Misr Efiopiya qurayotgan to‘g‘on bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashiga maktub yo‘lladi

Jahon 20:48 / 01.09.2024 3335

Misr Efiopiyadagi «Uyg‘onish» to‘g‘oni atrofida sodir bo‘layotgan voqealar sabab BMT Xavfsizlik kengashiga maktub yo‘lladi.

«Misr tashqi ishlar vaziri Badr Abdulati 1 sentabr kuni Efiopiya bosh vazirining «Uyg‘onish» to‘g‘onini to‘ldirishning beshinchi bosqichi haqidagi bayonotidan keyin BMT Xavfsizlik kengashi raisiga maktub yo‘lladi», — deyiladi xabarda.

Abdulati o‘z maktubida Misr Efiopiyaning to‘g‘on masalasi bo‘yicha siyosatini qat’iy qoralashini, mamlakat 2015 yilda Misr, Sudan va Efiopiya o‘rtasida imzolangan xalqaro huquq hamda bitim tamoyillarini buzayotganini ma’lum qilgan.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda Nil daryosida suv sathining ortishi va katta sa’y-harakatlarga qaramay, Efiopiyaning noqonuniy siyosati Misr va Sudan uchun xavfli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. «Misr davlati so‘nggi yillarda «Uyg‘onish» to‘g‘oni bo‘yicha bir tomonlama harakatlarning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga salmoqli hissa qo‘shdi», — deyiladi xabarda.

Efiopiya 2012 yildan beri Nilda to‘g‘on qurish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihani amalga oshirib kelmoqda. Ekspertlarning fikricha, uning ishga tushirilishi Sudan va Misrda suv tanqisligini yuzaga keltiradi.

2020 yilning yoziga kelib, Efiopiya energetiklari Ko‘k Nil daryosida «Hidase» gidroelektr stansiyasi qurilishining asosiy bosqichini yakunlagan edi. U Afrika qit’asidagi eng kattasi, jahonda yettinchi o‘rindagi bo‘ladi, bu GES Efiopiyani iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqishi, biroq mamlakatning kutilayotgan gurkirashi, daryoning quyi oqimida yashovchi 160 million kishi uchun ulkan muammolar yaratishi ham mumkinligi aytilgandi.

«Hidase» GESning balandligi 560 metr, kengligi 1700 metr bo‘lgan to‘g‘on Efiopiyaning eng g‘arbiy qismida Sudan chegarasiga 7 kilometr yetmasdan Ko‘k Nilning suvini to‘sgan. To‘g‘ondan 800 kilometr quyi qismida Ko‘k Nil Oq Nil bilan qo‘shiladi va yerda Sudan poytaxti Xartum joylashgan.

Ko‘proq yangiliklar: