Pavel Durov otalik huquqidan mahrum etilgani ma’lum qilindi

Jahon 20:14 / 29.08.2024 10995

O‘zini Telegram asoschisi Pavel Durovning uch nafar farzandi onasi deya tanishtirib kelayotgan Irina Bolgarning ma’lum qilishicha, Shveytsariya sudi Durovni o‘z farzandlariga otalik huquqidan mahrum qilgan. Bolgarning aytishicha, ushbu qaror Jyenevadagi Bolalar va kattalar himoyasi tribunali tomonidan vasiylik organi o‘tkazgan o‘rganish natijalari bo‘yicha qabul qilingan.

Bolgarning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil oxirida Durov uni Shveytsariyadan BAAga ko‘chib o‘tishga majburlab, shart qo‘yganidan keyin sudga murojaat qilgan. «Bu vaqtda bizning shaxsiy munosabatlarimiz 2021-2022 yilda yuz bergan qator voqealar sabab deyarli to‘xtab bo‘lgan edi», — deydi ayol.

Bolgarning ta’kidlashicha, u ko‘chib o‘tishdan bosh tortganidan keyin Durov moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishni to‘xtatib qo‘ygan: oyiga 150 ming yevrogacha foydalanishi mumkin bo‘lgan bank kartalarini bloklagan, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z hisobi orqali ta’lim, sayohat va tibbiy xarajatlarni qoplashni to‘xtatgan.

«O‘zim va bolalarning huquqlarini qonuniy yo‘l bilan himoya qilishimni aytganimda, u bolalar bilan Yevropadagi immigratsiya hujjatlarini uzaytirish hamda yangilarini rasmiylashtirishga rozilik imzosini qo‘yishdan bosh tortdi. Tabiiyki, bu orqali bizning Yevropada qolishimizga imkoniyat qoldirmoqchi emas edi», — deydi Bolgar.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u «bolalarning administrativ hujjatlarini zudlik bilan mustaqil uzaytirish» maqsadida sudga murojaat qilgan. Bolgarning qo‘shimcha qilishicha, vasiylik organlari Durov bilan bog‘lanishga uringan, ammo u javob qaytarmagan.

Bolgar o‘ziga qo‘yilgan shart haqida Forbes jurnaliga batafsil so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, Durov moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishni to‘xtatganidan keyin ularning yashash sharoiti yomonlashgan. «Birinchi marta ekonom klass bilan uchganimizda bolalar [bunga qadar faqat shaxsiy samolyotda parvoz qilgan] «boshqa odamlar qayerdan kelib qolganini» so‘radi», — deydi ayol. Bolgarning so‘zlariga ko‘ra, ular ayol konsalting kompaniyadan ishlab topadigan 8,5 ming yevro maoshga yashamoqda.

Avvalroq Irina Bolgar ismli ayol Telegram asoschisi Pavel Durovni farzandiga nisbatan «jismoniy zo‘ravonlik ishlatganlikda» ayblab, Shveytsariya sudiga da’vo arizasi kiritgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Pavel Durov — ko‘p farzandli ota. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, biznesmenning kursdoshi Darya Bondarenko 2009 yilda Durovdan Alina ismli qiz, 2020 yilda esa Mixail ismli o‘g‘ilni dunyoga keltirgan. Durovning o‘zi 29 iyul kuni dunyoning 12 mamlakatida 100 dan ortiq bolaga biologik ota hisoblanishini aytgan edi. Durov ushbu bayonotni Irina Bolgar biznesmen uning uch nafar farzandini otasi ekani haqida gapira boshlaganidan keyin bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: