Lvivga raketa zarbasi: qurbonlar va yaralanganlar bor

Jahon 11:56 / 04.09.2024 9674

Lviv shahri ma’muriyati rahbari Andrey Sadovoy o‘z telegram-kanalida raketa zarbasi oqibatida shaharda yetti  kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan. Qurbonlarning uch nafari bolalar.

53 kishi yaralanib shifoxonaga yotqizilgan, shundan kamida yetti nafari bolalar. Yaralanganlardan besh nafari og‘ir ahvolda.

Qurbonlardan biri shahar poliklinikasida ishlovchi 50 yoshli hamshira, yana biri 14 yoshli qiz ekani ma’lum.

Zarba oqibatida asosiy vokzal hududi shikastlangan. Shahar markazida jami 50 dan ortiq binoga zarar yetgan, jumladan ikki maktab va ikkita tibbiyot muassasasiga.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 5:40 atrofida Lviv markazi ustidan bir necha raketa uchib o‘tgan, shundan keyin juda kuchli portlash ovozlari eshitilgan va chaqnash ko‘ringan.

Shahar uzra quyuq tutun ko‘tarilgan, zarba kelib tushgan joylarga tez yordam karetalari yetib kelgan.

«Shahardagi oddiy turar joylar, maktablar, tibbiyot muassasalari jabrlandi», — deya Lviv bo‘ylab zarbaga munosabat bildirgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, tunda Lvivdan tashqari Kriviy Rihga ham hujum qilinib, bu yerda besh kishi jarohatlangan. U «terrorga adolatli javob qaytarish» uchun yana bir bor ittifoqchilardan Ukrainaga uzoq masofaga harakatlanuvchi qurollar so‘ragan.

Sadovoyning xabariga ko‘ra, zarba hududiga aylangan uchta ko‘chada joylashgan uylarning ko‘plab derazalari to‘kilib tushgan. Bundan tashqari, shahar o‘qqa tutilishi tufayli ikkita maktabda o‘quv yili ochilishi keyinga qoldirilgan.

Sadovoy temiryo‘l vokzali atrofidagi vayrongarchiliklar aks etgan fotosuratlarni ham namoyish etgan. Suratda Anna va Yelizaveta cherkovi aks etgan bo‘lib, uni shaharga kelgan sayyohlar vokzaldan shahar markaziga kelishda tomosha qilishlari mumkin edi.

Lviv oblasti ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy oblast hududiga «Shaheed» dronlari va «Kinjal» raketalari bilan kombinatsiyalashgan hujum uyushtirilganini ma’lum qilgan. U zarba berilgan hududlarda infratuzilmalar ham, harbiy obektlar ham bo‘lmaganini qo‘shimcha qilgan.

Tungi hujum

Tun avvalida Ukraina qurolli kuchlari Havo kuchlari Rossiyaning Tu-95MS rusumli bir necha strategik bombardimonchilari Olenya aerodromidan havoga ko‘tarilganini ma’lum qilgan.

Mahalliy vaqt bilan ertalabki soat to‘rtlar atrofida Ukraina osmonida qanotli raketalarning bir necha guruhi harakatlangan, ularning ko‘pchiligi Lviv tomonga uchgan.

Shuningdek, Rossiya «Kinjal» gipertovushli raketalarini uchiradigan «MiG-31» rusumli ikkita samolyotini havoga ko‘targan. Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, bu aeroballistik raketalar ham Lviv oblasti yo‘nalishida harakatlangan.

Darhol oblast ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy Lvivga «Kinjal» raketalari tahdid solayotgani haqida ogohlantirgan va soat 5:46 da shaharda juda kuchli portlash ro‘y berib, devorlar titrab ketgan. «Kinjallar Lviv hududida. Havo hujumidan mudofaa kuchlari ishlamoqda», — deya xabar bergan shunda Sadovoy.

Bundan tashqari, Rossiya bu tunda «Shaheed» tipidagi uchuvchisiz uchar qurilmalarini uchirgan, ularning aksari Lviv atrofiga zarba bergan va shahar ustidan uchib o‘tgan.

Lvivga zarba vaqtida jabrlangan kishilardan biri, 2024 yil 4 sentabr
Roman Baluk / Reuters / Scanpix / LETA
Lvivda turar joy binosiga zarba oqibatlarini bartaraf etayotgan qutqaruvchilar, 2024 yil 4 sentabr
Roman Baluk / Reuters / Scanpix / LETA
Lvivda zarba oqibatida shikastlangan turar joy, 2024 yil 4 sentabr
Roman Baluk / Reuters / Scanpix / LETA

Polsha harbiy samolyotlarini havoga ko‘targan

Polsha qurolli kuchlari operativ qo‘mondonligi Rossiyaning Ukrainaga navbatdagi hujumi tufayli mamlakat harbiy samolyotlari havoga ko‘tarilgan.

Polshalik harbiylar X (sobiq tvitter) ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan xabarda «Rossiyaning Ukrainadagi nishonlarga havo va raketa hujumlari bilan bog‘liq holda Rossiyaning uzoq masofali aviatsiyasining qizg‘in faolligi kuzatilayotgani» aytilgan.

Xabarda Polsha «mamlakat havo kengliklari xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rayotgani» ta’kidlanadi. «Biz Polsha va ittifoqchilarning harbiy samolyotlari harakatga keltirilganidan ogohlantiramiz», — deya xabar qilgan mamlakat qurolli kuchlari.

Reuters agentligi Polsha aviatsiyasi so‘nggi sakkiz kun ichida uchinchi marta Rossiyaning Ukraina bo‘ylab zarbalari vaqtida havoga ko‘tarilganini eslatgan.

Rossiyalik harbiylar Lviv bo‘ylab zarbalar yuzasidan hozircha izoh bermadi.

G‘arbda joylashgan Lviv Ukrainaning sharqiy, shimoliy va markaziy hududlaridan farqli o‘laroq, Rossiya zarbalariga tez-tez duchor bo‘lmaydi.

Lvivda RF armiyasi zarbalari oqibatida jiddiy shikastlanish holatlari so‘nggi bor iyun oyi o‘rtalarida kuzatilgandi.

O‘shanda shahar va uning atrofida dronlar parchalari tushishi oqibatida bir necha uy shikastlangan, ilmiy-tadqiqot instituti qisman vayron bo‘lgan, kamida ikki kishi jarohatlangandi.

Lviv bo‘ylab zarba Poltava ballistik raketalar bilan o‘qqa tutilishidan keyingi kuni yo‘llandi. Bir kun oldingi zarba oqibatida 50 kishi halok bo‘lib, 271 kishi yaralangan. Rasmiylarning ma’lum qilishicha, Aloqa instituti binolaridan biri qisman vayron bo‘lgan, qurbonlarning aksari harbiy xizmatchilardir.

Ko‘proq yangiliklar: