Rimda shahar kengashi vakillari turistik mavsum boshlanishi oldidan xorijliklar eng ko‘p tashrif buyuradigan Trevi favvorasi hududiga kirishni cheklab qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar beradi CNN.
Italiya poytaxti 2025 yilgi yubileyni o‘tkazishga hozirlik ko‘rmoqda — har yili o‘tkaziladigan ushbu tadbirga joriy yilda 32 million turist va sayyohlarni jalb etish rejalashtirilgan.
Shahar kengashi taqdim etayotgan loyihaga ko‘ra, oldindan joy bronlaganlar favvoraga tashrif buyurishi mumkin. «Rimliklar uchun buni bepul qilish haqida o‘ylayapmiz, ammo norezidentlar uchun ramziy miqdorda to‘lov bo‘ladi — bir yoki ikki yevro», — deydi Rim turizmi bo‘yicha maslahatchisi Alessandro Onorato.
Bir necha kun oldin shahar meri Roberto Gualtiyeri turistlar oqimini cheklash bo‘yicha chora-tadbirlarni «amalga oshirsa bo‘ladigan ish», degandi. «Trevi favvorasi atrofidagi vaziyatni texnik jihatdan nazoratga olish juda qiyinlashib ketmoqda», — degan edi u jurnalistlarga.
Boshqa shaharlar, jumladan, Barselona va Venetsiya haddan ortiq turizm sababli norozilik namoyishlariga duch kelgan — mahalliy hukumat 2024 yilda tashrif buyuruvchilardan pul undirish tizimini sinab ko‘rdi.
An’anaga ko‘ra Trevi favvorasiga tashrif buyurganlar yana Rimga qaytib kelishni va orzulari amalga oshishini niyat qilib tanga tashlaydi. U ancha yillardan beri shaharning asosiy diqqatga sazovor maskaniga aylanib ulgurgan.
Balandligi 25,9 metr hamda eni 19,8 metr bo‘lgan favvorani qurishni 1762 yilda Nikola Salvi boshlagan, Juzeppe Pannini esa oradan 30 yil o‘tib uning ishini yakunlagan. Favvora nomi unga eltuvchi uchta ko‘cha nomidan kelib chiqqan (italyancha «tre vie») — Via Dey Krochichchi, Via Poli hamda Via Delle Muratte.