OKMKda Istiqlol inshootlari foydalanishga topshirildi

Jamiyat 17:06 / 30.08.2024 2173

Ushbu obektlarning ochilish tadbirlarida OKMK rahbariyati, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Har bir obektning qurilish va ta’mirlash ishlarida ishtirok etgan bir guruh quruvchilar, loyihachilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Jumladan, 29 avgust kuni “Nuroniylar maskani” rasman o‘z faoliyatini boshladi.

Ushbu maskanda keksa nuroniy otaxonu – onaxonlarning dam olishlari uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Endilikda bu yerda keksalar kitoblarni mutolaa qilishlari, shaxmat, shashka kabi sport o‘yinlarini o‘ynashlari hamda ovqatlanishlari mumkin.

Shuningdek, 29 avgust kuni "Yoshlik-1" koni va uning kon-texnika majmuasini hamda “Qalmoqqir” konini tashqi elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan 110/35/6 kV kuchlanishli raqamli transformator podstansiyasi ham foydalanishga topshirildi.

Podstansiyaning elektr ta’minoti kuchlanishi 500/110/10 kV bo‘lgan “Tukket” podstansiyasidan doimiy ikki zanjirli VL-110 kV havo liniyasi orqali amalga oshiriladi. Podstansiyada quvvati 80 MVA bo‘lgan zamonaviy transformatorlar, yog‘li 110 kV kuchlanishli tok transformatorlari o‘rnatilgan.

Podstansiya avtomatika va rele himoyali bloklari, avariyaga qarshi avtomatika, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi, ma’lumotlarni yig‘ish va uzatish dispetcherlik boshqaruv tizimi bilan jihozlandi.

E’tiborlisi, podstansiyaning barcha metall konstruksiyalari va beton buyumlari mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan.

29 avgust kuni Samarqand viloyatidagi Ingichka volfram konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash loyihasining II navbati ishga tushirildi.

Fabrika sobiq Ingichka tajriba texnologiya ekspeditsiyasining foydalanilmayotgan binolari negizida barpo etildi.

Fabrikada jami 9 turdagi 43 ta yangi texnologik uskunalar o‘rnatilgan, kimyo laboratoriyasi, tahlil laboratoriyasi, boyitish tajriba sexi, maishiy binolar qurib bitkazilgan.

Loyihaga ko‘ra, bu  fabrikada Ingichka volfram konining 12 mln tonnadan ziyod texnogen chiqindilari qayta ishlanadi. Fabrikaning ikkinchi navbati ishga tushgach, yiliga qo‘shimcha 85 tonna volfram konsentrati olinadi.

Loyihaning ishga tushishi natijasida 120 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Bundan tashqari, 30 avgust kuni Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasining 2-sonli temir yo‘l sexi “Svinsovaya” stansiyasi hududida yangi temiryo‘l bazasi ham foydalanishga topshirildi.

Baza zveno yig‘ish uchastkasi va avtomobilga yoqilg‘i quyish stansiyasi hamda yoqilg‘i moylash materiallari ombori, vagonlarni ta’mirlash punktini o‘z ichiga oladi.

Mazkur obektning foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga 768 mln so‘m iqtisodiy samaradorlikka erishiladi.

Kombinat ijtimoiy soha obektlarini qo‘llab-quvvatlash ishlarini hali davom ettirmoqda. Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani “Eltamg‘ali” mahalla fuqaro yig‘inidagi 80 o‘rinli bolalar bog‘chasi qayta ta’mirlanib, foydalanishga shay holatga keltirildi. Shuningdek, ushbu mahalladagi 2 qavatli turar-joy binosi to‘liq ta’mirlandi, endilikda 14 ta kam ta’minlangan oila o‘z xonadoniga ega bo‘ladi.

Kapital ta’mirlash ishlari yakunlanayotgan Olmaliq shahridagi 12-sonli “Daryocha” bolalar bog‘chasi ham shu kunlarda yangicha qiyofada bolajonlarga tuhfa etilishi rejalashtirilgan.

OKMK Axborot xizmati

Reklama

Ko‘proq yangiliklar: