Rossiya Davlat Dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilov Rossiya fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning bolalari uchun bolalar bog‘chalari va maktablarda bepul ta’lim olishni bekor qiluvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
«Biz bu xayriya davrini tugatishni taklif qilamiz, chet ellik bolalar Rossiya budjeti hisobidan, soliq to‘lovchilarimiz hisobidan ta’lim olmasligi kerak. Ular uchun ta’lim nafaqat bepul, balki ular bizga begona submadaniyatni, o‘z qoidalarini ham o‘rnatmoqda. Marhamat, xorijlik ota-onalar farzandlarini ta’lim muassasalarimizga tijorat asosida joylashtirsin. O‘zimizning rus bolalari chet ellik ishchilar farzandlarining haddan tashqari ko‘pligidan aziyat chekmasin», dedi Nilov.
Qonun loyihasida «Rossiya Federatsiyasida ta’lim to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda, unga ko‘ra chet ellik bolalar uchun maktabgacha, boshlang‘ich umumiy, asosiy umumiy va o‘rta umumiy ta’lim «pulli asosda amalga oshiriladi». Hozir ularning barchasi bepul asosda ta’lim olmoqda.
Qonun loyihasiga tushuntirish xatida ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda bog‘chalar va maktablarda MDH ayrim mamlakatlari va Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarning bolalari soni keskin ko‘paygan.
«Rossiyadagi bolalar bog‘chalari va maktablarida migrantlar sonining nazoratsiz o‘sishi ulardagi o‘rinlarning yetishmasligiga olib keladi. Hozir rus maktablarida taxminan 900 ming o‘rin yetishmayapti. Bu ayniqsa, yangi va faol qurilayotgan rayonlarda sezilyapti. Ba’zi maktablarda o‘nlab birinchi sinflar tashkil qilinmoqda, ikkinchi smenada o‘qiyotganlarning ulushi ham oshgan. O‘qituvchilar me’yordan 1,5-2 barobar ko‘p ishlashga majbur bo‘lmoqda», deyiladi tushuntirish xatida.
Qonun loyihasi mualliflariga ko‘ra, maktablarda migrant bolalar sonining ko‘payishi butun sinfda o‘qish natijalarining pasayishiga olib keladi, chunki migrant bolalar rus tilini yaxshi bilmaydi. Shu bilan birga, moslashuv sinflarini tashkil etish o‘qituvchilarning ish haqi uchun qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi. Shu sababli migrant bolalar uchun pulli ta’lim berish tavsiya etiladi.