Qozog‘iston banklari «Zolotaya korona»dan voz kechyapti

Jahon 09:28 / 30.08.2024 3597

Qozog‘istondagi bir qancha yirik banklar «Zolotaya korona» orqali pul o‘tkazmalarini to‘xtatdi. Xususan, Qozog‘istonning HalykBank, Bank RBK va Yevrosiyo banki rossiyaliklar bilan to‘lov operatsiyalarini amalga oshirishni to‘xtatdi. Bu haqda 29 avgust, payshanba kuni Rossiyaning TASS axborot agentligi xabar berdi. Uchta moliya instituti ham to‘lov tizimi bilan ishlash «texnik sabablarga ko‘ra» to‘xtatilganini bildirdi.

Freedom Bank birinchi bo‘lib bir kun avval to‘lov tizimi bilan ishlashdan bosh tortganini e’lon qildi va bu qadamni «texnik ishlar bajarilishi» bilan izohladi. Bank bayonotiga ko‘ra, to‘lov tizimidan qo‘shimcha ma’lumot olgandan so‘ng keyingi choralar ko‘riladi.

Shu bilan birga, Qozog‘istonning boshqa yirik banklari – TsentrKredit, Bereke Bank va Nurbank hozircha «Zolotaya korona» orqali to‘lovlarni amalga oshirishda davom etishini ma’lum qildi.

AQSh «Zolotaya korona» ishlab chiquvchisiga qarshi sanksiyalar kiritdi

«Zolotaya korona» - bu rossiyaliklar tomonidan chet elda pul yechib olish va mamlakat SWIFT'dan uzilganidan hamda Visa va Mastercard to‘lov tizimlaridan chiqib ketganidan keyin chet eldan pul olish uchun foydalaniladigan asosiy to‘lov xizmatlaridan biri.

23 avgust kuni AQSh Moliya vazirligi «Zolotaya korona» yaratuvchisi – «Tsentr finansovyx texnologiy» IT-kompaniyasiga qarshi bloklovchi sanksiyalar kiritdi. Endi Qo‘shma Shtatlarda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar kompaniya bilan o‘zaro aloqada bo‘lolmaydi va «Tsentr finansovyx texnologiy»ning o‘zi to‘lovlarni dollarda amalga oshirish imkoniyatini yo‘qotadi.

Avvalroq Rossiyadagi mijozlariga xorijda pul yechib olishda yordam bergan «Yunistrim» xizmati ham Ukrainadagi urush tufayli AQSh sanksiyalari ostida qolgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: