Polsha Lvivda vayron bo‘lgan uylarni tiklashga yordam berishga tayyor

Jahon 12:16 / 05.09.2024 2087

Rossiyaning Lvivga uyushtirgan yirik raketa hujumlaridan so‘ng Polsha bosh vaziri Donald Tusk Polsha hukumati vayron bo‘lgan binolarni tiklashda yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi. «Lvivga yordam kerak! Shahar markazi Rossiya hujumi nishoniga aylandi. Ko‘plab tarixiy binolar shikastlangan», — deb yozdi Tusk X ijtimoiy tarmog‘ida.

Lviv Ukrainaning g‘arbiy qismidagi eng yirik shahar bo‘lib, u Polsha bilan chegaradan atigi 60 km uzoqlikda joylashgan. Rossiya tomoni Ukrainaning g‘arbiy hududlarini o‘qqa tutayotganda, Polsha rasmiylari o‘z aviatsiyasini tobora ko‘proq osmonga ko‘tarmoqda. Shunday qilib, 4 sentabrga o‘tar kechasi Polsha va ittifoqchilarning jangovar samolyotlari sakkiz kun ichida uchinchi marta trevoga bo‘yicha ko‘tarildi, deb xabar berdi Polsha qurolli kuchlarining tezkor qo‘mondonligi.

Rossiyaning Lvivga hujumi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi

Lviv meri Andrey Sadovoy va Lviv viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiyning xabarlariga ko‘ra, 4 sentabr tongida Rossiyaning Lvivga raketa hujumi natijasida kamida yetti kishi halok bo‘lgan, ulardan uch nafari bola, yana 64 kishi yaralangan. Yaradorlar shahar shifoxonalariga yotqizilgan, besh nafar bemorning ahvoli og‘ir. 

Avvalroq, mahalliy vaqt bilan taxminan 05.40 da Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari Lviv viloyati yo‘nalishida uchayotgan «ikki guruh qanotli raketalar» haqida ogohlantirgan edi. Ukrainaning Liga.net internet nashriga ko‘ra, soat 05.50 atrofida Lvivda ikkita kuchli portlash sodir bo‘lgan. Maksim Kozitskiy so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning o‘qqa tutishi natijasida Lvivdagi turar joy binolari ham zarar ko‘rgan.

Lviv viloyatida 4 sentabr kuni Rossiyaning hujumi natijasida temiryo‘lda elektr ta’minoti uzilib qoldi, deb xabar berdi «Ukrzaliznitsya» kompaniyasi matbuot xizmati. Tashishni ta’minlash uchun zaxira teplovozlar olib kelindi.

Ko‘proq yangiliklar: