Poyezdlar to‘xtab turganida ham konditsioner o‘chmaydigan bo‘ladi - O‘TYY rahbari

O‘zbekiston 20:29 / 05.09.2024 5425

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi eskirgan yuzta vagondan voz kechadi, deya ma’lum qildi kompaniya rahbari Sharofiddin Qodirov. Uning so‘zlariga ko‘ra, poyezdlarda dizel yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarish orqali vagonlar vokzalda to‘xtagan paytda ham konditsioner ishlashini ta’minlash choralari ko‘riladi.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ kompaniyasi 5 sentabr kuni matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda jamiyat bosh direktori Sharofiddin Qodirov ham ishtirok etib, jurnalistlar savollariga javob berdi.

Qodirov tarmoqda videosi tarqalgan, shou-biznes vakillari bo‘lgan vagonda sovitish tizimi ishlamaganiga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muqobil energiyada ishlashga moslashtirilmagan 100 ta vagon ekspluatatsiyadan chiqariladi, chunki ular vokzalda turgan vaqtda elektr energiyasi bilan ta’minlanmaydi, faqat poyezd yurganidan keyingina generator ishlab, tok beradi.

Har yili ikki oy davomida juda issiq bo‘ladi. Haroratning keskin oshishi natijasida “posadka” vaqtida [konditsioner] ishlamay turadi, xalqning e’tirozlari to‘g‘ri. Poyezd yurgandan keyin ishlashni boshlaydi.

Biz 320 ta yo‘lovchi vagonini ishlatamiz. Bu – texnika. Mana, artistlarimiz chiqishdi, buzilib qoldi, ishlamayapti deb. Texnika, kompressorlar ham 40 gradusdan keyin qizib ketadi. Chunki vagonlarimiz 35 yil ishlagan, ayrimlarida konstruktiv jihatdan konditsioner umuman ko‘rsatilmagan, o‘rnatilmagan, 54 voltda yuradi. Kim hozir Xorazm yo‘nalishida yurgan bo‘lsa, tarkib tubdan yangilangan, hammasida konditsioner bor.

Endi biz dizel poyezdlar yaratyapmiz. Oldida dizel bo‘ladi, siz chiqsangiz, vokzalda turgan paytda ham ichida harorat ushlab turiladi. Muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarib, ta’minlab turiladi. Biz shu narsa bo‘yicha o‘zimiz kurashyapmiz. Lekin buzilib qolish holatlari, bu – texnika. 320 ta vagondan boring 2-3 tasi buzilib qolishi holati ham bo‘lishi mumkin, bu – texnika. Biz har doim choralarini ko‘rib turamiz”, – dedi Qodirov.

Ko‘proq yangiliklar: