Shveytsariya 33 yildan keyin Iroqdagi elchixonasini qayta ochdi

Jahon 20:48 / 03.09.2024 1805

Shveytsariya bundan 33 yil oldin yopilgan Iroqdagi elchixonasini qayta ochdi, deb xabar beradi mamlakat Federal kengashi.

Qayd etilishicha, elchixonani ochish orqali Federal kengash aholi ko‘p bo‘lgan mamlakat bilan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash hamda iqtisodiy, xavfsizlik va migratsiya masalalari bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishni maqsad qilgan.

Iroqda jiddiy ichki mojarolardan keyin oxirgi yillarda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangan. Mamlakat iqtisodiy rivojlanish bosqichiga kirmoqda, shu bilan birga mintaqaviy vositachi va aloqalarni o‘rnatuvchi sifatida tobora muhim rol egallayapti. Iroq so‘nggi bir necha yilda mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga sezilarli darajada hissa qo‘shdi. Hozirda dunyoning 50 dan ortiq mamlakati Bog‘dodda o‘z elchixonasiga ega.

«Elchixona Shveytsariya—Iroq munosabatlarini mustahkamlash, iqtisodiyot, xavfsizlik va tinchlik sohalarida hamkorlikni rivojlantirish hamda Shveytsariya manfaatlarini ilgari surish yo‘lida faoliyat ko‘rsatadi. Iroqning energiya resurslari va uning diversifikatsiyalangan iqtisodiyoti Shveytsariya biznesi uchun uzoq muddatli eksport va investitsiya istiqbollarini ifodalaydi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, migratsiya sohasidagi hamkorlik ham Shveytsariya uchun ustuvor hisoblanadi. Adliya va politsiya federal vazirligi Iroqdagi migratsiya bilan bog‘liq loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: