Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donetsk viloyatida jangovar harakatlar kuzatilayotgan boshqa hududlar kabi Pokrovsk yaqinidagi vaziyat ham «o‘ta og‘ir» ekanini aytdi. «Rossiyaning asosiy sa’y-harakatlari va eng katta kuchlari u yerda to‘plangan, hozir bizning har bir bo‘linmamizning barqarorligi, yo‘q qilish qobiliyatimiz hozir juda muhim», dedi u 28 avgust, chorshanba kuni kechki videomurojaatida.
Kursk viloyatida hujum davom etmoqda
Ukraina rahbari, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk viloyati hududida hujum operatsiyasi davom etishi va rossiyalik harbiy xizmatchilar asirga olingani haqida ma’lum qildi. «Biz Ukraina chegarasi yaqinidagi ma’lum hududlarda nazoratimiz hududini kengaytirishda davom etmoqdamiz, har kuni bo‘lgani kabi, almashish fondi to‘ldirilmoqda», dedi u Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi 917-kunida.
Zelenskiy Ukraina armiyasi tomonidan Rossiya hududida yuzaga keltirilgan «barcha keskinlik» Rossiya qurolli kuchlariga Donetsk viloyatiga qo‘shimcha kuchlar yuborishga imkon bermasligiga ishonch bildirdi.
Rossiyaning Kupyanskka havo hujumi
Bundan tashqari, Ukraina prezidenti Rossiyaning Xarkiv viloyati Kupyansk shahri markaziga boshqariladigan havo bombasi bilan bergan zarbasi natijasida qurbonlar haqida ma’lum qildi. Xarkiv viloyat prokuraturasining xabarida aytilishicha, hujum natijasida kamida 16 kishi, jumladan besh nafar politsiyachi yaralangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zarba FAB-500 aviabombasi bilan berilgan. Turar joy binolari, xo‘jalik inshootlari, avtomashinalar, do‘konlar, ma’muriy binolar va boshqa obektlar zarar ko‘rgan.