Keniyadagi maktab yotoqxonasida yuz bergan yong‘in oqibatida 17 kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi BBC. Politsiyaning ma’lum qilishicha, qurbonlar soni ortishi mumkin, chunki yana 13 nafar o‘quvchi jiddiy kuyish jarohatlarini olgan.
Mahalliy politsiya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda 5 sentabr kuni kechqurun Neri okrugidagi Hillside Endarasha Academy boshlang‘ich maktabida sodir bo‘lgan yong‘in nima sababdan yuzaga kelganini aniqlash ishlari olib borilmoqda.
Mamlakat prezidenti Uilyam Ruto X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali hukumatni «dahshatli fojiani yaxshilab tergov qilishga» chaqirdi.
«O‘y-xayolimiz Neri okrugidagi Hillside Endarasha akademiyasida yuz bergan yong‘in oqibatida halok bo‘lgan 17 nafar bola bilan. Bu fojiaviy yangilik. Omon qolganlarning tezroq sog‘ayib ketishlari uchun duodamiz.
Mutasaddi organlarga ushbu dahshatli hodisani yaxshilab tergov qilishni topshiraman. Aybdorlar javobgarlikka tortiladi», — deb yozadi Keniya prezidenti.
Hillside Endarasha Academy — xususiy boshlang‘ich maktab. U Keniyaning markaziy hududida, Nayrobidan 150 kilometr shimolda joylashgan. AFP ma’lumotlariga ko‘ra, maktabda 800 ga yaqin bola ta’lim oladi.
Yotoqxonada 150 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lgan — politsiya
Mahalliy politsiya boshlig‘i Pius Muruguning aytishicha, yarim tunda yong‘in sodir bo‘lgan maktab yotoqxonasida 150 dan ortiq o‘quvchi bo‘lgan. Citizen TV jurnalistlariga ko‘ra, maktab binosi yog‘ochdan qurilgani bois yong‘in juda tez tarqalgan.
Hozirda maktabda 824 nafar o‘quvchi tahsil oladi, ularning aksariyati 5 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar.
Keniya maktablarida yong‘in tez-tez kuzatilib turadi. 2022 yilda Keniya g‘arbida yotoqxona yonib ketgan va natijada bir necha talaba o‘t qo‘yishda gumonlanib hibsga olingan edi.
2017 yilda esa poytaxt Nayrobidagi Moi o‘rta maktabining yoqib yuborilishi oqibatida 10 nafar qiz halok bo‘lgan. Bundan 20 yil oldin Machakos okrugida yuz bergan yong‘in esa 67 kishining o‘limiga sabab bo‘lgandi.
Bundan to‘rt yil oldin e’lon qilingan hisobotda Keniyadagi o‘rta maktablarning aksariyati yong‘inga qarshi chora ko‘rishga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rmagani haqida ogohlantirilgan edi. Keniya maktablaridagi xavfsizlik standartlari bo‘yicha qo‘llanma 2008 yilda chiqqan bo‘lib, unda maktab binolarining eshiklari tashqariga ochilishi kerakligi ko‘rsatilgan. Ammo tekshiruvlar davomida maktablarning yarmida eshiklari ichkariga ochiladigan sinflar borligi aniqlangan.