Isroilda ommaviy namoyishlar havo qatnovi, banklar, savdo markazlari va transport faoliyatini to‘xtatdi

Jahon 21:50 / 02.09.2024 6563

Isroilning eng yirik kasaba uyushmasi Histadrut ishchilarni 2 sentabr kuni iqtisodiyotning muhim tarmoqlari, jumladan bank sektori, sog‘liqni saqlash va mamlakatning asosiy xalqaro aeroporti Ben Gurion ishiga to‘sqinlik qilish maqsadida umumiy ish tashlashga chaqirdi, deb yozdi AP.

Namoyishlar G‘azoda garovga olingan isroilliklarning o‘ldirilganiga norozilik bildirish maqsadida uyushtirilgan.

Qayd qilinishicha, Tel-Avivdagi Ben Gurion aeroportida mahalliy vaqt bilan soat 8:00 dan 10:00 gacha parvozlar to‘xtatildi. Samolyotlar belgilangan vaqtdan oldinroq yoki biroz kechroq uchib ketdi. Shu bilan birga, rasmiylarga ko‘ra, ushbu davrda uchib kelgan reyslar vaqti o‘zgarmadi.

Shuningdek, ish tashlash tufayli banklar, yirik savdo markazlari va davlat xizmatlari yopildi, jamoat transporti harakati cheklandi.

Aholisi zich joylashgan markaziy Isroilda, jumladan Tel-Avivda maktab soatlari qisqartirildi va bolalar bog‘chalari yopildi. Ammo, ayrim aholi punktlari, jumladan Quddus ham ish tashlashda ishtirok etmadi.

The Times of Israel nashrining yozishicha, bu Hamasga qarshi urush boshlanganidan keyin eng yirik namoyishlar hisoblanadi.

Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich mamlakat bosh prokuroridan ish tashlashga qarshi shoshilinch taqiqlar qo‘yishni so‘ragan. Bosh prokuror nomiga yo‘llagan maktubida vazir ish tashlash urush davrida iqtisodiyotga zarar yetkazishi va xavfli pretsedent yaratishini ta’kidlagan.

Avvalroq, G‘azoda garovga olingan olti isroillikning jasadi topilganidan keyin yuz minglab odamlar Tel-Aviv va Quddus ko‘chalariga namoyishga chiqqan edi. Garovga olinganlarning oilalari va jamiyatning salmoqli qismi voqeada Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni ayblamoqda. Ularning fikricha, Hamas bilan kelishuvga erishilgan taqdirda garovga olinganlar tirik holda qaytarilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: