Kuzda ko‘z kasalliklari avj olishi sababi tushuntirildi

Jamiyat 18:24 / 07.09.2024 11238

Ko‘z kasalliklaridan saqlanish uchun nima qilish kerak? Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov bu borada bir qancha tavsiyalarni berdi.

— Kuzda haroratning o‘zgarishi, shamollar va havo namligining pasayishi ko‘z bilan bog‘liq turli kasalliklar xavfini oshiradi. Shuningdek, bu davrda o‘simliklar va daraxtlarning chang chiqarishi eng yuqori darajada bo‘ladi. Oqibatda odamlar orasida allergik reaksiyalar, xususan, virusli kon’yunktivit va mavsumga xos boshqa ko‘z muammolari ko‘p uchraydi. Ulardan biri allergik kon’yunktivitdir, dedi mutaxassis.

Qayd qilinishicha, ushbu kasallikning asosiy sababi hasharotlar, o‘simlik changlari va boshqa allergiya chaqiruvchi omillardir. Xastalik qo‘zg‘aganda bemorda ko‘zning qizarishi, yoshlanishi va qichishish kuzatilib, unda yot narsa bordek tuyuladi.

Xastalikdan himoyalanish uchun ko‘zoynak taqish, xonadagi havo filtrlaridan foydalanish, allergiyaga qarshi dori vositalarini shifokor maslahati bilan qabul qilish lozim.

Bundan tashqari, ushbu faslda ko‘p uchraydigan yana bir kasallik quruq ko‘z sindromi bo‘lib, unga havo sovushi va shamollar kuchayishi sabab bo‘ladi. Qolaversa, havo namligining kamayishi ham ko‘zning quruqligiga ta’sir qiladi.

Xastalik payti bemorda ko‘z qichishishi va qurishi, unda yot narsa borday his qilish, yorug‘likka sezgirlik hamda ko‘rishning vaqti-vaqti bilan xiralashishi kuzatiladi. Quruq ko‘z sindromidan saqlanish uchun shifokor tavsiyasi asosida maxsus yosh tomchilaridan foydalanish, kompyuter yoki smartfon bilan uzoq vaqt ishlaganda har 20 daqiqada tanaffus qilish, namlagichlar orqali xonada havo namligini ta’minlash kerak.

Shifokorning ta’kidlashicha, kuz fasli virusli infeksiyalar uchun ham qulay davr hisoblanadi. Shu bois bu paytda ko‘pchilik insonlarda yana bir ko‘z kasalligi — virusli kon’yunktivit qo‘zg‘aydi. Ushbu xastalik viruslar orqali yuqadi va juda tez tarqalishi mumkin. U ko‘z qizarishi, qichishish, bosh og‘rig‘i va tomoq og‘rig‘i kabi umumiy virusli kasalliklar bilan birga namoyon bo‘ladi. Kasallikning oldini olish uchun shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish — qo‘llarni tez-tez yuvish, ko‘zga tegmaslik, agar virusli infeksiya belgilari sezilsa, darhol shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.

 

Ko‘proq yangiliklar: