"O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan "Innovatsiya, hamkorlik va tartibga solish — to‘qimachilik sanoati va tekstil sohasini harakatlantiruvchi kuchlar" deb nomlangan tadbirda 500 dan ortiq soha mutaxassislari, yirik xalqaro to‘qimachilik kompaniyalari, brendlar, moliya institutlari va chakana savdo vakillari ishtirok etadi.
ITMF kengashining 7 sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishi konferensiyani boshlab beradi. 8-10 sentabr kunlari rasmiy biznes dasturi doirasida konferensiya ishtirokchilari sanoatning eng dolzarb masalalari va muammolarini muhokama qiladilar: sun’iy intellektning ta’siri, ishlab chiqarishni raqamlashtirish, xalqaro tartibga solish, barqaror rivojlanish va ta’minot zanjirlarini optimallashtirish masalalari.
Konferensiya ma’ruzachilari sifatida Amerika kiyim-kechak va poyabzal sanoati assotsiatsiyasi (AAFA) prezidenti Stiven Lamar, Yevropa kiyim-kechak va to‘qimachilik konfederatsiyasi (EURATEX) bosh direktori Dirk Vantigem, Inditex guruhining barqarorlik bo‘yicha direktori Feliks Poza Pena va Cotton Analytics (AQSh), Indorama Corporation (Singapur) va boshqa kompaniyalar vakillari ishtirok etadilar.
Tadbir g‘oliblarning e’lon qilinishi hamda ITMF Awards va ITMF Start-up Award mukofotlarini taqdirlash bilan yakunlanadi. Ular 2024 yilda sanoatning eng ajoyib yutuqlari va innovatsiyalarini nishonlash uchun mo‘ljallangan.