Afg‘onistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi mahalliy hukumatning talabiga binoan 27 sentabrdan boshlab o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda afg‘on diplomatik vakolatxonasi rahbari Zalmay Rasul ma’lum qildi.
«Afg‘oniston Islom Respublikasining Londondagi elchixonasi mahalliy hukumatning so‘rovi asosida 2024 yil 27 sentabr kuni rasman yopiladi va o‘z faoliyatini to‘xtatadi», — deb yozadi diplomat o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga.
The Express Tribune gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya hukumatining bunday qaror qabul qilishiga «Tolibon»ning afg‘on diplomatik missiyasi tomonidan berilgan hujjatlarni tan olishdan bosh tortgani sabab bo‘lgan. Bu elchixona rahbariyati Kobul bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani tufayli yuz bergan.
«Biz ushbu davr mobaynida Afg‘onistonning Londondagi elchixonasi bilan chin dildan hamkorlik qilgan barcha hamkasblar, fuqarolar va tegishli muassasalarga minnatdorchilik bildiramiz hamda ularni qadrlaymiz», — deb yozadi Zalmay Rasul.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligining Hamdo‘stlik va taraqqiyot ishlari bo‘yicha vakiliga ko‘ra, «elchixona toliblar tomonidan barcha xodimlar ishdan bo‘shatib yuborilganidan keyin yopilmoqda».
«Tolibon» 2021 yil avgustda Kobulni egallaganidan keyin ham Afg‘onistonning Yevropadagi ko‘plab elchixonalari o‘z faoliyatini davom ettirib kelayotgan edi. Biroq Buyuk Britaniya «Tolibon»ni Afg‘onistonning qonuniy hukumati deya tan olmagan va o‘z elchixonasini Kobuldan Qatarga ko‘chirgan.