Grossi: AES hech qachon harbiy nishonga aylanmasligi kerak

Jahon 09:52 / 04.09.2024 2135

Atom elektr stansiyalari (AES) hech qachon harbiy nishonga aylanmasligi kerak. Bu haqda 3 sentabr, seshanba kuni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bosh direktori Rafael Grossi Kiyevda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida DW savoliga javob berar ekan aytib o‘tdi.

«Atom elektr stansiyalariga hech qachon, hech qanday sharoitda va ular joylashgan davlat yoki joydan qat’i nazar, hujum qilinmasligi yoki ular harbiy nishonga aylanmasligi kerak. Bu hamma uchun amal qiladigan umumiy tamoyil», - deydi Grossi.

Shu bilan birga, AEXA rahbari Kursk va Zaporijjya atom elektr stansiyalarida (ZAES) sodir bo‘layotgan voqealarni solishtirmasligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Zaporijjya AESdagi vaziyatni «juda mo‘rt» deb ta’riflash mumkin, chunki u har qanday vaqtda, jumladan, dron zarbalari tufayli ham buzilishi mumkin. Grossining Zaporijjya viloyatiga tashrifi chog‘ida stansiyaning sovitish tizimlarini energiya bilan ta’minlashga e’tibor qaratilishi kerak.

«Energoatom»: Rossiya qo‘shinlari Zaporijjya AES elektr ta’minoti liniyasiga zarar yetkazdi 

2 sentabr kuni Rossiyaning Ukrainani navbatdagi ommaviy o‘qqa tutishi natijasida egallab olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasida (ZAES) Ukraina energetika tizimidan keluvchi elektr uzatish liniyalaridan biri shikastlangan. Bu haqda 3 sentabr kuni «Energoatom» Ukraina kompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qildi. «Ikkinchi liniya shikastlangan taqdirda, Zaporijjya AESining reaktor yadrolari va yonilg‘i saqlash havzalarini sovitadigan nasoslarga tashqi quvvat yo‘qolishi sababli favqulodda vaziyat yuzaga keladi», deyiladi xabarda.

Kompaniya matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, Rossiya qo‘shinlari tomonidan obektni qayta-qayta o‘qqa tutishi tahdidi tufayli ukrainalik mutaxassislar hozircha shikastlangan joyni ko‘zdan kechirib, elektr tarmog‘ini ta’mirlash ishlarini boshlay olmayapti. «Mutaxassislarga xavfsizlik kafolatlangandan so‘ng, liniya ta’mirlanadi», - deya aniqlik kiritdi «Energoatom» va ayni paytda Zaporijjyaya AES Ukraina energetika tizimiga faqat bitta elektr liniyasi orqali ulanganligini ta’kidladi, bu esa atom stansiyasi yuqori xavf zonasida ekanligini bildiradi.

Zaporijjya AES 2022 yildan beri sovuq o‘chirish rejimida 
 
Zaporojjya AES Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasidir. Rossiyaning Ukrainaga harbiy hujumi boshlanganidan so‘ng u rus qo‘shinlari tomonidan egallab olindi va u bir necha marta uchuvchisiz uchoqlardan hujumga duchor bo‘ldi hamda o‘qqa tutildi. Moskva va Kiyev bunda bir-birini ayblamoqda. AEXA Zaporijjya AESda «yadro xavfsizligining barcha ustunlari» yo‘q qilinayotganini bir necha bor ta’kidlagan.

Rossiya qo‘liga o‘tgandan beri Zaporijjya atom elektr stansiyasi o‘z hududidan tashqaridagi elektr uzatish liniyalari shikastlangani uchun kamida sakkiz marta quvvatini yo‘qotdi. O‘chirish vaqtida yadro yoqilg‘isining reaktorlarda va sovitish havzalarida xavfsiz holatda saqlanishiga tahdid mavjud. Stansiya 2022 yil 11 sentabrdan beri elektr energiyasi ishlab chiqarmaydi. Oltita ZAES reaktorining hammasi sovuq o‘chirish rejimida. 

Rossiya Ukrainadagi AES ishini to‘xtatib qo‘yishga urindi - Yermak 

29 avgust kuni Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak xabar berishicha, Rossiya hujumi paytidagi shikastlanish natijasida to‘rtta atom elektr stansiyasi elektr ta’minotisiz qoldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «dunyoga yadroviy falokat bilan tahdid qilmoqda».

Bir kun avval Ukraina rasmiylari Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikka (AEXA) 26 avgust kuni Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga raketa va uchuvchisiz uchoqlar bilan katta hujum uyushtirganida, Ukraina atom elektr stansiyalarining bir nechta energobloklari elektr tarmog‘idan uzilganini ma’lum qilgan edi. Ularga ko‘ra, Roven AESning birinchi, uchinchi va to‘rtinchi energobloklari elektr tarmog‘idan uzilgan. Bundan tashqari, dastlab Janubiy Ukraina atom elektr stansiyasining quvvati qisqartirildi, keyin Ukraina milliy energetika tizimidagi tebranishlar tufayli ushbu stansiyaning uchinchi energiya bloki o‘chirildi.

Ko‘proq yangiliklar: