«Maxsus demografik operatsiya kerak» - Rossiyada aholi yiliga 600 mingga kamayayotgani aytildi

Jahon 11:50 / 02.09.2024 9645

Rossiyada kelgusida aholining total qirilib ketishining oldini olish uchun “maxsus demografik operatsiya kerak”, degan RFA iqtisodiyot-matematika markaziy instituti direktori Albert Baxtizin “Interfaks”ga bergan intervyusida.

Uning qayd etishicha, mazkur muammo “xalokatli xarakter”ga ega.

“Biz yiliga 500-600 mingdan qisqarib bormoqdamiz. Bu hududimiz kattaligi va iqtisodiyot uchun zarur o‘sish sur’atlarini saqlab turishda ko‘p sonli insonlar kerak bo‘lishini hisobga olganda milliy xavfsizlikka tahdid tug‘diradi. Binobarin, mamlakat aholisi o‘rnini nafaqat to‘ldirish, balki sonini oshirish ham bugunning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda”, — degan Baxtizin.

U BMTning asr oxirlariga borib Rossiya aholisi 120,5 mln kishigacha qisqarishi to‘g‘risidagi prognozini eslatib o‘tgan. Ekspert Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan moliyalashtiriladigan institutning 106 mlnlik pessimistik prognozi ham borligiga e’tibor qaratgan.

Rossiyada tug‘ilishlar sonini ko‘paytirishning samarali usullaridan biri sifatida Baxtizin dezurbanizatsiyani tilga olgan — bunda mamlakat hududi bo‘ylab aholi soni teng taqsimlanadi va insonlarning yashash maydonlari kengaytirib beriladi. Lekin u bunday tajribalar boshqa davlatlarda natija bermaganini ham eslatib o‘tgan. Chunki qishloq joylari turmush kechirish darajasiga ko‘ra, megapolislarga yutqazadi.

“Bizda ham shunga o‘xshash harakat bo‘ldi — “Uzoq Sharqdan bir gektar” loyihasi, lekin u ham mohiyatan biror natijaga olib kelmadi, chunki potensial ko‘chib o‘tadiganlarni ajratilayotgan yerning sifati va u yerni obodonlashtirish uchun ko‘tarma pullar qoniqtirmadi. Uyni qaysi pulga qurish kerak, odamlar? Eng asosiysi esa: odamlar ko‘chib o‘tishga tayyor bo‘lishi uchun rivojlangan infratuzilma bo‘lishi kerak. Bularning barchasi katta investitsiyalar talab qiladi”, — degan Baxtizin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, RFA prognozlari Rossiyada tug‘ilish darajasi yanada tushib ketishini ko‘rsatmoqda, bunga sabab 15-19 yosh orasidagi tug‘adigan yoshdagi, shuningdek 20-29 yosh orasidagi eng reproduktiv ayollar sonining sezilarli qisqarishidir. “Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilga borib, bunday ayollar soni 9 foizga qisqaradi”, — degan Baxtizin.

2023 yil yakunlariga ko‘ra Rossiyada tug‘ilish koeffitsiyenti (reproduktiv yoshdagi bir ayolga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha bola soni) 1,4 ga tushib ketgan, bu esa so‘nggi 17 yilning eng minimum natijasidir. Tug‘ilayotgan chaqaloqlar soni esa 10 yildan buyon qatorasiga qisqarib bormoqda. RF prezidenti Vladimir Putinning may oyida imzolangan farmoniga ko‘ra, 2030 yilga borib tug‘ilish koeffitsiyentini 1,6 ga, 2036 yilda 1,8 ga ko‘tarish talab qilingan.

“Prezident qo‘ygan bu maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun mamlakatga maxsus demografik operatsiya kerak”, — deya muxtasar qilgan Baxtizin, bunga faqat ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga katta moliyaviy sarmoyalar kiritish va sog‘liqni saqlash tizimini qo‘shimcha moliyalashtirish bilan erishish mumkinligiga ishora qilib. Shuningdek, u zarur choralar qatorida ijtimoiy taranglikni pasaytirish lozimligini ham sanab o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: