YouTube o‘smirlarga ideallashtirilgan fitnes, vazn yoki tashqi ko‘rinish standartlarini targ‘ib qiluvchi videolarni tavsiya qilishni to‘xtatadi, deb xabar beradi The Guardian.
Qayd etilishicha, 13-17 yosh oralig‘idagi yoshlar bunday kontentlarni tomosha qila oladi, biroq platform avtomatik ravishda ularni tavsiya qilmaydi. YouTube vakillarining ta’kidlashicha, bu turdagi videolar platforma qoidalarini buzmasada, ularni muntazam tomosha qilish o‘smirlarning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
«O‘smirlar o‘z tasavvuri va standartlarini shakllantirar ekan, ideallashtirilgan standartlarga ega kontentni doimiy tomosha qilish real bo‘lmagan ichki standartni shakllantira boshlaydi, unda o‘zi haqida salbiy fikrlarni paydo bo‘lishi mumkin», — deydi YouTube’ning sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha global direktori Gart Grem.
Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda kuchga kiradigan yangi qoidalar muayyan jismoniy xususiyatlar, fitnes yoki vaznni ideallashtiradigan yoki jismoniy qo‘rqitish kabi ijtimoiy tajovuzni rag‘batlantiradigan kontentlarni qamrab oladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil dekabrda YouTube foydalanuvchilarga o‘z videolariga izoh qoldirishni vaqtincha to‘xtatib turish imkonini beruvchi yangilanishni chiqardi. Kompaniyaning fikricha, bu blogerlarga kontent ustidan ko‘proq nazorat o‘rnatish va sharhlarni moderatsiya qilishga kamroq chalg‘ish imkonini beradi.