6 sentabr kungi sud majlisi avvalida advokat Abduraimov sudga OAV vakillari ishirokini taqiqlash haqida iltimosnoma kiritdi. Ishga raislik qilayotgan sudya Sardor Sodiqov sud majlisining boshqa ishtirokchilaridan bunga munosabatini so‘radi.
Bir necha advokatlar va sudlanuvchilar jurnalistlar ishtirokini taqiqlash bo‘yicha iltimosnomani qo‘llab-quvvatladi. Advokatlar bunga sabab sifatida sud majlisidan noto‘g‘ri ma’lumotlar chiqib ketishi mumkinligini keltirdi.
Sud majlisida qatnashgan Kun.uz muxbirining ma’lum qilishicha, ayrim advokatlar buni qo‘llab-quvvatlamasdan, foto-video va audioyozuvlarni amal oshirishga e’tirozi yo‘qligini, faqat tayyorlanadigan materiallarda jurnalistlar tomonidan sharh bo‘lmasa kifoya ekanini bildirishgan.
Sud majlisida sudlanuvchilardan biriga so‘z navbati berilganda, mazkur ishlar haqida internetda xabarlar chiqqandan keyin uni ham qamab qo‘yishgani, sudlanuvchi 7 oy qamoqda bo‘lishiga jurnalistlar sababchi ekanini aytgan. Boshqa sudlanuvchilar va davlat ayblovchisi tomonidan ham iltimosnoma qo‘llab-quvvatlangan. Sudda jurnalistlarga so‘z berilmagan va ularning fikrlari eshitilmagan.
Maslahatxonaga kirgan sudya advokatlar iltimosnomasini qisman qanoatlantirganini aytib, sud majlisida jurnalistlarning foto, video va audiomateriallar olishini taqiqlagan. Jurnalistlar sud majlisida ishtirok etishi mumkinligi, ma’lumotlarni faqat qo‘lyozma tarzida yozib olishi va shu tarzda yoritishi mumkinligi belgilangan. Shundan keyin jurnalistlar sud zalini tark etgan.
Jurnalistlar sudning ushbu qaroridan norozi bo‘lishmoqda.
“Advokatlar kecha qatnashgan jurnalistlar sud jarayonini bo‘rttitib material tayyorlagan deb iddao qildi. Agar biz video va audioyozuvlarni qila olmasak, qanday qilib faktlarga asoslangan material tayyorlashimiz mumkin. Sud jarayonini qog‘ozga yozib borishga ulgurmaymiz. Bu orqali sudya xato qilishimizga majbur qilyapti”, deydi jurnalist Mirolim Isajonov.
Jarayonlarda ishtirok etgan yana bir jurnalist Mo‘tabar Nurmuhammedova ham holatga o‘z munosabatini bildirdi:
“Iltimosnoma bo‘yicha taraflarga so‘z berilganda biz, jurnalistlarga ham navbat berilishini kutgandik, lekin unday bo‘lmadi. Sudya maslahatxonadan chiqib, iltimosnomani qisman qanoatlantirgandan so‘ng navbat berildi. Keyin gapirganimizni nima foydasi bor? Bu sudda ishtirok etayotgan advokatlarning aksariyati jurnalistlarni tanimas, bilmas ekan. Shunday bo‘lsa-da, bizni huquqiy bilimsizlikda ayblashgani shaxsan meni xafa qildi. Agar qaysi jurnalist xato qilsa, chora ko‘rsin, lekin sudda ishtirok etmay xabar chiqarayotganlar uchun sudlarni doimiy yoritib boradigan professional jurlalistlar jabr ko‘rishi mumkin. Mening nazarimda sudya ochiq sudni yopiqqa aylantirish uchun aynan advokatlardan, ularning fikrlaridan qurol sifatida foydalandi”, dedi u.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur jarayonlarga o‘z munosabatini bildirib, mazkur sud majlisi prezidentning tegishli farmoni talablari asosida jamoatchilik uchun ochiq tarzda o‘tkazilishi maqsadga muvofiqligini ma’lum qilgan edi.
5 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va boshqalarga (jami 50 kishi) oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlangandi.