Gretsiyada mashhur sayyohlik porti yuz minglab o‘lik baliqlar bilan to‘ldi

Jahon 18:33 / 29.08.2024 3420

Gretsiya hukumati markaziy Volos shahridagi sayyohlik portini qoplagan yuz minglab o‘lik baliqlarni yig‘ib olishni boshladi. Rasmiylarga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida 40 tonnadan ortiq o‘lik baliq yig‘ilgan, deb ta’kidlaydi The Guardian.

28 avgust kuni maxsus kemalar baliqlarni yig‘ishga tashlangan to‘rlarni tortib olib, ularni yuk mashinalariga ortgan. Aholi va rasmiylar baliqlarning badbo‘y hidi yaqin atrofdagi restoran va mehmonxonalarga yetib bormasidan ularni yig‘ishga shoshilmoqda.

Foto: AFP/Getty Images

“Bunday manzara kilometrlab masofaga cho‘zilgan”, — dedi shahar kengashi a’zosi Stelios Limnios.

Volos meri Axilles Beosning aytishicha, portdagi hidga chidab bo‘lmaydi. U hukumatni muammo shaharga yetib borgunicha hal qilmaganlikda aybladi. Merning so‘zlariga ko‘ra, chirigan baliqlar ushbu hududdagi boshqa baliq turlari uchun ekologik halokatga olib kelishi mumkin.

Bu muammo o‘tgan yili Fessaliya tekisligini bosgan tarixiy toshqinlar tufayli yuzaga keldi, deya hisoblamoqda mutaxassislar. Suv toshqini oqibatida yaqin atrofdagi ko‘l me’yoriy o‘lchamga nisbatan uch baravar kattalashgan.

Shundan beri ko‘ldagi suv sathi keskin pasaymoqda, bu esa chuchuk suvda yashovchi baliqlarni Pegasetik qo‘ltig‘i va Egey dengiziga quyiladigan Volos portiga ko‘chishga majbur qilyapti, ammo baliqlar bunday hududlarda yashay olmaydi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Volosga daryo suvi quyiladigan joyda himoya tarmog‘i o‘rnatilmagan. Baliq dengizga tushganidan so‘ng sho‘r suvda nobud bo‘lmoqda.

Mahalliy prokuratura tergov o‘tkazishga buyruq berdi.

Falokat Gretsiyadagi ekstremal ob-havo sharoitlarining so‘nggi ko‘rinishi deb atalmoqda. Olimlar buni iqlim o‘zgarishi, jumladan, haroratning ko‘tarilishi, o‘rmon yong‘inlari va suv toshqinlariga olib keladigan beqaror yog‘ingarchilik bilan bog‘lashmoqda.

Volosdan 10 kilometr uzoqlikdagi plyaj restorani egasi 33 yoshli Dimosfenis Bakoyannisning aytishicha, bu yozda uning biznesi 80 foizga qisqardi, chunki suv toshqinidan keyin restoranga tashrif buyuradigan sayyohlar kamayib ketgan.

Ko‘proq yangiliklar: