Rossiya 90 dan ortiq hindistonlikni aldab Ukrainaga jo‘natgan - «Dojd»

Jahon 11:53 / 29.08.2024 4226

28 avgust, chorshanba kuni kechqurun «Dojd» telekanali xabariga ko‘ra, 90 dan ortiq hindistonlik Ukrainada Rossiya tomonida jang qilish masalasida aldanib qolgan, ulardan kamida sakkiz nafari halok bo‘lgan va jasadlari hali ham o‘z vatanlariga qaytarilmagan. Telekanal bu haqda Hindiston parlamenti deputati Vikramjit Singx Sahnaybga tayanib ma’lum qildi.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina bilan urushga borib qolgan Hindiston fuqarolarining aksariyati ish bilan ta’minlash bahonasida Rossiyaga taklif qilinib, keyin esa tarjimonlarsiz Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majbur bo‘lmoqda. Shu bilan birga, odamlar ko‘pincha o‘sha joyga yetib borganidan keyingina frontda ekanini tushunadi.

«Dojd» telekanali Ukrainada o‘ldirilgan hindistonliklardan biri Ravi Munning ota-onasi bilan bog‘landi va ular o‘g‘lini Rossiya transport kompaniyalaridan biriga joylashtirishga va’da berganliklarini aytishdi, biroq Rossiyaga kelganidan so‘ng Mun oilasi bilan frontdan turib bog‘langan.

Iyul oyida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Moskvaga tashrifi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi chog‘ida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan hindistonliklarni demobilizatsiya qilish va yangi yollashlarning oldini olish borasida savollarni ko‘targan edi. Putin ikkala masalani hal qilishda yordam haqida va’da berdi, biroq bu hali ham Ukrainada jang qilayotgan hindlarning holatiga ta’sir qilmadi, deya ta’kidlaydi «Dojd».

Ko‘proq yangiliklar: