“Aziz Voitov sudi ochiq o‘tkazilishi kerak” – Antikorrupsiya agentligi

O‘zbekiston 10:11 / 07.09.2024 6963

Antikorrupsiya agentligi sudda ko‘rib chiqilayotgan Aziz Voitov va boshqalarga oid jinoiy ishi bo‘yicha munosabat bildirdi. Agentlik matbuot kotibi Sherzod Saparov mazkur ishda sud majlislari ochiq tarzda o‘tkazilishi maqsadga muvofiqligini ma’lum qildi.

“Prezidentning 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-sonli farmoniga muvofiq, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar bo‘yicha sud majlislari telekanallar, shuningdek, internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi lozimligi belgilangan.

Shunga asosan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur sud majlisi yuqoridagi farmon talablari asosida jamoatchilik uchun ochiq tarzda o‘tkazilishi maqsadga muvofiq ekanligini ma’lum qiladi”, deyiladi munosabatda.

5 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi binosida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va boshqalarga (jami 50 kishi) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlandi.

Aziz Voitov Jinoyat kodeksining 167-modda 3-qismi “a” va “v” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda, ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-modda 2-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206-modda 2-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) hamda 209-modda 2-qismi “a” bandida (takroran sodir etilgan mansab soxtakorligi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda

Ishni ko‘rib chiqayotgan sudya Sardor Sodiqov jurnalistlar sud jarayonini yoritishda aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishi shartligini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, prezidentning 2021 yil iyun oyida qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan 33 xil toifadagi ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlangan. Farmonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Milliy teleradiokompaniyaga ayrim muhim tadbirlar va sud jarayonlarini jonli efirga uzatish topshirig‘i berilgan.

 

Ko‘proq yangiliklar: