«G‘azab va umidsizlikdan baqirgim kelyapti». Lvivlik erkakning rafiqasi va uch qizi halok bo‘ldi

Jahon 10:30 / 05.09.2024 13232

Lviv shahri meri Ondriy Sadovoy ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ushbu oila fotosuratini e’lon qilgan. U suratdagilardan birgina erkak tirik qolganini yozgan.

«Yevgeniya hamda ularning uch qizi — Yarina, Darya va Emiliya — o‘z uylarida halok bo‘lishdi», — deya yozgan Sadovoy.

Chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina bo‘ylab yopirilma zarba yo‘lladi. Rossiyalik harbiylar Lviv shahri markaziga ballistik raketalar, jumladan, «Kinjal»lar bilan hujum qilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, ikkita kuchli portlash ro‘y bergan. Bir necha uy vayron bo‘lgan, jami 70 dan ortiq bino shikastlangan, shundan ko‘pchiligi — turar joylar.

Raketa zarbasi vaqtida yetti kishi halok bo‘lgan, ular orasida bir oilaning 7, 18 va 21 yoshlardagi farzandlari ham bor.

Keyinroq FVDX zarba vaqtida ona va uch qiz zinapoyada bo‘lgani, ota esa kvartiraga qaytgani haqida xabar qilgan.

Fotodagi qizlardan biri Darya Bazilevich Ukraina katolik universiteti talabasi bo‘lgan.

Universitetning feysbukdagi sahifasida qoldirilgan hamdardlik postida qiz haqida ma’lumotlar keltirilgan. U universitetning gumanitar fanlar fakulteti «Madaniyatshunoslik» dasturi ikkinchi kursida o‘qiyotgandi.

U faol talaba bo‘lgan, «Ko‘ngillilar laboratoriyasi»da ustozlik qilgan, teatr studiyasida shug‘ullangan, aktyorlik san’atini o‘rgangan.

Darya Bazilevichning suratini u o‘qigan Ukraina katolik universiteti e’lon qilgan

Uning opasi — Yarina Bazilevich (Ondriy Sadovoy e’lon qilgan suratda u eng orqada) — 21 yoshda edi.

U «Lviv — Yevropa yoshlar poytaxti 2025» ofisi dasturlar menejeri bo‘lib ishlagan. «U Yoshlar markazi tashkil etilganidan buyon, keyin esa TVORI! tarmog‘ida biz bilan birga ishlagan» — deyiladi Ukraina katolik universiteti bayonotida.

Yarina Bazilevich 21 yoshda edi, u «Lviv — Yevropa yoshlar poytaxti 2025» ofisida ishlagan

BBC Ukraina xizmati muxbiri Janna Bezpyatchuk fojiadan oldinroq Yarina bilan gaplashgan, ular hamkorlik to‘g‘risida kelishib olishgandi.

«Yarina shahar yoshlari loyihalari dasturi menejeri edi. U „Molodvij“ umumukraina festivalini tashkillashtirgan va media mustaqilligi bo‘yicha muhokamada ishtirok etishga taklif qilgandi. Bu uchrashuv bir necha kundan keyin bo‘lib o‘tishi kerak edi», — deydi jurnalist.

«Men yaqindagi yozishmamizga qarayapman va Yarina endi hech qachon javob qaytarmasligiga ishona olmayapman, — deya qo‘shimcha qilgan Bezpyatchuk. — Shunday yorqin, juda yosh edi. Ammo allaqachon professional, chinakam g‘ayratli va juda samimiy edi. Cheksiz dahshat va og‘riq his qilyapman».

Oila boshlig‘i Yaroslav Bazilevich mashhur ukrain shoiri va jamoat arbobi, 19 asr oxiri va 20 asr boshlarida yashagan Ivan Frankoning avlodi (Ukraina oblastlaridan va shaharlaridan biri - Ivano-Frankovsk uning sharafiga nomlangan). U sovet oshpazi, qator kulinar kitoblar muallifi Olga Franko (Bilevich)ning qarindoshi bo‘lgan Zoryan Bazilevichning nabirasidir. Bu ma’lumotni Lvivdagi «Franko uyi» muzeyi direktori tasdiqlagan.

Ukraina katolik universiteti saytida aytilishicha, Yaroslav Bazilevich kritik holatda qolmoqda.

Ukrainadagi skautlar tashkiloti «Plast»ning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozilishicha, ona va uch qiz uning faol a’zolari bo‘lishgan.

Yevgeniya, Yarina va Darya Ukrainadagi «Plast» skautlar tashkilotining faol a’zolari bo‘lishgan

Ukraina katolik universiteti prorektori Sofiya Opatskaya BBC Ukraina xizmatiga qizlarning onasi Yevgeniyani 20 yildan oshiq vaqtdan buyon tanishini aytgan. U 2001 yilda Lviv menejment institutida uning talabasi bo‘lgan.

Bu «Ukraina an’analariga ega bo‘lgan ajoyib oila edi», deydi Opatskaya.

Yevgeniya ijodkor ayol bo‘lib, bo‘sh vaqtlarida zargarlik buyumlarini yasash bilan shug‘ullangan.

Instagramdagi foydalanuvchilardan biri storizida bu oilani yaxshi taniganini aytgan. «G‘azab va umidsizlikdan shunchaki baqirgim kelyapti», — deya yozgan ayol.

«Yevropa markazida Rossiya ukrainlarni butun oilasi bilan yakson qilmoqda», — deya yozgan Ondriy Sadovoy.

Uning posti ostida odamlar oila halokati bo‘yicha hissiyotli izohlar qoldirishgan.

Lvivga yo‘llangan zarbalar oqibatida jami 7 kishi halok bo‘lib, 50 dan ortiq kishi yaralangan. Undan oldinroq Rossiyaning Poltavadagi Aloqa institutiga zarbasi oqibatida 53 kishi halok bo‘lib, 298 kishi yaralangan.

Ko‘proq yangiliklar: