Moskvaning Vnukovo aeroportida tank shaklidagi radioaktiv haykalchani olib o‘tmoqchi bo‘lgan odam to‘xtatildi, deb xabar berdi Rossiya Federal bojxona xizmatiga tayanib RBK.
«Tank haykalchasi Vnukovo bojxonachilari tomonidan 2024 yil 19 yanvar kuni Toshkentdan kelgan O‘zbekiston fuqarosida borligi aniqlangan», deyiladi xabarda.
Qayd qilinishicha, erkak «yashil yo‘lak»dan o‘tganida «Yantar» radiatsiya monitoring tizimi ishga tushgan. Ko‘zdan kechirish chog‘ida bojxonachilar shaxsiy buyumlar ichida joylashgan sariq rangli metalldan yasalgan tank shaklidagi haykalcha topgan. Unga o‘rnatilgan soat yuzasida radioaktiv nurlanishning dozasi quvvati 6,16 mkZv/soatni tashkil etgan, bu me’yordan 56 baravar yuqori.
Taxminlarga ko‘ra, haykalchada radiy-226 radioaktiv moddasi mavjud. Haykalcha olib qo‘yilgan va radioaktiv chiqindilar bilan ishlashga ixtisoslashgan «Radon» kompaniyasi mutaxassislariga saqlash uchun topshirilgan.
Ish materiallari Ichki ishlar vazirligiga yuborilgani ta’kidlanmoqda.