«Boshqa bahona yo‘q». Mundialga olib chiqadigan 4 sabab

Sport 12:28 / 05.09.2024 15587

Albatta, milliy jamoa futbolchilarini ortiqcha hayajondan xoli qilish, o‘yinlarga to‘g‘ri baho berilishini ta’minlash murabbiyning vazifasi. Katanets bu faktorga ahamiyat berishining o‘zi bu borada muammo bo‘lmasligiga umid beradi.

Lekin jurnalistlarda, yillar davomida mundial orzusida yashab kelayotgan muxlislarda bu safar muvaffaqiyatni qattiq istashga asoslar yetarli. Kamida bizga avvalgi saralash o‘yinlarida xalaqit berib kelgan bir qator to‘siqlardan ozodmiz. Quyida mana shular haqida so‘z boradi va umid qilamizki, jamoamiz bu safar uddalaydi va Srechko Katanets muvaffaqiyatsizlik uchun yangi turdagi sabablarni o‘ylab topgan emas, o‘zbeklarni mundialga ilk marta olib chiqqan murabbiy sifatida tarixda qoladi.

Taqvim

Ushbu bosqichda dastlabki turlarda ochko to‘plash juda muhim sanaladi, zero raqiblar saviyasi bir-biriga yaqin bo‘lganidan, ilk o‘yinlardagi g‘alabalar jamoaga qo‘shimcha ishonch berib, bosimni kamaytiradi ham. Aynan shu borada shu paytgacha omadimiz kelmagandi. Dastlabki urinishimizda (JCh-98) ilk uch o‘yinni safarda Yaponiya, Koreya va Qozog‘istonda o‘tkazganmiz va bu o‘yinlarda olingan atigi 1 ochko keyingi taqdirimizni belgilab bergan.

Keyingi saralashda safarda BAA dan 1:4, JCh-2010 saralashida Qatarda 0:3 hisobida mag‘lubiyatlar qayd etilgan. JCh-2006 saralashi so‘nggi bosqichi ilk turida Toshkentda Saudiya Arabistoni bilan durang o‘ynaganmiz. JCh-2014 da ancha kuchli jamoaga ega bo‘lsak-da, Eronga qarshi ilk turda Toshkentdagi mag‘lubiyat butun musobaqa davomida pand bergan. Esingizda bo‘lsa, bir qator yetakchi futbolchilarimiz avvalgi o‘yinlarda ataylab sariq kartochka olgani tufayli diskvalifikatsiya qilingan, o‘yinda esa, haqqoniy gol hisobga olinmagandi.

Aynan yomon start tufayli biz JCh-2010 va JCh-2014 saralash o‘yinlarida murabbiylarni almashtirganimiz ham yakunda foyda bermaganini ham eslab o‘tish lozim. Umuman, shu paytgacha O‘zbekiston biror marta butun saralash bosqichini bir murabbiy bilan boshlab, yakunlamagan.

Faqat JCh-2018 saralashida oxirgi bosqichni yaxshi boshlay olganmiz, Qatar va Suriya mag‘lub etilib, 6 ochkoni qo‘lga kiritganmiz. Qarang, o‘sha turnirda biz ko‘p o‘yinlarda pand yeganmiz, Suriya va Xitoy bilan kutilmagan ochkolar yo‘qotilgan, ammo shunda ham, oxirgi o‘yinda Toshkentda Koreyani mag‘lub etsak, to‘g‘ridan to‘g‘ri mundialga chiqish imkoniyati saqlanib qolgandi. Aksincha, JCh-2014 saralashida yuqorida eslangan Erondan mag‘lubiyatdan so‘ng, Livanda ham durang o‘ynaganimiz, keyinchalik qatorasiga g‘alabalarni qo‘lga kiritsak ham, yakunda yetarli bo‘lmagan. Ya’ni baribir dastlabki turlardagi ochkolar deyarli so‘nggi o‘yinlargacha bizni kurashda olib qoladi, da’vogarlar safidan chiqarib yubormaydi. Shu jihatdan juda muhim.

Demak, dastlabki ikki turda guruhning qog‘ozdagi autsayderlariga qarshi o‘ynashimiz bizga qulaylik taqdim etadi. Shimoliy Koreyani Toshkentda mag‘lub etishimizga ishonamiz, keyingi tur ham, aytaylik, har qanday syurpriz (Falastinni eslang) kutilishi mumkin bo‘lgan uzoq safarda emas, qo‘shni Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadi. U yerda ham o‘zimizni uydek his qilishimiz, ortiqcha hayajonlanmasak, kerakli ochkolarni qo‘lga kiritishimiz shubhasiz.

Bundan tashqari, oktyabrga belgilangan 3-4 tur o‘yinlari Toshkentda bo‘lib o‘tishi ham qo‘shimcha sovg‘a deyish mumkin. Eron va BAA sentabrdagi raqiblarimizdan kuchliroq bo‘lsa-da, o‘z maydonimizda munosib o‘yin ko‘rsatishimiz, hamda kuzni peshqadamlardan biri sifatida yakunlashimiz mumkin.

Yaponiya va Koreya yo‘q. Avstraliya ham

Biz qatnashgan hamma JCh saralash so‘nggi bosqichlarida bizga yo Yaponiya yo Janubiy Koreya raqib bo‘lgan va sharqlik qit’adoshlarimiz bizga doim noqulay bo‘lib keladi. Uchta saralashda Janubiy Koreya, bittasida Yaponiya va yana bir marta ham Yaponiya, ham Koreya bilan bir guruhdan joy olganmiz. O‘tkazilgan jami 12 o‘yindan 5 tasida durang o‘ynagan bo‘lsak, 7 marta mag‘lubiyat alamini totganmiz. To‘g‘ri, bir marta Yaponiyani safarda 1:0 hisobida mag‘lub etganimizni ham eslashingiz mumkin, ammo o‘sha o‘yinlar 3-saralash bosqichida bo‘lgandi. Hal qiluvchi pallalarda biz na Yaponiyani, na Janubiy Koreyani mag‘lub etishni uddalaganmiz.

Faqat JCh-2002 saralash o‘yinlarida biz Yaponiya yo Koreya bilan to‘qnash kelmagandik. Ammo o‘shanda ham ular bizga pand bergan – aynan shu ikki davlat mundialga mezbonlik qilgani uchun Osiyoga beriladigan yo‘llanmalar soni kamaygandi. Natijada faqat guruh g‘olibiga yo‘llanma taqdim etiladigan bosqichda imkoniyatni Xitoyga boy berganmiz.

Turli yillarda jamoalar turli davrlarni boshdan kechirishadi, masalan, Eron ham doimiy favorit sanalsa-da, 2012 yilda safarda g‘alaba qozonganimiz yoki saudlar ustidan Osiyo kubogida ustun kelganimizni eslash mumkin. Umuman, arab yo forslarga qarshi munosib harakat qilishimiz yangilik emas. Ammo uch jamoa borki, bizga doimiy noqulay sanaladi va hech qachon ularni jiddiy o‘yinda mag‘lub eta olmaganmiz. Yuqorida tilga olingan Yaponiya va Koreyadan tashqari, Avstraliya milliy jamoasi ham bor. Xayriyatki, bu safar ular bilan o‘ynamay turib ham, chempionatga chiqish imkoniyati tug‘ildi.

So‘nggi bosqichdagi guruhlar soni ikkita emas, uchtani tashkil etgani uchun qur’ada bu jamoalar bizni chetlab o‘tdi. Balki, omad ham mana shuning ostida yashiringandir?

Tarkib

Nomlar borasida, aytaylik, 2008-2013 yillardagi jamoa kuchliroq ko‘rinadi. Osiyoning eng yaxshi o‘yinchisi Server Jeparovdan tortib, Odil Ahmedovning eng yaxshi davri, umuman, «Bunyodkor» va «Paxtakor»da toblangan, ko‘p vaqt birga to‘p surgan, ancha tajribali jamoaga ega edik.

Ammo bir muhim nuqta bor. Jahon chempionati saralash o‘yinlari yuklama va bosim jihatidan ancha yuqori darajadagi musobaqa hisoblanadi. Hal qiluvchi o‘yinlarni O‘zbekiston chempionatiga qiyoslab bo‘lmaydi. «Paxtakor» va «Bunyodkor» o‘sha davrlarda ancha kuchli jamoaga aylangan bo‘lsa-da, yil davomida ichki chempionatdagi raqiblarga nisbatan ancha yengil uchrashuvlarda o‘ynab kelishgan.

Ayni damda Yevropada to‘p surib, mashg‘ulot qiladigan futbolchilariga ega bo‘lgan Koreya yoki Avstraliyaga nisbatan ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan yengilib qolardik. Butun mavsum davomida farqli yuklama, yengil uchrashuvlar o‘ynab, bir nechtagina o‘yinda har tomonlama tayyor bo‘lish juda qiyin. Milliy jamoa murabbiylari yig‘inlarda har qancha tayyorgarlik ko‘rib, har qancha taktika va rejalar ishlab chiqmasin, juda qisqa vaqtga ega bo‘lishadi, ya’ni futbolchilarning umumiy holati, klublardagi yuklamalari baribir hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Shu jihatdan, nisbatan olganda ko‘nglimiz to‘qroq bo‘lishga asoslar bor. Biz hech qachon bu bosqichda tarkibimizda kuchli beshlik chempionatlari vakili bilan qatnashmagan bo‘lsak, bu safar naq ikki shunday futbolchimiz bor. Turkiya chempionati ham so‘nggi yillarda ancha rivojlandi, shuningdek, guruhdagi raqibimiz Eronning ichki chempionatida to‘p suradigan futbolchilarga egamiz. Ya’ni bu borada kamida guruhdagi raqiblarimizdan kam emasmiz va bemalol to‘p surishimiz mumkin. Futbolchilarning darajasi, tayyorgarligi borasidagi farqlarni balkim avvalgi turnirlarda tilga olish asosli bo‘lgandir, ammo bu safar bu bahona ham ketmaydi.  

Yo‘llanmalar soni ko‘proq

Bu eng muhimi. Mundial ishtirokchilari soni oshishi natijasida Osiyoga beriladigan yo‘llanmalar soni ham qariyb ikki barobar oshdi. Agar, shu paytgacha qatnashgan saralash o‘yinlarimizdagi egallagan o‘rinlarimizga qarab, avvaldan mana shunday formatni tasavvur qilsak, bir necha marta jahon chempionatiga chiqqan bo‘lardik. Chunki aksariyat hollarda yo‘llanmani qo‘lga kirita olmagan bo‘lsak-da, kuchli sakkizlikda bo‘lganmiz.

Formatni qisqacha aytib ketadigan bo‘lsak, biz bu bosqichda 6 jamoa 2 yo‘llanma uchun kurashamiz. Ikki jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritsa, uchinchi va to‘rtinchi o‘rinni olgan jamoalarda ham imkoniyat bo‘ladi. Hozirgi uch guruhdagi 3-4 o‘rinlarni olgan jami 6 jamoa yana ikki guruhga bo‘linadi va guruh g‘oliblari ham to‘g‘ridan to‘g‘ri final bosqichiga chiqishadi. Hatto shu bosqichda ham guruhda bo‘lolmagan, ammo ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar qit’alararo pley-off orqali mundialga chiqish imkoniyatini saqlab qoladi. Bunday sharoitda chiqmaslikning o‘zi qiyindek.

Ammo tanganing boshqa tomoni ham bor. E’tibor bersangiz, Yevropa chempionati final bosqichi uchun jamoalar soni oshirilgach, baribir ba’zi kuchli jamoalar qolib ketib, masalan, Vengriya, Albaniya, Gurjiston kabi jamoalar ham chiqib kelishyapti. Sababi, yo‘llanmalar soni oshishi aksariyat o‘rtamiyona raqiblarda ham imkoniyat hosil qilgach, endi ular ham boshqacha ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rishi mumkin. Avvallari Yaponiya, Koreya yoki Avstraliya shundog‘am kam bo‘lgan yo‘llanmalarni bron qilib qo‘yar, ko‘p jamoalar dastlabki mag‘lubiyatlardan keyin e’tiborni kamaytirib yuborar edi. Endi, yo‘llanmalar yetarli bo‘lgach, misol uchun, BAA kabi jamoalar ham bor imkoniyatini ishga solishi va asosiy raqibimizga aylanishi mumkin.

Qisqasi, to‘rt yo‘llanma uchun kurashib, oltinchi bo‘lishdan ko‘ra, sakkiz yo‘llanma uchun kurashib, sakkizinchi bo‘lish qiyinroq – chunki ikkinchi variantda vazifani uddalash turibdi, bu doim oson bo‘lmaydi. Bugun boshlanadigan mana shu bir qarashda xatarli bo‘lmagan, ammo qayerdadir syurprizlar ham kutib turishi mumkin bo‘lgan yo‘lda jamoamizga muvaffaqiyat tilaymiz.

Qahramon Aslanov 

Ko‘proq yangiliklar: