Radioboshlovchi, vayner Akmal Mirzo va shoir Botir Ergashev “Oriat dono” radiosida efirga beriladigan “Biz kim” tok shousida davlat tashkilotlaridan budjet pulining qanday ishlatilayotganini so‘rayotgan jurnalist va blogerlarni malomat qilgani ortidan keskin tanqidlarga uchradi.
Eshittirishda Madaniyat vazirligining xarajatlari bilan birga, olimpiada sovrindorlarining taqdirlanishi haqida ham gap ketgan. Akmal Mirzo bunga sarflangan pullar haqida gapirgan shartli yo‘l quruvchisi va qishloq xo‘jaligi mutaxassisini “pandavoqi” deya haqoratlab, ular bolasini yaxshiroq maktabga berish haqida ko‘proq o‘ylashi kerakligini ta’kidlagan.
“Jahongir Ahmedovning zo‘r gapi bor-da. “Ba’zida o‘ylab qolaman: biz faqat futbol o‘ynashni va kino olishni bilmaymiz, qolgan hamma narsani qotiramiz-da”. Futbol masalasini hamma tahlil qila oladi-da, hayron qolaman, men bilmayman shekilli futbolni. Keling, kezi kelganda gapirib qo‘yaylik, o‘zbek futboli Osiyoda 50 ta davlatning ichida o‘ninchi bo‘lsa ham o‘rni bor. O‘zbek boksi dunyoda birinchi o‘rinda! Xo‘p, Bahodir Jalolovga mashina berilganini, qolgan bokschilarga mashina bermaslik kerak edi deb tahlil qilayotgan surbet! Sen o‘zingning sohangda O‘zbekistonning qayeridasan? Darajang qayerda o‘zi? Sening sohang o‘zi dunyoda qayerda? Markaziy Osiyoda davlat miqyosida olib qarasang qayerda?!
Yo‘l quruvchilari orasida Bahodir Jalolovni muhokama qilayotganlar bor-da. Yo‘lingni qil! Sifatli qilib yo‘lingni qil! Bugun qishloq xo‘jaligi sohasida 1-2 yil oldin tashxisini qo‘ya olmagan, oldindan sezmagan professional mutaxassis bugun Bahodir Jalolovni muhokama qilyapti. Qo‘pol qilib aytganda, 9-sinfda o‘qiydigan bolasining 3-sinf bilimi yo‘q miyasida. Bolangni yaxshiroq maktabga berish haqida o‘yla, pandavoqi!” – degan vayner.
Bunga javoban Akmal Mirzoning rasmiy sahifalaridagi postlar, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolari ostiga minglab negativ izohlar yozildi. Shundan so‘ng teleboshlovchi chiqish qildi va yana odamlarni aybladi. Aytishicha, uni tanqid qilayotganlar to‘liq videoni ko‘rmasdan turib xulosa chiqargan.
“Men kechagi tarqagan o‘sha postlar, bizning “Biz kim” dasturidagi bildirgan fikrlarimizga bildirilayotgan munosabatlarga, fikrlarga bir murojaat bilan chiqyapman. Murojaatim boshida aytmoqchiman, dasturda biz aytgan fikrlar hech kimning buyurtmasi emas. Hozir aytmoqchi bo‘lgan gaplarim ham qaysidir bir tashkilot yoki insonning tazyiqi ostida emas. Men o‘zimning vijdonimga quloq solib, bu gaplarni gapiryapman.
Afsus, hamon kontekstdan kesib olingan videolarga tayanib, munosabat bildirib yuboryapmiz. Nimaga? Nimagaki, ko‘rsatuv bo‘lganiga 1 hafta bo‘ldi. Bir hafta davomida 400 marta tomosha qilindi. Bor-yo‘g‘i 400 marotaba. Bir haftadan keyin bu videolar chiqib kelyapti. Kimlarningdir qo‘shtirnoq ichidagi “qahramonliklari” evaziga. Kechadan beri ko‘rsatuv hali 1000 marta ham ko‘rilmadi-da. O‘sha videolar chiqqanidan keyin 500 marotaba ham ko‘rilgani yo‘q ko‘rsatuv. Tushunyapsizmi? Lekin Facebook'da, Instagram'da 100 minglab negativ kommentariyalar. Nimaga biz faqat berdisini eshitib, bunaqa xulosa qilaveramiz? Ko‘rsatuvni ko‘ring, u yerda bizning maqsadimiz nima edi? Olimpiadada g‘olib bo‘lgan yigit-qizlarni, ularga berilayotgan sovg‘alarni muhokama qilayotgan ma’lum bir odamlarga qarata gapirganmiz, bu gaplarni. Boshlanishi shundan edi.
Ha, men adashdim. Men xato qildim. Hammamiz xato qilamiz. Nimada xato qildim? Bizning gapirish ohangimiz xato edi. Va “ba’zi birlar” degan so‘zni qo‘shmaganim xato edi. Men bu uchun xalqimizning mehnatkash, yaxshi niyatli, halol, vaqtida soliqlarni to‘laydigan odamlaridan, do‘stlarimizdan uzr so‘rayman. Ming bor uzr so‘rayman. “Oriat dono” radiosi jamoasi nomidan, “Biz kim” loyihasi nomidan, Botir Ergashev nomidan ming bor uzr so‘rayman”, dedi u.
Akmal Mirzo murojaatining davomida uni tanqid qilgan jurnalist va blogerlarni “chalasavod” deya ta’riflab, agar ular ham adashib qoladigan bo‘lsa, “payhon” qilib tashlashini aytdi.
“Endi o‘sha provokatsiya qilayotgan, kontekstdan kesib olingan videoni joylab, undoq edi, bundoq edi deyayotgan hurmatli chalasavod bloger va chalasavod jurnalistlar, sizlarga ham xudo bor. Biz bir chetga yozib qo‘ydik, barchangiz haqingizda. Ma’lum bir saytlar ham bor. Ishqilib sizlar adashib qolmanglar. Xudo ko‘rsatmasin, agar adashib qoladigan bo‘lsanglar, bizning ham qo‘shtirnoq ichidagi shunaqangi “armiyamiz” bor, qo‘yvoramiz, payhon bo‘lib ketasizlar. Ishqilib adashib qolmanglar”, dedi u.