O‘zbekiston delegatsiyasi Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida dastlabki oltin medalini qo‘lga kiritdi. Mazkur chempionlik Asila Mirzayorovaga nasib etdi.
T11 klassida uzunlikka sakrash dasturida ishtirok etgan sportchi 5.24 metr natijani qayd etib, birinchi bo‘ldi. U ikkinchi o‘rindagi raqibini katta farq bilan (33 santimetrga) ortda qoldirdi.
E’tiborli tomoni, u dastlabki urinishda 5.22 metr natija qayd etib, 28 yildan buyon saqlanib turgan Paralimpiya o‘yinlari rekordini yangiladi. Beshinchi urinishida esa 5.24 metr natija ko‘rsatib, o‘zi o‘rnatgan rekordni ham yangilab qo‘ydi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 4 taga yetdi – 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza.
Ma’lumot uchun, ushbu yo‘nalishda avvalgi Paralimpiya o‘yinlari rekordi 1996 yil Atlantada o‘tkazilgan o‘yinlarda o‘rnatilgan. 28 yil avvalgi rekord ispaniyalik Ortiz Ochistkaga tegishli edi – 5,07 m.
Asila Mirzayorova 1999 yil 3 iyulda tug‘ilgan. 2017 yildan buyon para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zosi hisoblanadi. Musobaqalarda T11 klassida ishtirok etadi. Ikki karra Jahon chempioni, Hangchjou-2022 Para Osiyo o‘yinlarida oltin hamda Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan. 2023 yil Parijda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida oltin medal olib, Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlari litsenziyasiga ega chiqqan. «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi» faxriy unvoni sohibi hisoblanadi.