Energetika vazirligi Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Mustaqillikning 25 yilligi konida sodir bo‘lgan hodisa to‘g‘risida ma’lumot berdi.
«1 sentabr kuni soat 15:17 da Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, «Ko‘lqamish» MFY hududida joylashgan Mustaqillikning 25-yilligi koniga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayon buzilishi natijasida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgan.
Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.
Voqea tufayli fuqarolarning tan jarohati olishi yoki halok bo‘lish holatlari kuzatilmagan. Ayni paytda vaziyat to‘liq nazorat ostida», deyiladi xabarda.
O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga asosan, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Favqulodda vaziyatlar vaziri general mayor Abdulla Qo‘ldoshev, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyarov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov hodisa joyiga yetib borishdi. Bu yerda barcha tegishli vazirlik va tashkilotlarni jalb etgan holda, Tezkor shtab tashkil qilingan. Texnogen ofat asoratlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Hodisa to‘g‘risida yana batafsil ma’lumot berilishi aytilgan.
2 sentabrga o‘tar kechasi ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Boysun tumanida gaz chiqishi oqibatida odamlar yashab turgan uylaridan boshqa yerga vaqtincha ko‘chirilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Keyinroq favqulodda vaziyatlar vazirligi hodisa to‘g‘risida rasmiy ma’lumot berib, kondagi burg‘ilash ishlari vaqtida texnologik jarayon buzilishi oqibatida oltingugurt gazi chiqishi kuzatilganini ma’lum qildi.