Ukraina qo‘shini bir oydan buyon Kursk oblastining bir qismini egallab turibdi. Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Jahon 21:31 / 06.09.2024 21383

Ukrainlar amaliyoti muvaffaqiyatlaridan biri — tezkorlik, axboriy sukut va kutilmaganlik bo‘ldi. Ukraina qurolli kuchlari uzoq vaqt mobaynida Sumi oblasti chegarasida qo‘shin to‘pladi va buni Rossiya mazkur yo‘nalishda hujumga o‘tmoqchiligi bilan izohladi.

Xususan, bu haqda may oyida Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov ham aytib o‘tgandi. U o‘zidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Xarkiv oblastiga bostirib kirilgan 10 maydan ko‘p o‘tmay Sumi oblastiga ham yurish boshlashi kutilgandi.

Bu «yurish»ga tayyorgarlik ko‘rish Ukrainaga ortiqcha e’tibor jalb qilmasdan chegara yaqinida 8-10 ming jangchidan iborat zarbdor guruh yig‘ish imkonini berdi.

6 avgust tongida ukrain armiyasining ilk jangovar bo‘linmalari mudofaadan hujumga o‘tdi va Rossiya bilan chegaradan kirdi.

Kursk operatsiyasi qanday rivojlandi?

Ukraina hukumati qariyb bir hafta mobaynida Kursk oblastidagi operatsiya xususida sukut saqlab, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududida bo‘lib turganini tasdiqlamadi va rad ham etmadi.

BBC ukrain xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hatto joylardagi komandirlar ham to‘liq axborotga ega bo‘lmagan va amaliyotning yakuniy maqsadidan bexabar bo‘lishgan.

Ularga ma’lumot qisqacha va faqat alohida bosqichlarda yetkazilardi.

Shunga qaramay, Ukraina qurolli kuchlarining yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan shturmchi qismlari, jumladan, Desant-shturm qo‘shinlari 80-alohida brigadasi rossiyaliklarning chegara yaqinidagi mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, tezlik bilan Rossiya hududi ichkarisiga harakatlandi va raqib bo‘linmalarining ortida paydo bo‘ldi. Rossiya armiyasining asosan muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar va chegarachilardan iborat bo‘linmalari ko‘p hollarda asir tushishga majbur bo‘ldi.

«Operatsiyaning ilk kunlarida biz ko‘p asir oldik, chunki bu dushman uchun kutilmagan holat bo‘lgandi, ularning razvedkasi ishlamagan, Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari to‘planishini payqamagandi», — deya vaziyatni izohlaydi brigada komandiri, polkovnik Pavel Rozlach ukrain telemarafoni efirida.

Kursk oblastidagi yurishga Ukrainaning eng yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘linmalari jalb etildi
Viacheslav Ratynskyi / Reuters / Scanpix / LETA

Birinchi hafta davomida Ukraina qurolli kuchlari «manyovrli urush» prinsiplaridan foydalangan holda Kursk oblasti bo‘ylab jadallik bilan harakatlanishga muvaffaq bo‘ldi. 

Ya’ni tezkor zirhli texnikalardagi ko‘plab otryadlar to‘qnashuvga kirishmasdan, raqib mudofaa tugunlarini qanotlardan aylanib o‘tdi, ammo ularga ta’minot va zaxira kuchlar keladigan yo‘llarini to‘sib qo‘ydi.

Ukrainlar bu taktikadan foydalangan holda rossiyaliklarning Sudja shahri va Korenevo posyolkasi atrofidagi asosiy logistik yo‘llarini nazorat qila boshladi. Shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari tezlik bilan shimolga — Kursk — Rilsk trassasi va atom elektr stansiyasi joylashgan Kurchatov shahri tomon yura boshladi.

RF mudofaa vazirligi 2024 yil 10 avgust kuni e’lon qilgan videodan kadr. Unda Rossiya qo‘shini va harbiy texnikalari Kursk oblastiga olib ketilishi aks etgan
Ministerstvo oborony RF / EPA / Scanpix / LETA

Rossiya Kursk oblastiga olib kelgan zaxiralar, birinchi navbatda dengiz piyodalari brigadalari bu harakatni sekinlashtirdi. Qo‘shimcha kuchlar ukrainlar hujum qilayotgan yo‘nalishlarda Rossiya mudofaasini kuchaytirdi va ularni manyovrli urush olib borish imkoniyatidan mahrum etdi.

Rossiya armiyasi muhim obektlar, jumladan Kursk AES atrofida istehkomlar qurishga kirishdi.

Kursk oblastining qaysi hududlari Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga o‘tgan?

Ukraina ham o‘zi egallab olgan hududlarda xandaq qazib, mustahkam joylasha boshladi.

Shu bilan bir vaqtda, o‘z platsdarmi barqarorligini ta’minlash uchun Ukraina qurolli kuchlari front chizig‘ini, birinchi navbatda Martinovka va Malaya Loknya qishloqlari atrofida tekislashni, shuningdek, nazorat hududini chegara bo‘ylab Sudjadan sharqqa va g‘arbga kengaytirishni boshladi.

Avgust oyining ikkinchi yarmidan boshlab ukrain armiyasi Glushkovo shahri atrofidagi hududni ihotalash bo‘yicha amaliyot o‘tkazishga kirishdi. Ukraina qurolli kuchlari aviatsiyasi Seym daryosi orqali o‘tgan ko‘priklar va boshqa kechuv joylarini yakson qilib, g‘arb va shimolda ushbu suv to‘sig‘i bilan, janubda ukrain chegarasiga tutashgan hududda joylashtirilgan Rossiya guruhining ta’minotini qiyinlashtirdi — sharqdan esa Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari tahdid solib turibdi.

Rossiya armiyasining ushbu hududga yo‘naltirilayotgan qo‘shimcha kuchlari kolonnalarini ukrain armiyasi aviatsiya zarbalari va dronlar orqali yo‘q qilmoqda.

Germaniyaning Bild nashriga ko‘ra, nazariy jihatdan bu hududda 2 mingdan 3 minggacha rossiyalik harbiy qurshov holatida qolgan bo‘lishi mumkin.

Ammo ukrain armiyasi bu uchastkada faollashmayapti va sentabr oyi boshidagi holatga ko‘ra Glushkovo rayoni markazidan 10-12 km masofada turibdi (DeepState portali ma’lumoti).

Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya kuchlari 2022 yil kuzida Dnipro orqali o‘tgan barcha ko‘priklar vayron qilinganidan keyin Xerson oblastining o‘ng sohildagi qismini tark etgani kabi bu hududdan ham chiqib ketishga majbur bo‘lishini kutmoqda.

Boshqa yo‘nalishlarga kelsak, DeepState onlayn xaritasiga ko‘ra, ukrainlarning eng oldingi pozitsiyalaridan Rilsk va Lgov shaharlarigacha masofa 20-25 km, Kursk AESgacha — qariyb 35 km.ni tashkil etmoqda.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyga ko‘ra, avgust oyi oxiriga kelib ukrainlar Rossiyaning 1300 km kv hududi va 100 ta aholi yashash manzilini o‘z nazoratiga olgandi.

BBC ukrain xizmati Ukraina qo‘mondoniga ushbu qishloq va posyolkalar ro‘yxatini taqdim etishni so‘rab murojaat qilgan.

Kursk oblastidagi harbiy komendatura

Kursk oblastidagi operatsiya boshlanganidan bir hafta o‘tib ukrain rasmiylari u yerda harbiy komendatura tashkil etilganini ma’lum qildi.

U Sudja shahrida joylashgan. Uni mashhur bo‘lmagan, lekin tajribali general-mayor Eduard Moskalev boshqaradi, u bungacha Odessa mudofaasiga javob bergan va Ukraina qurolli kuchlari birlashgan kuchlari qo‘mondoni bo‘lgan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh aloqa markazidagilar BBC so‘roviga javoban komendatura «xalqaro gumanitar huquq normalariga muvofiq» tashkil etilganini bildirgan.

Uning faoliyati bosh qo‘mondon Sirskiy buyrug‘i bilan tasdiqlanadi, u komendaturaning maqsadi, vazifalari va funksiyalarini belgilab bergan.

«Harbiy komendatura — jamoat tartibi va xavfsizligini (imkoniyatga qarab) saqlash, tinch aholining birinchi galdagi ehtiyojlarini qondirish, Ukraina qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida harbiy intizomni saqlash, shuningdek, diversiya harakatlarining oldini olishda ishtirok etishi mo‘ljallangan bo‘linmadir», — deyiladi so‘rovga javobda.

Ukraina qurolli kuchlari ukrainalik va xorijlik jurnalistlarni Kursk oblastining egallab olingan qismiga taklif etib, ukrainalik harbiylar mahalliy aholiga qanday munosabatda bo‘layotganini ko‘rsatgan. Foto: Getty Images

Komendatura Jyeneva konvensiyasining urush davrida fuqarolarni himoya qilish bo‘yicha talablariga rioya etilishini ta’minlashi kerak.

Amalda ham ukrainalik harbiylar Sudjada mahalliy aholi vakillariga yegulik, ichimlik suv tarqatish bilan shug‘ullanmoqda hamda tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.

Tinch aholi vakillarini majburiy evakuatsiya qilish kuzatilmayapti, chunki bu xalqaro konvensiyalar bilan taqiqlangan. Ammo Ukraina rasmiylari Kursk oblasti aholisi chiqib ketishi uchun gumanitar yo‘lak ochib berishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Kursk oblastida buyog‘iga nima bo‘ladi?

So‘nggi haftalarda ukrainlarning Kursk oblastida oldinga yurishi ancha sekinlashgan. Va gap faqat ushbu yo‘nalishga Rossiyaning 30 ming kishilik zaxira kuchlari tashlanganida ham emas.

Yurish sur’atlari pasayishi Ukraina qurolli kuchlari o‘z yurishidagi «operativ chuqurlik»ka yetib bo‘lgani va hududdagi qo‘shinlari ta’minotini yo‘lga qo‘yish uchun tanaffus olishi kerakligi bilan bog‘liq, deya izohlaydi Razumkov markazining tashqi siyosat va xalqaro xavfsizlik dasturlari boshlig‘i, zaxiradagi podpolkovnik Oleksiy Melnik.

«Ukrain kuchlari hozirda bunday yurish uchun rejalashtirilgan operativ chuqurlikka yetib borgan… Operativ pauza vaqtida ushbu marrada to‘xtash yoki logistika va zaxiralar olib kelingach yurishni davom ettirish bo‘yicha baho beriladi».

U misol sifatida Ukraina qurolli kuchlarining 2022 yil kuzida Xarkiv oblastida o‘tkazgan qarshi hujumini keltirgan, o‘shanda ukrain qo‘shini 35-40 km masofada yorib kirganidan keyin o‘z harakatini to‘xtatgandi.

Bunday pauza o‘nlab kilometr masofaga harakatni davom ettirishga qodir bo‘lgan kuchli va tayyor zaxiralarga ega bo‘lmagan tomon uchun zarurdir.

Kursk oblastidagi yurish ukrain armiyasining jangovar ruhiyatini oshirdi, deb hisoblaydi harbiy ekspertlar
Viacheslav Ratynskyi / Reuters / Scanpix / LETA

Bunday sharoitda qo‘mondonlik ta’minotni ta’minlashi, jumladan, o‘q-dorilar olib kelib, qanotlarni raqibning qarshi hujumlaridan himoyalashi kerak bo‘ladi.

Ayni vaqtda ukrain harbiylari Kursk oblastida aynan shu ish bilan mashg‘ul, deya xulosa qiladi tahlilchi.

Harbiy ekspert, Avstraliya qurolli kuchlarining iste’fodagi generali Mik Rayanning hisoblashicha, avgust oyi oxiriga kelib ukrainlarning Kursk oblastidagi operatsiyasi «muvaffaqiyatni rivojlantirishning yakuniy bosqichi» (limit of exploitation)ga yetgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan keyin Ukrainada harakatlanishning uch varianti bor. Birinchisi — Kursk oblastida egallab olingan barcha hududlarni mudofaa qilish. Ikkinchisi — mudofaa uchun qulay hududni tanlash va chekinish yo‘lini tayyorlash, uchinchisi — qo‘shinlarni Ukrainaga qaytarib olib ketish.

«Aftidan, hozirda ikkinchi variant ehtimoli yuqori», — deydi ekspert.

«Ukraina yurishi oldinga davom etishi muminmi? Albatta va u hozir ham oldinga siljimoqda, qo‘yilgan vazifalarni bajarishga harakat qilmoqda», — degan BBC muxbiriga DeepState tahlil markazi hammuassislaridan biri Roman Pogoreliy.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi harakati bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda davom etmoqda, ammo muayyan sabablarga ko‘ra OAVda «yoritilmayapti».

Ukrainalik tahlilchi Oleksiy Melnik 6 sentabrga kelib Kursk oblastidagi operatsiya allaqachon «mutlaq maqsadga muvofiqligini isbotlagani»ga ishonchi komil.

«Ukraina harbiy-siyosiy rahbariyati qo‘l urgan tavakkalchilik bugunga kelib o‘zini oqladi», — deydi u.

Uning fikricha, Kursk oblastidagi yurish o‘z maqsadlariga «qisman erishdi. Bu Ukraina qurolli kuchlariga o‘lja qilib olingan texnikalar va o‘q-dorilar hisobiga o‘z zaxiralarini to‘ldirishga imkon berdi, «almashuv fondi»ni oshirdi, tinch aholi vakillari hamda harbiylarning ruhiyati ko‘tardi.

Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hozircha Kursk oblastidan ketmoqchi emas

Shu bilan bir vaqtda, bu operatsiya Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Donetsk oblastidagi yurishni sekinlashtirishga majbur qila olmadi va Sumi oblastining chegara hududlarida Rossiyaning havo zarbalari xavfi arigani yo‘q.

Ammo Kursk operatsiyasining yakuniy muvaffaqiyati yoki barbod bo‘lgani haqida faqat u o‘zining mantiqiy yakuniga yetganidan keyin gapirish mumkin, deya ta’kidlaydi ekspert.

«Bu operatsiya finali ko‘p jihatda Ukrainada exit strategy (chiqish strategiyasi) bor yoki yo‘qligiga bog‘liq», — deya qayd etadi Melnik.

Exit strategy deganda u to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukraina qo‘shinlari Rossiya hududidan olib chiqilishini emas, balki Kiyev bu amaliyotni o‘z harbiy va siyosiy maqsadlariga qanchalik erishgan holda to‘xtatishini nazarda tutadi.

Volodimir Zelenskiy Kursk oblastidagi voqealar rivojini sharhlarkan, ukrain armiyasi hozircha bu hududni tark etmoqchi emasligini aytadi.

«Biz bugun o‘zimizda ushlab turishni xohlagan hududlarni ushlab turibmiz. Bu o‘ziga xos „bufer zona“, ammo bizning emas, ularning hududida», — degan u NBC telekanaliga intervyusida va Rossiya hududlarini «ushlab turish» Ukraina g‘alaba rejasining bir qismi ekanini ta’kidlagan.

Vladimir Putin Ukrainaning Rossiya hududiga yurishini «provokatsiya» va «terrorizm» deb atagan.

5 sentabr kuni u Rossiya armiyasi chegara hududlarda «vaziyatni barqarorlashtirgani» va raqibni siqib chiqarishni boshlaganini aytdi.

«Rossiya qurolli kuchlarining muqaddas burchi dushmanni Kursk oblastidan uloqtirib tashlash va fuqarolarni himoya qilishdir», — degan Putin.

U Ukraina qurolli kuchlarining Kursk operatsiyasidan asosiy maqsadi – Rossiyani Donetsk oblastidagi qo‘shinlarni olib o‘tishga majbur qilish bo‘lganini ta’kidlaydi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, ular bu maqsadiga erisha olmadi va aksincha, Rossiya armiyasi yurish sur’atlarini oshirdi.

Shu bilan birga, qayd etish kerakki, Ukraina hukumati o‘z amaliyotining maqsadlarini aniq ochiqlamagan. Donbassdagi, xususan, Pokrovsk atrofidagi vaziyatga kelsak, prezident Zelenskiy Kursk oblastidagi voqealar baribir Kremlni qo‘shinlarni bu yo‘nalishdan olib ketishga majburlay olmaganini tan olgan.

Ammo u Ukraina qurolli kuchlariga g‘arblik ittifoqchilar va’da qilgan va bir necha oyga kechikkan harbiy yordam yetib kelmagunicha Ukraina raqib yurishini qanday to‘xtatish bo‘yicha reja ishlab chiqishiga to‘g‘ri kelganini ta’kidlagan.

Zelenskiyning qayd etishicha, Kursk operatsiyasining yana bir maqsadi Rossiya armiyasining va shaxsan Putinning Rossiya hududini himoya qilishdagi «zaifligi»ni ko‘rsatish bo‘lgan va ukrainlar prezidentiga ko‘ra, bu maqsadga erishilgan.

Ko‘proq yangiliklar: