Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 6 sentabr kuni Germaniyada bo‘lib o‘tadigan Ukraina mudofaasi bo‘yicha ("Ramshtayn" formati) aloqa guruhining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda 5 sentabr, payshanba kuni Der Spiegel jurnali xabar berdi
Nashrning yozishicha, Zelenskiy AQSh harbiy-havo kuchlarining Reynland-Pfals federal yeridagi bazasiga tashrifi bilan hozirgi vaziyatning jiddiyligini namoyish qilmoqchi. Ukraina davlati rahbari shaxsan ittifoqchilardan Rossiyaga qarshi turish uchun qo‘shimcha qurol-yarog‘ yetkazib berishni so‘ramoqchi. Gap birinchi navbatda uzoq masofali raketalar va qo‘shimcha havo mudofaa tizimlari haqida ketmoqda, deya qayd etadi Der Spiegel.
"Ramshtayn" formatidagi muzokaralar
Ukraina mudofaa bo‘yicha aloqa guruhi mamlakatga harbiy yuklarni olib kirish sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirib, ularni jo‘natishni tezlashtirish yo‘llarini o‘rganmoqda. Unga 50 ga yaqin davlat kiradi. Muzokaralarga NATOga a’zo bo‘lmagan davlatlar ham taklif qilingan. Bu guruhning 24-yig‘ilishi bo‘ladi, muzokaralarning asosiy qismi videokonferensiya formatida o‘tkazildi.
Ayni paytda, Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov bir necha kundan beri Kiyevning eng muhim ittifoqchilari bilan muzokaralar olib bormoqda. 5 sentabr oqshomida u Berlinda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bilan uchrashadi. Der Spiegel nashrining yozishicha, asosiy savol Germaniya budjeti cheklanganiga qaramay, yaqin oylarda qo‘shimcha qurol paketlarini taqdim eta oladimi yoki yo‘qmi, degan savol bo‘lishi mumkin.