Paralimpiada kutilmalari. O‘zbekiston Riodagi rekordini yangilaydimi?

Sport 11:34 / 30.08.2024 23984

Bu galgi turnirga O‘zbekiston 9 ta sport turidan 65 nafar para atlet — jami 113 ta litsenziya bilan borgan. Bu O‘zbekiston uchun Paralimpiada tarixida rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Navbat medallar soni va sifati bo‘yicha ham rekordni yangilashgami?

Tarix

O‘zbekiston yozgi Paralimpiya o‘yinlarida 2004 yilda debyut qilgan va Afinada bir sportchi bilan qatnashgan — Yusuf Qodirov (pauerlifting). 2008 yilda yo‘llanmalar soni ikkitaga yetgan. Dastlabki medal esa London-2012da qo‘lga kiritilgan. Para dzyudochi Sharif Xalilov kumush medalga sazovor bo‘lib, O‘zbekiston tarixidan o‘rin olgan.

Rio-2016 — O‘zbekiston uchun eng muvaffaqiyatli Paralimpiada. 32 para atlet bilan borgan delegatsiya 31 ta medal bilan qaytgan — 8 oltin, 6 kumush, 17 bronza. Umumiy reytingda 16-o‘rin egallangan.

Tokio-2020da oltinlar soni bo‘yicha rekord takrorlangan, ammo umumiy medallar biroz kamroq bo‘lgan — 8 oltin, 5 kumush, 6 bronza va yakunda 21-o‘rin. Yaponiya poytaxtidagi musobaqada natija bundan ham yaxshi bo‘lishi mumkin edi, ammo koronavirus pandemiyasi o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. O‘zbekistonlik 25 nafar sportchiga nisbatan qattiq karantin talablari qo‘llangan. Lobar Xurramova, Sevinch Salayeva, Vasila Aliboyeva kabi medal keltirishi kutilgan dzyudochilar karantinga olingani sabab musobaqada ishtirok eta olishmagan.

Birinchi kundan medallar

Parijda birinchi kundayoq ikki medal qo‘lga kiritildi. Para suzishda S13 klassida 100 metrga batterflay usulida Muslima Odilova bronza bilan O‘zbekiston uchun medallar hisobini ochdi. Bu Muslima uchun Paralimpiya o‘yinlaridagi ilk muvaffaqiyat emas. U Rioda ikkita kumush medal olgandi.

Birinchi kundagi ikkinchi medalni Ziyoda Isoqova keltirdi. Para taekvondochi finalgacha yetib borib, yakunda kumush medal sohibiga aylandi.

Bu — faqat boshlanishi. Oldinda medallar shodasi kutayotgani, shubhasiz.

Qaysi sport turlaridan medallar kutilmoqda?

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida eng ko‘p litsenziya para yengil atletika sport turidan qo‘lga kiritilgan — 47. Tarkibda jahon va Olimpiada chempionlari Husniddin Norbekov hamda Safiya Burxanova, jahon va olimpiada chempioni Bobur Omonov, ikki karra jahon chempionlari Asila Mirzayorova va Nurxon Qurbonova, Tokio-2020 chempioni Mohigul Hamdamova, jahon chempionlari Qudratulla Ma’rufxo‘jayev, Izzat Turg‘unov va Yoqutxon Xolbekova, Para Osiyo o‘yinlari chempionlari Doniyor Saliyev va Kubaro Hakimova, Tokio Olimpidasi sovrindori Elbek Sultonov bor.

Para dzyudoda 8 ta yo‘llanma qo‘lga kiritilgan. Paralimpiada chempionlari Uchqun Quronboyev va Sherzod Namozov yana medallar uchun kurashadi. Shuningdek, jamoada jahon chempionati kumush medali sohibi Kumush Xodjayeva va Tokioda kumush medal qo‘lga kiritgan Dovurxon Karomatov ham bor.

Para taekvondoda jahon chempioni Ziyoda Isoqova kumush medal bilan pochinni ochib berdi. Oldinda Olimpiada chempioni Guljanoy Naimova, jahon chempioni Asad Toshtemirov, jahon chempionati kumush medali sovrindori Javohir Aliqulov va Zuhriddin Tohirovning chiqishlari kutmoqda.

Para pauerliftingda O‘zbekiston o‘zi uchun rekord lisenziat bilan borgan — 8. Avvalgi Paralimpiya o‘yinlarida 3 nafardan oshmagandi. Para Osiyo o‘yinlari g‘olibi, Tokio-2020 kumush medali sohibi Ro‘za Qo‘ziyeva, yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Ruxshona O‘ktamova, jahon kubogi g‘olibi Aqidaxon Axtamova medal taqdim etishi kutilmoqda.

Para suzishda 7 sportchi 25 ta lizensiya qo‘lga kiritgan. Taqqoslash uchun, Tokioda litsenziyalar 20 ta edi. Muslima Odilova bronza bilan delegatsiya hisobiga dastlabki medalni taqdim etib bo‘ldi. Rio-2016 chempioni Firdavs Musabekov, uch karra Para Osiyo o‘yinlari g‘oliblari Dmitriy Xorlin va Kirill Pankovni ham Parij shohsupalarida ko‘rsak, ajabmas.

Para kanoeda eshkak eshishda jahon va Osiyo o‘yinlari chempioni Shahnoza Mirzayeva, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Hasan Qo‘ldashev, Hayitmurod Sherqo‘ziyev, Azizbek Abdulhabibov, Shahnoza Mamadaliyeva va Iroda Rustamova Parijga yo‘l olishgan. Akademik eshkak eshishda esa Para Osiyo chempionlari Muhayyo Abdusattorova va Xolmurod Egamberdiyev sovrindorlar qatoridan joy olishga harakat qilib ko‘rishadi.

Shuningdek, Paralimpiadada ilk bor o‘zbekistonlik velosportchilar ishtirok etishadi. G‘olibbek Mirzayorov va Azimbek Abdullayev debyutda medal olishga urinishadi.

Delegatsiya yulduzlari

Parij Paralimpiya o‘yinlarida delegatsiya tarkibida shunday sportchilar borki, ulardan oltindan boshqa medal kutmaysiz.

Husniddin Norbekov — Rio va Tokio Paralimpiadalari chempioni, jahon chempioni, Para Osiyo o‘yinlari g‘olibi bejiz delegatsiya bayroqdori emasligini isbotlashga harakat qiladi. 37 yoshli yadro uloqtiruvchida O‘zbekiston tarixida 3 karra Paralimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan ilk sportchiga aylanish imkoni bor.

Asila Mirzayorova — ikki karra jahon chempioni, Tokio Paralimpiadasi kumush medali sohibi, Para Osiyo o‘yinlari g‘olibi. 25 yoshli atletga faqat Olimpiada chempionligi yetishmayapti va bu safar kumush oltinga aylanishi kerak. Asila Parijga rekordlar bilan kelmoqda — u 2024 yilgi jahon chempionatida uzunlikka sakrash dasturida bir yil avval o‘rnatgan rekordini takrorlab, g‘olib bo‘ldi.

Safiya Burxanova — Tokio Paralimpiadasi chempioni, jahon chempioni, Para Osiyo o‘yinlari g‘olibi. 34 yoshli yadro uloqtiruvchi Riodagi kumushini Tokioda oltinga aylantirgandi va bu safar chempionlikni himoya qiladi.

Bobur Omonov — jahon va Olimpiada chempioni, Para Osiyo o‘yinlari g‘olibi. 23 yoshli atlet ham chempionlikni himoya qiladi.

Nurxon Qurbonova — ikki karra jahon chempioni, Para Osiyo o‘yinlari g‘olibi, Tokio Paralimpiya o‘yinlari kumush va bronza medallari sovrindori. Nurxonga ham Asila kabi faqat Paralimpiada chempionligi yetishmayapti. 30 yoshli sportchi uch oy avval Kobeda o‘tgan jahon chempionatida nayza uloqtirish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi.

Mohigul Hamdamova — disk uloqtirishda Tokio Paralimpiadasi g‘olibi, Para Osiyo o‘yinlari g‘olibi. Delegatsiyaning 28 yoshli bayroqdoridan yana bir chempionlik kutiladi.

Uchqun Quronboyev — para dzyudochi Tokioda ko‘pchilik kutmaganida chempionlikni qo‘lga kiritgandi. Bu gal unga favorit sifatida qarashadi va Uchqun tengsizligini yana bir bor isbotlashi lozim.

Guljanoy Naimova — Tokio Paralimpiadasi g‘olibi. 23 yoshli para taekvondochi ikki karra chempionlik uchun dayanga chiqadi.

Shahnoza Mirzayeva — para kanoe bo‘yicha jahon chempioni, Para Osiyo o‘yinlari g‘olibi. 25 yoshli sportchiga Paralimpiada medali yetishmayapti.

Ro‘za Qo‘ziyeva — Para Osiyo o‘yinlari g‘olibi, Tokio Paralimpiadasi kumush medali sohibi. 30 yoshli atlet para pauerlifting bo‘yicha jamoaning yetakchi a’zosi sanaladi.

Alohida e’tirof etilmagan boshqa paralimpiadachilar ham Parijda o‘zlarini ko‘rsatib, Riodagi tarixiy natijani yaxshilash yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solishlariga umid qilamiz.

A’zamjon Izzatillayev

Ko‘proq yangiliklar: