Energetik mustaqillik asosi. O‘zbekiston yirik gaz eksportyoridan sof importyoriga aylandi

O‘zbekiston 15:54 / 04.09.2024 22464

Har qanday mamlakat, shu jumladan O‘zbekiston uchun ham tabiiy gaz resurslari strategik ahamiyatga ega. Bu mamlakat iqtisodiyoti, energetik xavfsizligi va tashqi savdo balansiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasi generatsiyaning 70-75 foizi gaz hisobiga amalga oshiriladi. Tabiiy gaz qazib olishning yildan yilga qisqarib borayotgani esa mamlakatning energetik mustaqilligiga jiddiy tahdid solishi mumkin.

13 yilda 30 foizlik qisqarish

Oxirgi yillarda O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish muttasil ravishda qisqarib bormoqda. Xususan, 2010–2023 yillar oralig‘ida bu qisqarish qariyb 30 foizni yoki 19,2 mlrd kub metrni tashkil qilgan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2010-2023 yillar oralig‘ida tabiiy gaz qazib olish dinamikasi quyidagicha bo‘lgan:

Statistika agentligi ma’lumotlari

Gaz eksport qiluvchi davlatdan sof importyorlikkacha

O‘zbekiston uzoq yillardan beri xorijga gaz eksport qiluvchi davlat bo‘lib kelgan. Lekin 2020 yildan boshlab, gaz eksporti keskin qisqargan.

2017 yilda 1 mlrd 390 mln dollarlik, 2018 yilda 2 mlrd 424 mln dollarlik, 2019 yilda 2 mlrd 257 mln dollarlik, 2020 yilda (pandemiya yili) 478 mln dollarlik, 2021 yilda 717 mln dollarlik , 2022 yilda 911 mln dollarlik, 2023 yilda esa 530 mln dollarlik gaz eksport qilingan.

2018-2023 yillar oralig‘ida xorijga gaz sotish qiymat jihatdan qariyb 4,6 barobarga qisqargan.

Alohida to‘xtalib o‘tish lozimki, shu paytgacha o‘zbek gazini xorijga sotish narxi biror marta ochiqlanmagan va bu “tijoriy sir” sifatida tavsiflanadi.

O‘zbekiston gazi asosan Rossiya, Xitoy, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarga eksport qilib kelinardi. 2020 yilda Rossiyaga eksport to‘xtatildi, Xitoyga yetkazib berish hajmi ham kamaya boshladi. Xususan, joriy yilning dastlabki 7 oyida 323 mln dollarlik gaz eksport qilindi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,6 foizga kam. Taqchillik sabab gaz eksporti qisqarib borayotgan bo‘lsa-da, to‘xtagani yo‘q. Bu rasmiy Toshkent va Pekin o‘rtasida gaz oldi-sotdisi bo‘yicha uzoq muddatli shartnoma borligi bilan izohlab kelinadi.

O‘tgan yildan boshlab rasmiylar mahalliy qazib olish taqchilligini Turkmaniston va Rossiyadan gaz import qilish hisobiga qoplashni boshladi. Jumladan, 2023 yilning avgust oyida rasmiy Toshkent va Ashxobod yiliga 2 mlrd kubmetrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha qisqa muddatli bitim imzoladi. Oktyabr oyidan boshlab esa rus gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish jarayoniga start berildi. Shu tariqa, uzoq yillar davom etgan noratsional iqtisodiy va energetik siyosat oxir-oqibat gazga boy mamlakatni boshqa davlatlarning gaziga muhtoj qilib qo‘ydi. Masalan, O‘zbekiston 2023 yilda 695 mln dollarlik gaz import qilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 984 mln dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 barobarga ko‘paydi.

Gaz bo‘yicha boshqa kelishuvlar kabi, import shartnomalari shartlari ham ochiqlangani yo‘q. Rossiya OAVga ko‘ra, o‘tgan yili rus gazining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga importi 1,22 mlrd kub metrni tashkil etgan. O‘zbekiston tomoni har 1000 kub metr gazni taxminan 160 dollardan sotib olgan. Taqqoslash uchun, Qirg‘iziston tomoni doimiy ravishda xarid narxiga oid ma’lumotlarni ochiqlab keladi. Qo‘shni respublika statistika idorasi rus gazini qariyb 112 dollardan sotib olayotganini qayd etgan.

Umuman olganda, 2023 yilda O‘zbekistonning gaz eksporti va importi o‘rtasidagi salbiy farq 165 mln dollarni, 2024 yilning 7 oyida esa 661 mln dollarni tashkil etdi.

O‘zbekistonning gaz zaxiralari qancha?

2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 1 trln 866,9 mlrd kub metrga baholangandi va joriy qazib chiqarish hajmlarida ushbu zaxiralar kamida 34 yilga yetishi ma’lum qilingandi. O‘sha yilning fevral oyida sobiq energetika vaziri Alisher Sultonov “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida “Gazimiz uchta O‘zbekistonni boqa oladi” deya ta’kidlagandi. 2023 yilning avgust oyida esa O‘zbekistonda 296 ta neft-gaz koni mavjudligi, ularda jami 1 trln 854 mlrd kub metr gaz zaxiralari borligi aytib o‘tildi.

OPEK tashkiloti tomonidan tuzilgan reytingda O‘zbekistondagi gaz zaxirasi 1 trln 522 mlrd kub metrga baholangan va dunyodagi umumiy gaz hajmining 0,74 foizi bilan 22-o‘ringa joylashtirilgan. Boshqa bir xalqaro manbada esa bu ko‘rsatkich 1 trln 840,5 mlrd kub metr ekani ko‘rsatilib, O‘zbekiston eng ko‘p tabiiy gaz zaxirasiga ega davlatlar qatorida 17-o‘rinda qayd etilgan.

Gaz qazib olish hajmini oshirish mumkinmi?

Bir necha o‘n yilliklarga yetadigan zaxiramiz bor ekan, xorijdan gaz sotib olmay, shuni ishlatsak bo‘lmaydimi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. O‘tgan yilda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham tabiiy gaz qazib olish hajmini yiliga 62 mlrd kubga yetkazish vazifasi qo‘yilgandi. Bu – ishlab chiqarish hajmi 7 yil ichida 33 foizga oshishi kerakligini anglatadi.

Ammo vaziyat yaxshilanayotgani yo‘q. Aksincha, oydan oyga gaz qazib olish hajmi kamayishda davom etyapti. Xususan, joriy yilning yanvar-iyul oylarida mazkur ko‘rsatkich 26,15 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,31 mlrd kub yoki 4,8 foizga kamaydi. “O‘zbekneftgaz” vakili davomli qisqarishni konlardagi zaxiralarning jadal sur’atda kamayib borayotgani bilan bog‘lagandi. Energetika vaziri esa buni mavjud texnologik yo‘qotishlar bilan ham izohlagandi.

Rasmiylarga ko‘ra, ko‘pgina konlarda qazib olish texnologik va iqtisodiy jihatdan qiyinlashgan, ishlab chiqarish xarajatlari qimmatlashgan, ishlab chiqarishni oshirish uchun sarmoya kerak. Ayni paytda, gaz qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha oxirgi yillarda qabul qilingan dasturlar, tashqi qarzlar va budjetdan yo‘naltirilgan katta miqdordagi mablag‘larning samarasi ko‘rinayotgani yo‘q.

Doston Ahrorov

Ko‘proq yangiliklar: