Isroilda umumiy ish tashlash e’lon qilindi. Uning ishtirokchilari HAMAS qo‘lidagi asirlar ozod etilishini talab qilmoqda

Jahon 23:09 / 01.09.2024 5150

Isroilda 2 sentabr kuni umumiy ish tashlash bo‘lib o‘tadi. The Times of Israel’ning yozishicha, ushbu tashabbus mamlakatdagi yirik Kasaba uyushmasi federatsiyasi hisoblangan «Gistadrut» yetakchisi Arnon Bar-David tomonidan ilgari surilgan.

Namoyishchilar Isroil hukumatidan HAMAS ushlab turgan asirlarni zudlik bilan ozod etish yo‘lini topishni talab qilmoqda. Bar-Davidning fikricha, hukumat «siyosiy sabablarga ko‘ra» HAMAS bilan kelishuvlarni kechiktirmoqda.

«Asirlarni ozod etish bo‘yicha kelishuvga erishish — hozirda hamma narsadan muhim», — deydi Kasaba uyushmalari federatsiyasi yetakchisi.

Foto: The Times of Israel

Ish tashlashlar doirasida Tel-Avivdagi xalqaro aeroport ham faoliyatini to‘xtatadi, maktablar va bog‘chalar, hukumat va munitsipal muassasalar, sanoat korxonalari, ayrim savdo markazlari qisman yopiladi. Tibbiyot muassasalari esa dam olish kuni formatida ishlaydi.

1 sentabr kuni TsAXAL harbiylar G‘azo sektorida HAMAS tomonidan 7 oktyabr kuni o‘g‘irlab ketilgan yana olti nafar asirning jasadini topganini ma’lum qildi. Hozirda 90 ga yaqin asirning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda; harbiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 33 nafari o‘ldirilgan.

«Gistadrut» oxirgi marotaba umumiy ish tashlashni 2023 yil martda hukumat tomonidan sudyalarni tayinlashga ta’sir ko‘rsatish imkonini beradigan sud islohoti sabab tashkillashtirgan edi. Norozilik namoyishlari fonida islohot qoldirilgan. (Bir necha oydan keyin Knesset baribir tegishli qonunni ma’qullagan, biroq mamlakat Oliy sudi uni bekor qilgandi).

Ko‘proq yangiliklar: