Polsha prokuraturasi belaruslik amaldorlarni uch yil avval mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan samolyotni boshqa tomonga yo‘naltirish uchun hiyla ishlatganlikda va dissidentni hibsga olmoqchi bo‘lgan paytda bortdagi 132 kishining erkinligini buzganlikda aybladi, deb xabar beradi Associated Press.
Qayd etilishicha, uch amaldor dissident blogerni olib ketayotgan samolyotga Minskka rejadan tashqari qo‘nishni buyurgan — bu esa o‘sha paytda Litvada quvg‘inda yashagan belaruslik bloger Roman Protasevichning hibsga olinishiga sabab bo‘lgan.
2021 yil 23 may kuni Afinadan Vilnyusiga uchgan Ryanair aviakompaniyasining FR4978 reysi Belarus havo makonini kesib o‘tayotganida unga yo‘nalishni o‘zgartirib, Minskka qo‘nish buyurilgan.
Rasmiylar ko‘rsatmasiga binoan belarus dispetcherlari uchuvchilarga havo kemasida portlovchi modda borligini bildirgan. Belarus harbiylari havoga «MiG-29» qiruvchi samolyotini ko‘tarib, ekipajni buyruqni bajarishga majburlagan.
Polsha prokurorlarining bayonotida keltirilishicha, uch nafar belarus amaldori Polshada bo‘lmagani bois ularga ayblov e’lon qila olmagan va ularni tekshirishga order bergan. Shuningdek, prokuratura ularning hibsga olinishi bo‘yicha Yevropa orderini olishga urinmoqda.
Polsha maxfiylik siyosatiga muvofiq ular uch nafar erkakning faqat ismi va familiyalarining bosh harfini e’lon qilgan: Leonid Ch. — Belarus aeronaviatsiyasi sobiq boshlig‘i, Yevgeniy T. — o‘sha vaqtda Minsk aeroporti aviadispetcheri va Belarus Davlat xavfsizligi qo‘mitasi boshlig‘i.
Ularning uchalasi ham samolyotni boshqa tomonga yo‘naltirish uchun yolg‘on bomba tahdididan foydalanganlikda va bortdagi odamlarning, shu jumladan, Polsha fuqarolarining erkinligini buzganlikda ayblanmoqda.
2023 yil may oyi boshida Minsk sudi Nexta Telegram-kanalining sobiq bosh muharriri Roman Protasevich ishi bo‘yicha hukm chiqargandi. Protasevich bir qator jinoyatlarda aybdor deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay Roman afv etilgandi.