Rossiyada ishlab chiqarilgan neft mahsulotlari hajmi to‘liq maxfiylashtirildi

Jahon 09:53 / 29.08.2024 3165

Rossiya Federal davlat statistika xizmati (Rosstat) Rossiya Federatsiyasida neft mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha ma’lumotlarni nashr etishni butunlay to‘xtatdi. Bu haqda idoraning mamlakatda sanoat ishlab chiqarishi dinamikasi bo‘yicha e’lon qilingan hisobotida ma’lum qilindi, deb yozadi «Interfaks».

Jumladan, dizel yonilg‘isi, mazut, suyultirilgan propan va butan, ko‘mirdan koks va yarimkoksning oylik ishlab chiqarish hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlar endi e’lon qilinmaydi. Shuningdek, hisobotda barqaror gaz kondensatini ishlab chiqarish bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emas.

Shu bilan birga, Rosstat koks va neft mahsulotlari ishlab chiqarishning oylik dinamikasini nashr etishda davom etmoqda. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida bunday mahsulotlarni ishlab chiqarish iyun oyiga nisbatan 7,2 foizga oshgan, biroq 2023 yil iyuliga nisbatan 2,7 foizga kamaygan. 2024 yilning yetti oyi davomida Rossiya Federatsiyasida koks va neft mahsulotlarini ishlab chiqarish o‘tgan yil shu davriga nisbatan 3,2 foizga kamaydi, deyiladi hujjatda. 

Ma’lumotlarning yashirilishi «axborot xavfsizligi» bilan izohlangan 

Rosstat «neft mahsulotlarini ishlab chiqarish to‘g‘risidagi ma’lumotlar Rossiya hukumati qarori asosida chop etilmaganini» tushuntirdi. 

2023 yil aprel oyida Rossiya neft va gaz qazib olish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni nashr etishni to‘xtatdi va buni «neft mahsulotlari bozorining axborot xavfsizligi» bilan asosladi. Keyin Rossiya Federatsiyasida uglevodorod qazib olish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni e’lon qilishni taqiqlash 2025 yil 1 aprelgacha uzaytirildi. 

Nihoyat, may oyida benzin ishlab chiqarish bo‘yicha ma’lumotlarni nashr etmaslikka qaror qilindi. O‘shanda hukumat «hozirgi geosiyosiy voqealar fonida» bunday ma’lumotlarning oshkor etilishi «vijdonsiz ishtirokchilar tomonidan bozorni manipulyatsiya qilish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkinligidan» xavotirda ekanligini bildirdi. 

Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlardan keyin neft eksportini oshirdi

Ukraina dronlarining hujumlari tufayli neftni qayta ishlash zavodlarini yuklash bilan bog‘liq muammolar fonida Rossiya neft kompaniyalari mart oyida dengiz eksportini sezilarli darajada oshirdi, deb yozadi «Kommersant». Nashr keltirgan Kpler tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida neft eksporti 2023 yil may oyidan buyon eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan va kuniga 3,8 million barrelni tashkil etgan.

Yanvar va fevral oylarida Rossiya tankerlar orqali mos ravishda sutkasiga 3,5 million barrel va 3,3 million barrel eksport qildi. «Rossiya Ukraina uchuvchisiz uchoqlarining hujumidan keyin neftni qayta ishlash zavodlarida sodir bo‘lgan avariyalar tufayli o‘z quvvatlari bir qismi tugashi fonida neft eksportini sezilarli darajada oshirishga majbur», deb yozadi «Kommersant». 

Ko‘proq yangiliklar: