Baydenning o‘g‘li soliq jinoyatlari bo‘yicha aybiga iqror bo‘ldi. U 17 yilga qamalishi mumkin

Jahon 21:30 / 06.09.2024 2330

AQSh prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Los-Anjyeles sudida to‘qqizta federal ayblov bo‘yicha aybiga iqror bo‘ldi. The New York Times’ning yozishicha, u 17 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Kichik Baydenning aytishicha, u noqonuniy ravishda qurol sotib olgani bo‘yicha sudlanganidan keyin oilasini yana «azob va tahqirlashni» istamagani uchun shunday qarorga kelgan.

«Oilamga qanday azob keltirganimni his etmagan holda Deleverdagi sud qarshisida turdim va ular yana bir bor buni boshidan o‘tkazishlariga majbur qilmayman. Menda faqat bitta yo‘l qoldi», — deydi Xanter Bayden.

Avvalroq Xanter Bayden va uning himoyasi Alford pretsedentiga asoslangan kelishuvni taklif qilgandi — unda sudlanuvchi ayblov uchun yetarli dalillar borligini tan oladi, lekin ayblovlar bo‘yicha aybini tan olmaydi. Prokuratura bunday bitimni rad etgan edi. Natijada Baydenning advokatlari u barcha ayblovlar bo‘yicha aybini tan olishga tayyorligini ma’lum qildi.

Amerika qonunchiligiga ko‘ra, Xanter Bayden 17 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi yoki 1,3 million dollar miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Bundan tashqari, kichik Baydenga 2018 yilda Colt Cobra revolverini xarid qilishda yolg‘on ishlatgani uchun 25 yilgacha qamoq jazosi tahdid qilmoqda. Ayni vaqtida u sud eshituvi yakunlangunga qadar garov evaziga ozodlikda qoladi.

Nashrning qayd etishicha, Xanter Bayden va uning himoyasi AQSh prezidentining afvidan umid qilmayapti. Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Perning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, Jo Bayden o‘g‘lini afv etishni rejalashtirmagan.

Kichik Baydenning himoyasi sudda o‘z mijozi barcha soliq qarzdorliklarni to‘laganini ta’kidladi. Ish materiallariga ko‘ra, Xanter Bayden «Burisma» ukrain gaz kompaniyasi va Xitoydagi xususiy investitsiya fondi boshqaruv a’zosi bo‘lgan holda 2016 yildan 2019 yilga qadar yetti million dollar ishlab topgan. Ushbu bitimlar doirasida u soliq to‘lamagan, qo‘lga kiritgan mablag‘larini giyovand moddalar va hashamatli buyumlar xaridiga sarflagan.

Ko‘proq yangiliklar: