26 avgust kuni Rossiyaning Ukraina shaharlariga qilingan keng ko‘lamli raketa va dronlar hujumini qaytarish chog‘ida F-16 qiruvchi samolyoti halokatga uchragan — bu Amerika ishlab chiqargan samolyotlar Ukrainaga yetib kelganidan atigi uch hafta o‘tganida ro‘y berdi. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi samolyot qulagani, uchuvchi halok bo‘lganini tasdiqlagan. Halokat sabablari o‘rganilmoqda.
Avvalroq Wall Street Journal gazetasi o‘z manbasiga tayanib, samolyot dushman zarbasi oqibatida urib tushirilmagani, katta ehtimol bilan uchuvchi xatosi tufayli qulaganini xabar qilgandi.
Ukrainalik harbiylardan biri anonimlik sharti bilan BBC’ga Kiyev qabul qilgan F-16 qiruvchilaridan biri halokatga uchraganini tasdiqlagan. U shuningdek samolyot dushman zarbasidan qulamaganini aytgan, shu bilan birga WSJ suhbatdoshi aytganidek bunga uchuvchi xatosi sabab bo‘lganini ham inkor etgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy dushanba kuni Kiyev Rossiya raketa va dronlarini urib tushirish uchun ilk bor F-16 samolyotidan foydalanganini aytgandi.
Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari o‘shanda Rossiya qo‘shini Ukrainaga 236 ta havo hujumi qurollari — 127 ta raketa va 109 ta zarbdor dronlar bilan hujum qilganini ma’lum qilgan. Shundan 102 ta raketa, jumladan bitta «Kinjal», 99 ta dron urib tushirilgan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi OAVda tarqalgan xabardan keyin F-16 yo‘qotilganini tan oldi. Xabarda sanaga aniqlik kiritilmagan, ammo kontekstdan bilish mumkinki, gap 26 avgust kungi hujum haqida bormoqda.
«Havo janglari chog‘ida F-16 samolyotlari yuqori samaradorligini namoyish etdi, bort qurollari bilan dushmanning to‘rtta qanotli raketasi urib tushirildi, — deyilgan bayonotda. — Keyingi nishonga yaqinlashish chog‘ida samolyotlardan biri bilan aloqa uzildi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, samolyot halokatga uchragan, uchuvchi halok bo‘lgan».
Avariya sabablarini o‘rganish uchun maxsus komissiya tayinlangani aytilgan.
«Amerika ovozi»ning ukrain xizmati Ukraina havo kuchlaridagi anonim manbaga tayanib xabar berishicha, «turlicha versiyalar, jumladan o‘z havo hujumidan mudofaa kuchlarining „do‘stona zarbasi“, texnik nosozlik va uchuvchi xatosi kabilar ko‘rib chiqilmoqda».
Lutsk shahri meri Igor Polishchuk shu haftada uchuvchi Aleksey Mes o‘limi haqida xabar bergandi. F-16 halokati haqidagi xabardan keyin Ukraina havo kuchlari Mes 26 avgust kuni «Rossiyaning kombinatsiyalashgan raketa-aviatsiya zarbasini qaytarish chog‘ida» halok bo‘lganini tasdiqladi.
Mes F-16 samolyotlarida o‘qitilgan ilk ukrain uchuvchilaridan biri bo‘lgandi. Uning chaqiruv belgisi Moonfish bo‘lgan, Vashingtonga borgan va tez-tez OAVda chiqish qilib, qiruvchi samolyotlar berishga chaqirgan, deb yozadi WSJ. Ukraina havo kuchlari xabarida aytilishicha, bu uchuvchi o‘z hayotini qurbon qilish evaziga «uchta qanotli raketani hamda bitta zarbdor dronni yo‘q qilgan».
WSJ mualliflari fikricha, ukrainlarning oz sonli F-16 samolyotlaridan biri yo‘qotilgani haqidagi xabar AQSh prezidenti Jo Bayden o‘tgan yil Yevropa mamlakatlariga ushbu qiruvchilarni yetkazib berishga ruxsat berishidan oldin bir necha oy mobaynida ushbu samolyotlarni so‘rab kelgan Kiyev uchun jiddiy zarba bo‘ladi.
Kiyev g‘arbning ilg‘or samolyotlari jang maydonida ustunlik berishi, jumladan oldingi chiziqda rossiyaliklarning raketalarini yo‘q qilishi va qo‘shinlarni himoyalashiga umid qilgandi. Ammo F-16 samolyotlari rossiyaliklarning havo hujumidan mudofaa tizimi qarshisida ojiz va Moskva uchun qimmatli nishon hisoblanadi, deya yozadi nashr.
Avgust oyi boshida Zelenskiy g‘arb va’da qilgan F-16 samolyotlarining dastlabki partiyasi Ukrainaga yetib kelganini aytgandi. Ukraina yetkazib berilgan samolyotlar sonini ochiqlamagan, Amerikadagi manbalar esa oltita qiruvchi samolyot yetib kelganini bildirgan.
27 avgust kungi matbuot anjumani vaqtida Zelenskiy Ukraina Rossiya hujumini qaytarish uchun ilk bor F-16 samolyotlaridan foydalanilganini aytgandi, ammo ulardan biri yo‘qotilganini tilga olmagandi.
«Mazkur keng ko‘lamli kombinatsiyalashgan hujumda F-16 yordamida bir qancha raketalar va dronlarni urib tushirdik. Va hamkorlarga yetkazib berilgan F-16’lar uchun minnatdorchilik bildiramiz», — degandi u.