Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Asqar Akayev Jogorku Keneshga (parlament) «sobiq prezident» maqomini tiklash bo‘yicha so‘rov yo‘lladi. Parlamentning Konstitutsiyaviy qo‘mitasi rahbari Cho‘lpon Sultonbekova so‘zlariga ko‘ra, Akayevning murojaati 5 sentabr kuni kelib tushgan.
Sultonbekova maktubni o‘qib chiqqach, fraksiya yetakchilariga jo‘natishini, shundan so‘ng maslahatlashuv o‘tkazilishini aytdi. Bu juda uzoq jarayon va parlament qanday qaror qabul qilishi noma’lum, deb qo‘shimcha qildi u.
Asqar Akayev Qirg‘izistonni mustaqillikning ilk yillaridan 2005 yilgacha boshqargan. Mamlakatda inqilob yuz berib, Qurmanbek Bakiyev hokimiyatga kelgach, ag‘darilgan Akayev va uning oila a’zolari Rossiyaga qochib ketgan.
Moskvada u ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullandi. Keyinchalik Qirg‘izistonda Akayevga nisbatan mansab vakolatini suiiste’mol qilganlik, 1992 yilda «Kameko» kompaniyasi bilan bosh shartnoma tuzish va 2003 yilda «Qumtor» loyihasini tasdiqlashda beparvolik qilgani aybi qo‘yildi. So‘ngra, «sobiq prezident» maqomidan mahrum etildi.
Biroq, 2021 yil avgustida Akayev Qirg‘izistonga qaytib, «Qumtor» ishi bo‘yicha tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ldi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga ko‘rsatma berganidan so‘ng, u o‘z vatandoshlariga videomurojaat qilib, «Qumtor» loyihasi bo‘yicha qaror qabul qilishda xatolarini tan oldi va uzr so‘radi. 2023 yilda Aqayevga nisbatan jinoiy ta’qib qilish da’vo muddati o‘tgani sababli tugatildi.
Aqayevga «sobiq prezident» maqomining qaytarilishi bir qancha imtiyozlarni beradi. Jumladan,
- huquqiy ta’qibdan to‘liq immunitetga ega bo‘ladi, uni hatto so‘roq qilish taqiqlanadi. U va uning mulki daxlsiz bo‘ladi;
- umrbod davlat muhofazasiga olinadi;
- sobiq prezidentga ham, uning yaqin qarindoshlariga ham davlat hisobidan to‘liq tibbiy yordam ko‘rsatiladi;
- yuqori pensiya to‘lovlariga ega bo‘ladi;
- umrbod foydalanish uchun davlat dala hovlisini oladi;
- sha’ni va qadr-qimmati qonun bilan himoya qilinadi;
- sobiq prezident vafotidan keyin oilasiga beriladigan nafaqa, uning vafot etgan kunida belgilangan eng kam pensiyaning olti baravari miqdorida bo‘ladi.