida qilingan bo‘lishi mumkin. Kaspi’ning bayonoti bilan bog‘liq yana bir savol tug‘ildi: milliy to‘lov tizimining bir mijozi uning egasi bo‘lishi qanchalik maqbul va bu halol raqobat tamoyillariga qanchalik mos keladi? Chunki Kaspi.kz (marketpleys, to‘lov tizimi, bank va yo‘llanmalar qidirish va bronlash xizmati kirgan) O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu savolga Markaziy bankimiz javob berishga to‘g‘ri keladi.

Humo bo‘yicha xususiylashtirish ochiq savdolar orqali o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, yuzaga kelgan «tushunmovchiliklar» savdolar natijalarini jiddiy shubha ostiga qo‘yishi mumkin. Coca-Cola savdolarida bo‘lgani kabi, tenderni qayta e’lon qilishga to‘g‘ri kelishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Shunday qilib, bizda xususiylashtirish jarayoni, yumshoq aytganda, shaffof emasligi va ko‘pincha unga yo‘l ochgan farmon talablarini inkor qilish bilan kechayotganini ko‘rib turibmiz. Buning oqibatida haqli savol tug‘iladi:

Nima qilmoq kerak?

Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, amaldorlarga xususiylashtirishni mustaqil va nazoratsiz o‘tkazishni ishonib bo‘lmaydi. Agar biz davlat mulkini sotish bo‘yicha qaror qabul qilish tizimini keskin o‘zgartirmasak, bizni korrupsiya va jinoyatlarga botgan xususiylashtirish kutmoqda. Bunda xususiylashtirishning maqsadlari amalga oshmaydi: samarali mulkdorlarga ega bo‘lmaymiz (mulk «o‘zinikilarga» tegadi), raqobat muhitini shakllantira olmaymiz (amaldorlar mulkka ega bo‘lgan do‘stlari va yaqinlari manfaati yo‘lida raqobatga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladilar), va davlat budjeti ham katta foyda ololmaydi.

Bunday holatni oldini olish uchun xususiylashtirishni qattiq jamoatchilik nazorati ostiga olish zarur. Jarayonlar va protseduralar OAV va fuqarolik jamiyati uchun imkon qadar ochiq bo‘lishi kerak. Shuningdek, asosan yoki faqat fuqarolik jamiyati vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlarini tuzish zarur, ular davlat mulki qanday sotilayotganiga befarq bo‘lmagan shaxslardan tashkil topishi lozim. Bu jamoatchilik kengashlari xususiylashtirish jarayoniga oid to‘liq ma’lumotlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi va amaldorlarning qarorlariga veto qo‘yish huquqiga ega bo‘lishi kerak.

Hozirgi kunda xususiylashtirish qanday o‘tishi iqtisodiyotimizning keyingi o‘n yillikdagi kelajagiga ta’sir qiladi. Qo‘llanilayotgan modellar va usullarga qarab, biz yoki rivojlanish sust bo‘lgan va jamiyatda ijtimoiy tabaqalanish yuz beradigan korrupsiya va oligarxiyaga asoslangan kapitalizmga erishamiz, yoki xususiy tashabbus va raqobat bilan olg‘a intilayotgan, tez rivojlanuvchi bozor iqtisodiyotini barpo etamiz.

Yuliy Yusupov,
iqtisodchi

Ko‘proq yangiliklar: