Xorijda uylanib olgan er, tanglikda qoldirilgan ona va kaltaklanayotgan bola – asl aybdor kim?

Jamiyat 17:25 / 02.09.2024 14039

Ayol o‘z bolasini qiynoqqa solib, boz ustiga buni videotasvirga olib Rossiyada ishlayotgan eriga yuboradi. Bu video er orqali tegishli organlarga yetib boradi va ona jazoga tortiladi. Bu so‘nggi vaqtlarda ko‘p uchrayotgan o‘xshash hodisalardan biri. Kun.uz shu kabi hodisalar qay tarzda yuz berishiga, bunga qanday omillar sabab bo‘lishiga qiziqdi. Videoni tomosha qilib, "hammasiga faqat ayolning o‘zi sababchi" degan fikringiz biroz o‘zgarsa ajab emas.

Yaqinda o‘z bolasini qiynagan ayolga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Jamoatchilik voqeaning faqat shu tafsilotini eshitdi, xolos. Xo‘sh bungacha nima bo‘lgandi?

Ikki marta o‘xshamagan turmush – singan ruhiyat

Biz ismini shartli ravishda Surayyo deb ataydigan qiz yetimlikda buvisining qo‘lida, qiyinchilikda katta bo‘ladi. 19 yoshida qishloqdoshiga uzatiladi. Oradan xech qancha vaqt o‘tmay kuyov ishlash uchun Rossiyaga yo‘l oladi va u yerda boshqa ayolga uylanadi. Surayyo bilan ajrashadi va ayol buvisining uyiga qaytadi.

O‘z kunini o‘zi ko‘rishga harakat qilib, turli joylarda ishlab yurgan Surayyo 2020 yilda ikkinchi marta turmush quradi. Ammo 2-turmushda ham uni shunday taqdir kutadi – xorijga ishlagani ketgan eri uyga qaytmasligini, o‘sha yerda uylanganini aytadi. Kamiga Surayyoning qo‘ng‘iroqlariga javob bermaydi, o‘g‘li uchun pul ham yubormay qo‘yadi. Bola parvarishi bilan band, moliyaviy va psixologik tang holatdagi ayol bolasi bilan yana keksa buvining uyiga qaytadi.

Uning fikr-xayoli qanday bo‘lmasin erini uyga qaytarish edi. Shunday kunlarning birida u eri bilan videoqo‘ng‘iroq orqali gaplasha turib bolasini telefon kabeli bilan bo‘g‘adi va eriga agar qaytmasa o‘zini ham, bolani ham o‘ldirishini aytadi.

Ayolning bu harakati erkak tomonidan telefonga saqlab olinadi va IIBga yuboriladi. Tergov harakatlari olib borilib ish sudga oshiriladi.

Surayyo bu ishni jahl ustida qilganligini, aslida bolasini bo‘g‘maganligini, kabelni uning bo‘ynida yolg‘ondan ushlab turganini, bolasi uyqusi buzilgani uchun yig‘laganini aytadi. Lekin sud uni Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismining “a,v” bandlari va 112-moddasining (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi. Ayolga 2 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Ayolning bu holatga kelishida erkak aybdor

Keyingi vaqtlarda ayollar tomonidan turmush o‘rtog‘idan alamini olish maqsadida bolasiga azob berish holatlari ko‘paymoqda. Kuzatilgan holatlarning aksariyatida ayollar ishlash uchun chet elga ketgan turmush o‘rtog‘i bilan janjallashuv ortidan shunday qilishganini, bu asabiylikdan ekanligini ta’kidlashgan.

Psixoterapevt Guli To‘rayeva bu agressining sabablari haqida gapirdi:

“Fiziologik jihatdan ayolning organizmida har ikki soatda gormonlar o‘ynab turadi, erkaklarda esa bu holat bir kunda bir marta yuz beradi. Bu degani ayollar emotsional va o‘ta hissiyotga beriluvchan bo‘lishadi.

Bola tarbiyasi onaning o‘rni beqiyos, bola dunyoni ona orqali ko‘radi. Ilk mehrni, himoyani, hamma-hamma narsani onasi orqali ko‘radi. Lekin o‘sha narsani bolasiga berishi uchun onaning o‘zi to‘liq ta’minlangan bo‘lishi kerak. Ayol jismonan zaifa bo‘lgani uchun himoyaga muhtoj. Homilador paytida zaif, emizikli paytida zaif, tug‘ruqdan keyingi holatlarda zaif – mana shu paytda uning yonida himoyachisi bo‘lmasa, uni qo‘llab-quvvatlovchisi bo‘lmasa, bu zaif organizmga berilgan yuklama qiyinchilikni tug‘diradi.

Ayolning mana shu holatga kelishida erkak kishi aybdor. Bu keysda ayol agressiya ko‘rsatyapti, buni to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, bolalari orqali ko‘rsatyapti. Agressiyaga sabab ayolning ehtiyojlari qondirilmaganligi. Ayol nimaga muhtoj? Birinchi o‘rinda himoyaga va mehrga muhtoj. Himoya – iqtisodiy va ma’naviy bo‘lishi mumkin. Erkak uylanib ketgani ma’naviy, pul yubormasligi iqtisodiy himoya yo‘qligi hisoblanadi. Bu ehtiyojlari qondirilmagan ayolda agressiya yuzaga keladi”.

Bolalarning kattalar o‘rtasidagi munosabatda “qurol”ga aylanib qolish holati ko‘p uchraydi. Misol tariqasida ayrimlarini keltirib o‘tamiz.

Masalan, urgutlik ayolning o‘z farzandini kaltaklayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lgandi. U farzandini uradi va Rossiya davlatiga ishlash uchun ketgan turmush o‘rtog‘iga jo‘natadi.

Ayol suhbat davomida turmush o‘rtog‘i bilan so‘nggi paytlarda kelishmay qolgani, uni ko‘p haqorat qilishi haqida gapiradi. O‘sha kuni ham o‘rtada og‘ir gaplar aytilgach, o‘zini to‘xtata olmay qolganini ma’lum qiladi.

Hamma ota-ona ham farzandini urishi mumkin. Biroq men turmush o‘rtog‘imga achchiq qilib bunday qilganimdan qattiq afsusdaman. Bolalarimni jonimdan ortiq yaxshi ko‘raman. Endi erim bilan yashamagan taqdirimda ham bolalarimni olib ketaman va hech qachon ularga tazyiq o‘tkazmayman. Qattiq asabiylashdim, shu sababli o‘zimni to‘xtata olmay qoldim”, dedi ayol.

Uning ruhiy holatini o‘rgangan psixolog bu harakatni kuchli ruhiy holatda qilganini, eriga nimanidir isbotlamoqchi bo‘lganini ta’kidlagan.

Buxoro viloyatida kuzatilgan holatda esa ayol xorijdagi turmush o‘rtog‘i ularning holidan xabar olmayotgani va yetarlicha pul jo‘natmayotganidan jahl qilib, go‘dak yoshidagi qizlarini shafqatsizlarcha kaltaklaydi. Ayol bu harakati uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismida (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) ko‘rsatilgan huquqbuzarlik bo‘yicha aybli deb topilgan va jarima jazosiga tortilgan. Shuningdek, u farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ona sifatida ro‘yxatga olingan.

Bolaga zo‘ravonlikda erkakning ham ulushi borligini hisobga olish kerak

Psixolog Shoira Isoqova bu zo‘ravonlikda onani shu holatga olib kelgan otaning ham ulushi borligi hisobga olinmasdan ular jazodan tashqarida qolib ketishi, tanganing ikkinchi tarafini ham ko‘rish kerakligini ta’kidladi:

“Bunday vaziyatlarda ayollarimiz tajovuzkor bo‘lib, farzand tarbiyasidagi ilmsizligi tufayli bolalariga zulm o‘tkazayotganligini ko‘ryapmiz. Bu juda achinarli. Lekin bunda yillar davomida ayoliga e’tibor bermaydigan, xorijga chiqib ketib boshqa ayolga uylanib olgan erkaknlarga nisbatan jazo chorasi nega qo‘llanilmaydi? Axir ota-ona farzandi uchun bir xil mas’ul, bir xil majburiyatga ega emasmi? Faqat ayollar jazolanadi-yu, uni shu holatga olib kelgan, bolalaridan hatto telefonda xabar olmaydigan erkaklar jazodan tashqarida qolib ketadi. Bu noto‘g‘ri.

Bu masalani yechish uchun bolaga nisbatan agressivligi, tajovuzkorligi uchun jazo berayotgan paytda erkakning ulushini ham hisobga olishimiz kerak. Ayolning bu xatti-harakatiga erkak ham sababchi ekanligini unutmasligimiz kerak”.

O‘zbekistonda ajrimlar bo‘yicha rasmiy statistika oshib borayotgani sir emas. Bundan 10 yil oldin respublikamizda ajrashgan oilalar bir yilda 24 mingdan oshgan bo‘lsa, bugunga kelib bu raqam 50 mingga yetgan. Ular orasida ishlash maqsadida xorijga ketib uylangan va O‘zbekistondagi oilasidan ajrashganlar ham talaygina. Bunga yuqoridagi holat ham misol bo‘la oladi.

Albatta erning alamini boladan olayotgan ayollarni oqlab bo‘lmaydi. Lekin uning ruhiy va moddiy holatini shu vaziyatga olib kelgan sabablar ham inobatga olinishi zarur.Bu O‘zbekistonda ayollar orasida jinoyatchilik soni oshishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Gulmira Toshniyozova
Ruslan Saburov
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: