Korrupsion ishlar bo‘yicha sud majlislari jonli efirga uzatilishi kerak. Farmon talabi bu safar bajariladimi?

O‘zbekiston 14:38 / 06.09.2024 7520

5 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi binosida sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va boshqalarga (jami 50 kishi) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlandi.

Sudya Sardor Sodiqov jurnalistlar sud jarayonini yoritishda aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishi shartligini ta’kidlagan.

Gazeta.uz'ning yozishicha, advokatlardan biri sudda qatnashayotgan jurnalistlar “xorijliklar agenti” bo‘lishi mumkinligini aytib, “ularga sudni yoritishni taqiqlash kerak”, degan. Sudya sud majlisiga OAV vakillari hujjatlar asosida kiritilgani va ular qaysi nashrlardan ekanini bilishini qayd etgan.

Bugun boshlanadigan sud protsessida OAV vakillarining jarayonda ishtirok etishi, foto, video va audiomateriallar olishga ruxsat berish yoki yo‘qligini hal qilinadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining sobiq rahbari Aziz Voitov 2023 yil dekabr oyida qamoqqa olingan edi. 44 yoshli Voitov 2022 yil avgustidan 2023 yil oktyabrigacha QXVni boshqargan, ungacha investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

2021 yil iyun oyida “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni imzolangan edi.

Farmon bilan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan 33 xil toifadagi ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlangan. Shuningdek, prezident farmonida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Milliy teleradiokompaniyaga ayrim muhim tadbirlar va sud jarayonlarini jonli efirga uzatish topshirig‘i berilgan.

Unga ko‘ra, agentlik va MTRK, manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda, 2021 yil 1 dekabrdan boshlab quyidagi tadbirlarni:

  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalarini telekanallar, shuningdek, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishini ta’minlashi kerak.

Shuningdek, quyidagi sud majlislari:

  • taraflarning roziligi bilan fuqarolar huquq va erkinliklari hamda jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi;
  • aholi sog‘lig‘ini saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi;
  • davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar;
  • ayrim oilaviy nizolarga oid fuqarolik ishlari bo‘yicha sud majlislari (yopiq sud majlislari bundan mustasno) ham telekanallar, shuningdek, internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi kerak.

Prezident farmonda ko‘rsatilgan ushbu qoida va tartiblarning buzilishi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi sifatida baholanadi.

Garchi qonunchilikda aniq qilib yozib qo‘yilgan bo‘lsa-da, mansabdorlarning sud jarayonlariga kelganda prezident farmoni talablari havoda qolib ketmoqda.

2021 yilda Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov va boshqalar ustidan sud jarayonlari efirga uzatilmasdan o‘tib ketganida, Oliy sud va MTRK bir-birini ayblagan edi.

Shu bilan birga, 2023-2024 yillarda “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sud jarayonlari efirga uzatilmagan bo‘lsa-da, sudlarda jurnalistlar ishtirok etishiga to‘sqinlik qilinmadi.

O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari har hafta u yoki bu hududda u yoki bu soha mansabdorlari turli jinoyatlar ustida ushlangani haqida xabar berib keladi. Lekin bu jinoyatlar bo‘yicha mansabdorlarni jamoatchilik ko‘z o‘ngida sud qilinishi holatlari juda kamdan kam kuzatilmoqda.

Umid qilamiz, mas’ullar bu safar prezident farmoni talablarini e’tiborsiz qoldirmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: